Tijorat banklari faoliyati tahlili
Mazkur kitob "Tijorat banklari faoliyati tahlili" fanidan tayyorlangan bo'lib, unda tijorat banklarining faoliyatini tahlil qilishning nazariy va amaliy asoslari, bank kapitali va uni boshqarish, bank majburiyatlari, aktivlari holati, daromadlari, xarajatlari, likvidliligi, moliyaviy natijalari hamda kredit portfeli va qimmatli qog'ozlar operatsiyalari tahlili kabi muhim mavzular chuqur yoritilgan. Kitob talabalarga tijorat banklari faoliyatini tahlil qilish asoslarini o'rganish, bank tizimini mustaqil tahlil qilish ko'nikmalarini shakllantirish, hamda nazariy bilimlarni amaliyotda qo'llashga yordam beradi. Kitobda mavzular bo'yicha nazorat va mustaqil ish topshiriqlari hamda testlar keltirilgan bo'lib, talabalarning bilimini baholashga qaratilgan.
Asosiy mavzular
- KIRISH: Bozor iqtisodiyoti sharoitida bank faoliyatining barqarorligi, uning raqobatbardoshliligi va istiqbollari ko'p jihatdan o'tgan davrda erishilgan natijalar va yo'l qo'yilgan kamchiliklarni aniqlashga bog'liq. Istiqbolni belgilash tahlilga asoslanmog'i lozim. "Tijorat banklari faoliyati tahlili" fani bank faoliyati bilan bog'liq bo'lgan jarayonlarni uzluksiz ravishda o'rganadi. O'rganishda ko'rsatkichlarni guruhlash, taqqoslash, bog'lash, induksiya, deduksiya, sintez, korrelyatsion – regression tahlil kabi usullardan foydalaniladi. Tahlil natijasida erishilgan yutuqlarning sabablari, faoliyatning samarali va samarasiz qirralari o'rganiladi hamda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarni hal qilish bo'yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish imkoniyatlari yaratiladi. Tahlil jarayoni faoliyatning asosiy yo'nalishlarini qamrab oladi va u bankning likvidliligi, daromadliligini oshirish va mijozlar ishonchini qozonishga asos bo'ladi.
- 1-mavzu. Tijorat banklari faoliyati tahlili fanining predmeti va vazifalari: Fan nazariy asoslari, bankning o'ziga xos xususiyatlari, bank balansi tahlili, faoliyatni tahlil qilishning zarurligi va ahamiyati, usullari, bank kapitani va uning tarkibiy jihatlari, bank majburiyatlari, aktivlari, daromadlari, xarajatlari, moliyaviy natijalari, likvidliligi va to'lovga layoqatliligi tahlili kabi mavzularni o'z ichiga oladi.
- 2-mavzu. Bank kapitali va uni boshqarishni tahlil qilish: Bank kapitalining tarkibi va mohiyati, uning hajmi va unga ta'sir etuvchi omillar, birinchi va ikkinchi darajali kapital tahlili, bank kapitalining barqarorligi va samaradorligi ko'rsatkichlari, kapitallashuv darajasi, milliy valyuta kursining o'zgarishi va boshqa omillarning ta'siri o'rganiladi.
- 3-mavzu. Bank majburiyatlarini tahlili: Bank majburiyatlarining tarkibiy tuzilishi, muddatlari bo'yicha tahlili, ularga ta'sir etuvchi omillar, majburiyatlarni o'z vaqtida bajarilishi, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida majburiyatlar barqarorligini ta'minlash o'rganiladi.
- 4-mavzu. Tijorat banklari aktivlari holati va ulardan foydalanish tahlili: Bank aktivlarining mohiyati va tahlil vazifalari, aktivlar tarkibini tahlil qilish, daromadlilik, risklilik jihatlari, samarali foydalanish yo'llari va koeffitsientlari tahlil qilinadi.
- 5-mavzu. Tijorat banklarining kredit operatsiyalari va kredit portfeli tahlili: Kreditning mohiyati va turlari, mijozlarning kreditga layoqatliligini hisoblash usullari, kredit portfelini tahlil qilish, diversifikatsiyasi, ta'minlanganligi, hajmi va aylanuvchanligi, foizlarning hisoblanishi va undirilishi, kredit monitoringi, muammoli kreditlar tahlili hamda kredit resurslaridan samarali foydalanishning tahlili o'rganiladi.
- 6-mavzu. Tijorat banklarining qimmatli qog‘ozlar operatsiyalari tahlili: Tijorat banklarining qimmatli qog‘ozlar operatsiyalari mohiyati, turlari, holati va tarkibining tahlili, anderrayting va brokerlik operatsiyalari, REPO bitimlari, investitsiyalar, daromadlar va xarajatlar tahlili o'rganiladi.
- 7-mavzu. Bank daromadlari va xarajatlarini tahlili: Bankning asosiy operatsiyalari bo'yicha sof daromadlar, foizli va foizsiz daromadlar, bank operatsiyalarining daromadliligi, bank daromadlariga ta'sir etuvchi omillar, bank xarajatlari tarkibi, foizli va foizsiz xarajatlar, bank xarajatlarini kamaytirish yo'llari va rentabellik ko'rsatkichlari tahlil qilinadi.
- 8-mavzu. Tijorat banklari likvidliligi va uni tahlil qilish: Bank likvidligining mohiyati va ahamiyati, likvidlikka ta'sir qiluvchi tashqi va ichki omillar, likvidlilik koeffitsientlari, to'lovga layoqatlilik, iqtisodiy normativlarga rioya qilish va ularning tahlili o'rganiladi.
- 9-mavzu. Tijorat banklarining moliyaviy natijalari tahlili: Tijorat banklarining moliyaviy natijalarining shakllanishi, baholash ko'rsatkichlari, foydasi, rentabellik (foydalilik) ko'rsatkichlari, kapital va aktivlar rentabelligi, foydani oshirish yo'llari, moliyaviy holatini va barqarorligini baholash tizimi, CAMEL(S) tizimi va ularning tahlili o'rganiladi.