Anatomiya I Jild
Ushbu darslik "Anatomiya I" O‘zbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta maxsus ta'lim vazirligi hamda Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan umumiy amaliyot shifokori tayyorlash o'quv dasturi asosida tayyorlangan bo'lib, unda kattalar anatomiyasi bilan birga a'zo va tizimlarning taraqqiyoti, bolalikning turli davrlarida kuzatiladigan yoshga xos o'zgarishlari haqidagi ma'lumotlar ham kiritilgan. Darslik tibbiyot institutlarining barcha yo'nalishi talabalari uchun mo'ljallangan.
Asosiy mavzular
- KIRISH: Odam anatomiyasi odam organizmining shakli va tuzilishini, uning rivojlanish jarayoni, ayni vaqtda har bir a'zoning jinsiy jihatdan va yoshga qarab bo'lgan tafovutlari, shuningdek tashqi muhitning a'zolar tuzilishi hamda faoliyatiga ta'sirini o'rganadi. Anatomiya grekcha (anatome) kesaman degan ma'noni anglatadi. Odam organizmining tuzilishida yoshga xos, jinsiy va shaxsiy xususiyatlar ajratiladi. Bolalik va o'smirlik davrida organizm to'liq yetilmagan, to'qima elementlari to'la-to'kis takomillashmagan bo'ladi. Anatomiya odam organizmini bir butun holda o'rganadi, chunki organizm koʻpgina a'zolardan iborat bo'lib, ular nerv va qon tomirlar tizimi vositasida o'zaro bog'langan. Tibbiyotda anatomiya fanini bilish nihoyatda zarur. Chunki "Anatomiya va fiziologiya" tibbiy ilm poydevorini tashkil qiladi. Shuning uchun organizmning me'yoriy holatini funksional anatomiya oʻrganadi. Talabalarning anatomiya fanini o'rganishida kuzatish va tasavvur qilish asosiy usuldir. Anatomiyani o'rganishda organizmning tuzilishi, qismlarining nomlari, anatomik terminlarni eslab qolish muhim boʻlmay, balki uning joylashuvi hamda faoliyatini ham bilish va tasavvur qilish kerak. Anatomiyani regional va tizimli ravishda oʻrganish mumkin.
- Anatomiya oʻrganish usullari: Anatomiya, asosan, tirik odamda oʻrganiladi. Ammo uning alohida a'zolari va tizimlarining murakkab tuzilishini bilish uchun uni yorib, preparovka qilish kerak. Bunday tekshirishlarni tirik odamda bajarib bo'lmagani uchun anatomlar uni murdalar va alohida anatomik prepatlarda o'rganadilar. Shuning uchun bunday holatlarda lotincha "mortuivivosdociunt" ya'ni "o'liklar tiriklarni oʻqitadi" degan ibora ayni haqiqatdir. Anatomiyada odamning murakkab organizmini oʻrganish uchun turli xil usullardan foydalaniladi. Murdalarda kesib preparatlar tayyorlash usuli, butun murdani yoki alohida a'zolarni balzamlash, tana qismlarini yoki a'zolarni piragov usuli bilan kesish, inyeksiya usuli, korroziya yoki yemirish usuli qo'llaniladi. Tirik odamda antropometriya, rentgenoskopiya va rentgenografiya usullari qo'llaniladi.
- Anatomiya fanining qisqacha tarixi: Anatomiya fani boshqa fanlar qatori juda uzoq rivojlanish yo'lini bosib oʻtdi. Ammo qadimda odam murdasini kesib o'rganish gunoh hisoblangan. Anatomiyaning haqiqiy rivojlanish davri qadimiy Yunonistondan boshlangan. Kos va Knidos tibbiyot maktablari tashkil etilib, unda ko'pchilik yunon olimlari tahsil olganlar. Qadimgi yunon olimlari, oʻrta asr olimlari va Uyg'onish davri olimlarining anatomiya faniga qo'shgan hissasi haqida so'z boradi. Jumladan, Gippokrat, Aristotel, Gerofil, Erazistrat, Klavdiy Galen, Abu Bakr Ar-Roziy, Abu Ali ibn Sino, Ibn al Nafis kabi olimlar haqida ma'lumot berilgan.
- Yosh davrlari: Odam organizmi taraqqiyotida ikki davr: prenatal (tugʻulguncha) va postnatal (bola tug'ulganidan keyingi) tafovut qilinadi. Prenatal davr ikkiga boʻlinadi: embrion davri va homila davri. Bola tug'ilganidan keyingi postnatal davrda organizm bir-biridan toʻqima va a'zolarning takomillashuvi bilan farq qiluvchi bir necha taraqqiyot davrlarini o'tadi. Yosh davrlarining tasniflari turli xil o'lchovlarga asoslangan. Kitobda "yoshli morfologiya, fiziologiya va biokimyo muommolari boʻyicha o'tkazilgan VII anjumanda qabul qilingan tasniflash" qo'llanilgan. Unga asosan bolalik quyidagi davrlarga boʻlinadi: Yangi tug'ilgan chaqaloq, Emizikli davr, Erta bolalik davri, Bolalikning 1 davri, Bolalikning 2 davri, Balogʻat davri, Oʻsmirlik davri. Har bir davrning oʻziga xos xususiyatlari, bola tanasining o'lchamlari va shakli haqida ma'lumot berilgan.
- Sathlar haqida tushuncha va anatomik nomlanish: Anatomiya-da a'zolar va ularning qismlarini boʻshliqdagi holatini aniqlashda oʻzaro perpendikular joylashgan sagittal, frontal va gorizontal sathlardan foydalaniladi. Gavda qismlari va a'zolarning joylashishini aniqlashda anatomik atamalar tarkibiga kiruvchi quyidagi nomlardan foydalaniladi: medialis, lateralis, intermedius, internus, exter- nus, profundus, superficialis. Qo'l va oyoqning qismlarini tanaga nisbatan proximalis va distalis terminlari bilan ifodalanadi. Qo'l va oyoqning qismlarini tanaga nisbatan proximalis va distalis terminlari bilan ifodalanadi. Shuningdek, tana boʻylab vertikal yoʻnalgan shartli chiziqlar ham oʻtkaziladi.
- Odam organizmining tuzilishi: Organizm-bu o'zini oʻragan tashqi muhit bilan modda almashi-nish, o'sish va koʻpayish xususiyatiga ega boʻlgan yuqori tabaqadagi oqsil moddalarning murakkab yig'indisidir. U tarixiy tuzilishga ega bir butun, doimo o'zgarib turuvchi, o'ziga xos tuzilishga va taraqqiyotga ega tizim. Organizm hujayralar, toʻqimalar, a'zolar va suyuq moddalardan tuzilgan. Hujayra tirik organizmning elementar zarrachasi va organizm hayot faoliyatining asosi. Toʻqimalar bir xil kelib chiqishi, tuzilishi va faoliyati bilan bir-biriga bog'liq bo'lib, to'rt turga bo'linadi: epiteliy, biriktiruvchi, mushak va nerv to'qima. A'zolar organizmning ajralmas bir qismi boʻlib, ular ma'lum bir shaklga ega va ma'lum bir vazifani bajaradi. Organizmni tashqi muhitga moslashtiradi. A'zolar organizmdan tashqarida hayot kechira olmaydi. Odam organizmida quyidagi a'zolar tafovut qilinadi: 1.Organizmda moddalar almashinuvini ta'minlovchi a'zolar. 2.Ko'payish yoki jinsiy a'zolar. 3.Qon aylanish va limfa tizimi a'zolari. 4.Endokrin (ichki sekretsiya) a'zolar. 5.Organizmni tashqi muhitga harakat vositasida moslovchi a'zolar. 6.Sezgi a'zolari. 7.Nerv tizimi. Organizmdagi butun bir vazifani birgalikda bajaruvchi a'zolar o'zaro birlashib, a'zolar tizimini hosil qiladi. Quyidagi a'zolar tizimi tafovut qilinadi: Tayanch-harakat a'zolar tizimi, Ichki a'zolar tizimi, Ichki sekretsiya bezlari tizimi, Yurak-qon tomirlar va limfa tomirlar tizimi, Nerv tizimi, Sezgi a'zolari tizimi.
- TAYANCH-HARAKAT A'ZOLARI TIZIMI: Odam organizmining asosiy vazifalaridan biri uning harakat qilish qobiliyatidir. Bu harakat suyaklar va mushaklar ishtirokida ro'y beradi. Tayanch-harakat apparati faol harakatchan qism - mushaklar va nofaol qism - suyaklar hamda ularning oʻzaro qo'shilishidan iborat. Tayanch - harakat a'zolar tizimi organizmning ko'p qismi (gavdaning umumiy og'irligini 72,5 %i) ni tashkil qiladi. Osteologiya – suyaklarning tuzilishini o'rganadi. Organizmning qattiq asosini hosil qiluvchi suyaklar majmui skeletdir. Skelet (skeleton, grekcha – skeletos) quritilgan degan so'zdan olingan. U 200 dan ortiq alohida suyakdan iborat. Skeletning og'irligi 5 – 6 kg boʻlib, erkaklarda u gavda umumiy og'irligining 10% ini, ayollarda 8,5% ini tashkil qiladi. Skeletni ikki qism: oʻq skeleti va o'siqcha skeletiga boʻlish mumkin. O'q skeleti kalla suyaklari, umurtqa pog'onasi, qovurg'alar va to'sh suyagidan iborat bo'lsa, o'siqcha skeleti qo'l va oyoq suyaklaridan tashkil topgan. Skelet tayanch-harakat, himoya va biologik vazifalarni bajaradi. Suyaklarning tasniflanishi: Naysimon suyaklar (uzun va kalta), G'ovak suyaklar (uzun va kalta), Yassi suyaklar, Aralash suyaklar, Havo saqlovchi suyaklar.
- Umurtqa pog'onasi: Tana skeleti umurtqa pog'onasi (columna vertebralis) va koʻkrak qafasi (cavea thoracis) dan iborat. Umurtqa pog'onasi 33 - 34 ta (7 ta boʻyin, 12 ta koʻkrak, 5 ta bel, 5 ta dumg'aza va 3 – 5 ta dum) umurtqalardan hosil bo'lgan. Umurtqa pog'onasining o'rtacha uzun-ligi erkaklarda 73-75 sm, ayollarda esa 69-71 sm boʻladi. Odamning umurtqa pog'onasi tana uchun o'q skeleti bo'lib, tayanch vazifasini bajaradi, shuningdek umurtqa kanalida joylashgan orqa miyani muhofaza qilib turadi va tana hamda kallaning harakatida faol qatnashadi. Umurtqa (vertebra) umurtqa tanasi (corpus vertebrae) va umurtqa ravogʻidan (arcus vertebrae) iborat. Umurtqa tanasi oldinga qaragan bo'lib, asosiy ogʻirlikni koʻtarib, tayanch vazifasini bajaradi. Umurtqa ravogʻi tananing orqasida joylashib, tana bilan ikkita umurtqa ravogʻining oyoqchasi (pedunculus arcus vertebrae) vosi-tasida birikib, umurtqa teshigini (foramen vertebrale) hosil qiladi. Barcha umurtqa teshiklarining o'zaro qo'shilishidan hosil bo'lgan umurtqa kanali (canalis vertebralis) yuqorida kalla suyagi bo'shlig'i bilan qo'shiladi. Umurtqa kanalining ichida orqa miya va uning pardalari yotadi. Umurtqa ravog'ida mushaklar birikadigan o'siqchalar bor.
- Ko'krak umurtqalari: Ko'krak umurtqalari (vertebrae thoracicae) 12 ta boʻlib, ularning tanasi (tepadan pastga tomon) hajm jihatdan kattalashib boradi. Umurtqa teshigi boyin umurtqalariga nisbatan kichik va yumaloq shaklda bo'ladi. Ko'krak umurtqalarining o'ziga xos xususiyatlaridan biri ularda qovurg'alar boshi bilan birikadigan qovurg'a chuqurchalari borligidir. II-IX koʻkrak umurtqalari tanasining orqa yon tomonida oʻng va chap ustki va pastki qovurg'a chuqurchalari (fovea costalis superior et inferior) boʻladi. Bundan I umurtqa mustasno boʻlib, tanasining yuqori qirrasida 1- qovurg'a uchun bitta butun qovurg'a chuqurchasi (fovea costalis superior), tanasining pastida 2-qovurg'a chuqurchasi (fovea costalis inferior) boʻladi.
- Bel umurtqalari: Bel umurtqalari (vertebrae lumbales) 5 ta (14-rasm) boʻlib, ularga og'irlik ko'p tushgani uchun tanasi kattalashgan va loviyasi-mon shaklda boʻladi. Umurtqa teshigi uchburchak shaklida bo'ladi. Ko'ndalang o'siqchasi rudiment holidagi qovurg'a bo'lgani uchun qovurg'a o'simtasi (processus costiformis) deyiladi. Bu o'simtaning orqa yuzasining asosida qo'shimcha o'siqcha (processus accessorius) bor. Oʻtkir qirrali o'siqchasi qisqa, yassi, uchi qalinlashgan va orqaga qaragan. Bo'g'im osiqchalari yaxshi rivojlangan, ularning bo'g'im yuzalari sagittal sathda joylashib, ustki bo'g'im o'siqchada medial tomonga, ostkisida esa lateral tomonga qaragan. Ustki bo'g'im o'siqchasining yon tomonida uncha katta bo'lmagan so'rg'ichsimon o'siqcha (processus mamillaris) bor.
- Dumg'aza va dum suyaklari: Dumg'aza umurtqalari (vertebrae sacrales) 5 ta boʻlib, o'smirlik davrida oʻzaro birikib, uchburchak shaklidagi bitta butun dumg'aza suyagini (os sacrum) hosil qiladi. Dumg'aza suyagining asosi (basis ossis sacri) yuqoriga, dumg'aza cho'qqisi (apex ossis sacri) esa pastga va oldinga yo'nalgan. Dumg'azaning orqa yuzasi g'adir-budur bo'rtib chiqqan. Unda umurtqa o'siqchalarini qo'shilishidan hosil bo'lgan beshta bo'ylama qirra bor. Dumg'aza umurtqalarining teshiklari oʻzaro qo'shilib, dumg'aza kanalini (canalis sacralis) tashkil etadi. Dum umurtqalari (vertebrae coccygeae) 4 – 5 ta boʻlib, odamda qoldiq (rudimentar) umurtqalar hisoblanadi. Ular katta odamda suyaklanib uchburchak shaklidagi dum suyagini (os coccygis) hosil qiladi.
- Qovurg'alar: Qovurg'alar (costae) 12 juft boʻlib, orqa tomondan ko'krak umurtqalarining tanasiga birikadi. Har qaysi qovurg'a ikki qismdan iborat. Uning orqa uzun qismi suyakdan (os costale), oldingi qisqa qismi tog'aydan (cartilago costalis) tuzilgan. Tog'ay qismlari bilan to'sh suyagiga birikadi va chin qovurg'alar (costae verae) deb ataladi. VIII-X juft qovurg'alar tog'ayi to'sh suyagiga yetib bormay, yettinchi qovurg'a tog'ayiga birikkani uchun soxta qovurg'alar (costae spuriae) deyiladi. XI-XII juft qovurg'alar togʻayi qisqa boʻlib, hech qayerga birikmay ular qorin mushaklari orasida erkin joylashadi va yetim qovurg'alar (costae fluctuantes) deb ataladi. Har bir qovurg'aning (17-rasm) orqa uchida qovurg'a boshchasi (caput costae) boʻlib, unda ko'krak umurtqalari tanasidagi qovurg'a chuqurchasi bilan bo'g'im hosil qiladigan qovurg'a boshchasining bo'g'im yuzasi (facies articularis capitis costae) bor.
- Toʻsh suyagi: Toʻsh suyagi (sternum) frontal sathda joylashgan yassi suyak (18-rasm). Unda 1) yuqorigi qismi – tosh suyagi dastasi; 2) oʻrta qismi - tosh suyagi tanasi; 3) pastki qismi -xanjarsimon o'siqcha tafovut qilinadi. To'sh suyagi dastasi (manubrium sterni) uning kengaygan va qalin qismidir. Dastaning yuqori chekkasida uncha chuqur boʻlmagan boʻyinturuq kemtigi (incisura jugularis), uning yon tomonlarida esa oʻmrov suyagi birikadigan oʻmrov oʻymasi (incisura clavicularis) joylashgan. Undan pastda to'sh suyagi dastasining yon tomonlarida I qovurg'a togʻayi birikadigan oʻyma (incisura costalis I) bor. Dastaning pastki chekkasida II qovurg'a uchun yarim oʻyma boʻlib, toʻsh tanasidagi yarim oʻyma bilan qo'shilib II qovurg'a oʻymasini hosil qiladi. Tosh suyagi dastasi bilan tanasi qo'shilgan joyda to'sh suyagi burchagi (angulus sterni) hosil boʻladi.
- Qo'l skeleti: Odamning qo'l skeleti ikki qismdan: yelka kamari qismi va qo'lning erkin harakatchan qismi suyaklaridan tashkil topgan. Qo'lning barcha suyaklari (o'mrov suyagidan tashqari) taraqqiyotining uch davrini oʻtadi. Yangi tug'ilgan chaqaloqning qo'li tanaga nisbatan kalta boʻlib, oyoqqa nisbatan uzundir. Ularning qo'lida kattalarga xos bo'lgan qismlar: yelka kamari va qoʻlning erkin harakatchan qismi suyaklari bor. Yelka kamari suyaklari: oʻmrov va kurak suyagi. Qo'lning erkin harakatchan qismi suyaklari uch qismga boʻlinadi: proksimal qismi – yelka suyagi, oʻrta qismi – bilak suyaklari (bilak suyagi va tirsak suyagi), distal qismi kafti suyaklari (kaft usti sohasi suyaklari, qo'l kafti suyakari va barmoq suyaklari).
- Yelka suyagi: Yelka suyagi (humerus) uzun naysimon suyaklar turkumiga kiradi (23-rasm). Unda yelka suyagining tanasi (corpus humeri) va 2 ta: yuqorigi (proksimal) va pastki (distal) uchlari tafovut qilinadi. Uning yuqorigi uchida ichkariga va biroz orqaga qaragan sharsimon yelka suyagining boshchasi (caput humeri) bor. Yelka suyagining birinchi suyaklanish nuqtasi homila hayotining 8-haftasida uning diafizida paydo boʻladi. Yangi tug'ilgan chaqaloq yelka suyagi nisbatan qisqa, uchlari katta bo'ladi. Suyak tanasining katta, kichik do'mboqchalari va ularning qirrasidan boshqa qismlari suyaklanib bo'lgan. Suyak iligi kanali hosil bo'lmagan. Tana relyefi yaxshi bilinmaydi.
- Bilak suyaklari: Bilak sohasi ikkita suyakdan: medial tomonda joylashgan tirsak suyagi va lateral tomonda joylashgan bilak suyagidan iborat. Bu suyaklar shunday egilganki, ular parallel yo'nalganiga qaramay, faqat uchlaridagina bir-biriga tegadi. Ularning tanasi orasida bilakning suyaklararo bo'shlig'i hosil boʻladi. Bilakning har bir suyagi tanasi va ikki uchidan iborat. Suyak tanalari uch qirrali shaklga ega. Ular uchta yuza va uchta qirradan iborat. Bitta yuzasi orqaga, ikkinchisi oldinga, uchinchisi bilak suyagida lateral, tirsak suyagida medial tomonga qaragan. Uchta qirradan bittasi o'tkir bo'lib, oldingi yuzani orqa yuzadan ajratib turadi va suyaklararo bo'shliqqa qaragan. Bugacha davom etadi suyaklararo qirra. Umumiy belgilardan tashqari bilakning har bir suyagi o'ziga xos xususiyatlarga ega.