Psixolingvistika.
Ushbu kitob o'zbek tilshunosligida matnni psixolingvistik jihatdan tahlil qilishga bag'ishlangan. Unda matn yaratilishi va uning idroki jarayonlari, psixolingvistik hodisalar, metaforalar, lingvokulturologiya va diskurs tahlili kabi mavzular atroflicha yoritilgan. Kitobda V.Gumboldt, A.A.Leontev, N.I.Jinkin, E.S.Kubryakova, V.P.Belyanin kabi dunyoga mashhur lingvistlarning nazariy qarashlari va tadqiqotlari keltirilgan. O'zbek tilshunosligida ushbu soha bo'yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar ham tahlil qilingan. Kitobning asosiy maqsadi – nutqiy faoliyatning umumiy qonuniyatlarini, uning psixolingvistik jihatlarini, shuningdek, matn va tilning o'zaro aloqadorligini ochib berishdan iborat.
Asosiy mavzular
- Psixolingvistika — nutqiy faoliyat haqidagi fan: Ma'lumki, dunyo tilshunosligida matnga dastlab, asosan, semantik va sintaktik nuqtai nazardan yondashilgan. Keyingi yillarda, xususan, XXI asr boshlaridan matnni lingvokulturologik, pragmatik, sotsiolingvistik, kognitiv va psixolingvistik tamoyillar asosida tadqiq etish tendentsiyasi kuchaydi. Unga faqat semantik-sintaktik jihatdan bog'langan gaplar yig'indisi sifatida emas, balki ijtimoiy qimmatga ega bo'lgan muloqot shakli, o'zida muayyan til sohiblarining bilimlarini, lisoniy tafakkurini, milliy psixologiyasi va mentalitetini aks ettiruvchi mental qurilma sifatida qarala boshlandi. Antropotsentrik paradigmaning shakllanishi til sohibi — so'zlovchi shaxs omilini tadqiq etish bilan bog'liqdir. Tilshunoslikda antropotsentrik burilishning yuzaga kelishi strukturalizmning tilni tadqiq etishning “o'zida va o'zi uchun" tamoyilini chetga surib, asosiy e'tiborini shaxs omiliga qaratdi.
- Psixolingvistikaning shakllanishi va rivojlanishi: Bugungi kunda ko'plab tadqiqotchilar XXI asrni fanlar integratsiyasi asri deb hisoblamoqdalar. Muayyan ob'ekt mohiyatini yoritishda fanlararo hamkorlik o'z natijalarini bermoqda. Bu kabi yondashuvdan murakkab mavjudot bo'lgan shaxs fenomenining nutqiy faoliyatini tadqiq etishda ham foydalanish eng to'g'ri yo'ldir. Zero, inson nutqi uning o'zi kabi murakkab va ko'p qirrali hodisa hisoblanadi. Bu borada tilshunoslik sohalarining hamkorligi o'z samaralarini berishi shubhasizdir.
- Amerika psixolingvistik maktabi: bixeviorizm, neobixeviorizm 4-mavzu. J. Miller va N. Xomskiy transformatsion maktabi: Nutqiy faoliyat jarayon sifatida qadimdan faylasuflarning tadqiqot ob'ektiga aylangan. Qadimgi Misr obidalarida qayd etilgan "Til yurakdagi fikrni takrorlaydi" iborasini tilning ruhiyat bilan chambarchas bog'liqligi va uning mahsuli sifatida nutqda reallashishi haqidagi ilk ta'rif deyish mumkin. Keyinchalik bu fikrlar antik davr faylasuflari tomonidan rivojlantirildi. Ular til va nutqni farqlab, nutqni so'zlash jarayoni tarzida baholadilar.
- Til va tafakkurning o'zaro aloqasi: Ma'lumki, til va tafakkur bir-biridan ajralmas va chambarchas bog'liq hodisadir. Til tafakkurning ifoda shakli va yashash formasi sifatida inson ongining shakllanishida ham muhim o'rin tutadi. Abstrakt tafakkur til tufayligina voqe bo'ladi. Tilning mavjudligi tafakkurning umumlashtiruvchi faoliyatining eng zaruriy shartidir.
- Nutq yaratilishi jarayonining psixolingvistik talqini: Nutq yaratilishi hodisasi til ilmi bilan shug'ullanuvchi tadqiqotchilar uchun hamma vaqt birdek dolzarb masala bo'lib hisoblangan. Bugungi kunda ushbu masalaga bag'ishlangan ko'plab tadqiqotlar yuzaga kelgan. Hech bir istisnosiz aytish mumkinki, nutq yaratilishi nazariyasining alohida yo'nalish sifatida shakllanishi omillari til va nutq hodisalarining ajratilishiga borib taqaladi.
- Matnni psixolingvistik tahlil qilish: Matnni psixolingvistik tahlil etish haqidagi ayrim tadqiqotlarda uning kreollashtirilganlik, shakliy uzilish hamda interpretativlik xususiyatlari ham e'tiborga olinishi lozimligi ta'kidlanadi. Kreollashtirilganlik (rus tilida: kreolizovannost) – retsipientga ta'sir o'tkazish maqsadida verbal hamda noverbal shakllarning uyg'unlashtirilishi tushuniladi.
- Matnning lingvokulturologik tadqiqi: Antropotsentrik tilshunoslikning yetakchi yo'nalishlaridan biri hisoblangan lingvokulturologiya (lot. lingua – til + lot. cultura – ishlov berish + yun. logos – ta'limot) tilshunoslik, madaniyatshunoslik, etnografiya, psixolingvistika sohalari hamkorligida yuzaga kelgan, tilning madaniyat, etnos, milliy mentallik bilan o'zaro aloqasi va ta'sirini antropotsentrik paradigma tamoyillari asosida o'rganuvchi sohadir.