Перспектива

Ushbu o'quv-uslubiy qo'llanma oliy ta'lim muassasalarining perspektiva kursi o'rganiladigan bakalavriat ta'lim yo'nalishi talabalari uchun amaldagi fan dasturida tuzilgan. Qo'llanmada talabalarining individual variantlari bo'yicha mustaqil vazifalarini bajarish bo'yicha ko'rsatmalar va fan mazmunini yoritib beruvchi grafik ishlarni taxt qilish namunalari keltirilgan.

Asosiy mavzular

  • So'z boshi: Muhandislik grafikasiga oid barcha fanlardan yetuk mutaxassis boʻlish, to'laqonli bilimni egallash uchun talabadan amaliy ish bajarish talab etiladi. Amaliy ish sifatida turli mazmundagi grafik vazifalar beriladi. Ushbu grafik vazifalarni mustaqil bajargan talabada fanga doir tushunchalar shakllanadi va uning grafik savodxonligi oshadi. Perspektivadan sessiya oralig'i vazifalari mazmuni tarkibida ham grafik vazifalar to'plami bo'lib, u talaba bilimini baholashda asosiy o'rinni egallaydi. Har bir grafik vazifa bo'yicha talabalarga alohida variantlar beriladi. Bu yerda obyekt perspektivasini arxitektorlar, radial, toʻrlar usullarida yasash, interyer perspektivasini qurish va nihoyat obyekt perspektivasida uning shaxsiy hamda tushuvchi soyalarini aniqlash kabi beshta grafik vazifa oʻrin olgan. Xar-bir grafik ish topshiriqlari variantdan bittasini bajarish namunasi va namunani bajarishga doyr metodik kursatma, xamda boshqa variantlarning topshiriqlari (1-5 jadvalda) berilgan.
  • Grafik ishlar formatlarda bajarilishi: Ushbu metodik qo`llanmada berilgan 1,2,3,4,5 grafik ish topshiriqlari A2 (594x840mm) formatli chizma qog`oz listlarida bajariladi. Chizma qog`ozning chap tomonidan 20 mm masofadan ramka chizig'i o'tkaziladi. Qolgan tomonlari chetlaridan 5 mm dan masofa qoldirib ramka chiziladi. Ungdagi pastki burchakda ramkaga jipslashtirib asosiy yozuv (burchak shtampi) ulchamlari va undagi yozuv maketi quyida keltirilgan (1-shakl).
  • Arxitektorlar usuli: Arxitektorlar bu usuldan oʻzlarining faoliyatlarida keng foydalanadilar. Arxitektorlar usulida perspektiv tasvir oʻzaro parallel boʻlgan gorizontal toʻgʻri chiziqlarning tushish nuqtalari orqali yasaladi. Shuningdek, ushbu usul yordamida yuqori grafik aniqlik ta'minlanadi. Arxitektorlar usulidan unumli foydalanish uchun chizma qog'ozi chegarasida oʻzaro parallel toʻgʻri chiziqlarning kamida bitta tushish nuqtasi boʻlishi kerak. Agar ko'rish nuqtasi ob'yektning asos tekisligiga yaqin qilib olinsa, u holda obyekt planining perspektivasini yasash qiyinlashadi. Ya'ni plandagi xarakterli nuqtalar noaniq topiladi. Bunday noqulayliklardan qutilish uchun ob'yekt asosi joylashgan gorizontal tekislik shartli ravishda pastga tushiriladi yoki yuqoriga koʻtariladi. Soʻngra ob'yekt asosining perspektivasi tushirilgan yoki koʻtarilgan holda yasalib, oʻz oʻrniga qayta qo'yiladi. Bu usul "plani tushirilgan" usul deyiladi. Uyg'onish davrining arxitektorlari va rassomlaridan Filippo Brunelleski, Gvido, Ubaldi va boshqalar arxitektorlar usuliga asos solgan boʻlsa, XVII asr oxiri XVIII asr boshlarida yashagan Andrea Passo (1642-1709) "plani tushirilgan” va “yon devor" usullarini taklif qilgan. Binoning ko'rkam va hashamatli ko'rinishini ta'minlash uchun ufq (gorizont) chizig'i kartina tekisligining pastroq qismidan oʻtkaziladi. Ana shunday ob'yekt planining perspektivasi "plani pastga tushirilgan", uning balandligini perspektivasi esa "yon devor” usullari yordamida yasaladi.
  • To'rlar usuli: Katta maydonga ega boʻlgan tuzilishi turli yo'nalishdagi chiziqlardan, egri chiziqli koʻrinishlardan tashkil topgan ob'ektlarni gorizont chizig'ini ancha yuqoridan olib, perspektiv tasvirini qurishda arxitektorlar yoki nurlar izi (radial) kabi usullaridan foydalanish maqsadga muvofiq emas. Bunday holatlarda ba'zan to'r usulidan foydalaniladi. Ya'ni, xiyobon, zavod territoriyasi, biror daha va shunga o'xshash katta maydonda joylashgan ob'ektlarning perspektivasini yasashda to'r usulidan foydalanish qulay hisoblanadi. To'r usulida tasvir yasash uchun kenglik, chuqurlik va balandlik kabi perspektiv masshtablardan foydalaniladi. Bunda dastlab kuzatish nuqtasi tanlanadi va perspektivasi chiziladigan ob'ektning plani ustiga ma'lum masshtabda har bir katagi kvadratdan iborat boʻlgan toʻr chiziladi. Kvadrat katakchalarni hosil qiluvchi toʻgʻri chiziqlar kartinaga nisbatan parallel va perpendikulyar qilib olinadi. Kenglik va chuqurlik masshtablari yordamida ob'ekt planining perspektivasi yasaladi. Keyin balandlik masshtabi boʻyicha planda joylashgan har bir bino, daraxt va h.k. balandliklari tiklanadi hamda perspektivasi to'liq bajariladi. Bunday katta maydonda joylashgan bino va inshootlarning perspektivasini qurishda kuzatish nuqtasi ancha balandda olinadi, chunki binolar imkon darajasida bir-birini to'sib qolmasligi lozim.
  • Radial (nurlar izi) usuli: Bu usulni XVI asrning boshlarida nemis rassomi Albrext Dyurer (1417-1528) taklif qilgan boʻlib, perspektiv tasvir bevosita ob'ekt ortogonal proyeksiyasining oʻzida bajariladi. Frontal proyeksiyalar tekisligi kartina tekisligi sifatida qabul qilinadi. Buyumning gorizontal (plani) va frontal (fasadi) proyeksiyalari beriladi. Ko'rish nurlarining gorizontal proyeksiyalari buyumning plani orqali, koʻrish nurlarining frontal proeksiyalari buyumning fasadi orqali oʻtkazilib, ular kartina bilan mos ravishda kesishtiriladi va buyumning perspektiv tasviri hosil boʻladi. Ob'ektning perspektiv tasviri aniq chiqishi uning ortogonal proyeksiyalari (ustdan va olddan ko'rinishi) toʻgʻri joylashtirilishiga va yaqqoligini ta'minlash esa bosh masofaning toʻgʻri olinishiga bog'liq.
  • Interyer perspektivasini qurish: Interyer deb binoning to'liq yoki bir bo'lagining ichki ko'rinishiga aytiladi. Zamonaviy arxitekturada interyer muhim o'rinni egallaydi. Ijodiy arxitektura loyihalash jarayonida interyerning perspektiv tasvirini qurish muhim rol o'ynaydi. Intererning ortogonal proyeksion chizmasi, u haqida qirqim, yoyilma kabi metrik aniqlikka ega tasvirni beradi, ammo har doim ham interer yaqqolligini va asl, real qanday koʻrinishga ega ekanligini kuzatuvchiga etkazib bera olmaydi. Shuning uchun xona ichi toʻgʻrisidagi to'liq ma'lumot uning ortogonal proyeksion chizmasi va unga zaruriy qoʻshimcha tasvir hisoblangan interer perspektivasi orqali olinadi. Hattoki bino maketlari ham kam effekt beradi. Maketlar intererning umumiy koʻrinish rangini, badiiy fakturasini, materiallarning tabiiy jilosini binoning “ichki fazosi” ni to'laqonli ochib bera olmaydi. Binoning ichki arxitekturasi sifati yechimini intererning ortogonal proyeksion chizmasi va perspektiv tasviri to'liq yoritib beradi. Interyer perspektivasi yordamida loyihaga oʻzgartirishlar va qo'shimchalar kiritiladi. Interyer perspektivasini qurishda koʻrish nuqtasi va koʻrish burchagini toʻgʻri tanlash juda muhim hisoblanadi. Koʻrish burchagi o'ta kichik boʻlsa (a=30°gacha) xona ichidagi buyumlar va koʻrish maydoni juda kichiklashib, qisqarib ketadi. Agar koʻrish burchagi katta boʻlsa (a=90° va undan yuqori) kuzatuvchiga yaqin turgan buyumlar perspektivasi asliga o'xshamay qoladi. Shuningdek to'g'ri chiziqlar egri chiziq boʻlib tasvirlanadi (xuddi binoga juda yaqin joydan uning fotonusxasi olingandek). Oldinda turgan buyumga nisbatan orqada joylashgan buyum haddan tashqari qisqarib ko'rinadi. Shu sababli interyer perspektivasini qurishda eng yaxshi gorizontal koʻrish burchagi 40°-60° orasida olinsa maqsadga muvofiq boʻladi. Koʻrish nuqtasi balandligi bino ichki balandligi va undagi buyumlarning joylashuviga bog'liq holda tanlanadi. Interyer perspektivasini qurishda perspektiv tasvir yasash usullaridan kompleks tarzda foydalaniladi, chunki ob'ekt qismlari har xil murakkablikda va kartinaga nisbatan turli vaziyatda joylashgan boʻladi. Xona devorlaridan biri kartina tekisligiga parallel, qolganlari perpendikulyar boʻlsa, uning perspektiv tasviriga frontal perspektiva (yoki shartli – frontal interyer) deyiladi. Frontal perspektivalar keng tarqalgan boʻlib, undan amaliyotda koʻp foydalaniladi va uning burchakli perspektivaga nisbatan bajarilishi oddiy, sodda. Frontal perspektiva yasashda perspektiv masshtablardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
  • Interyerning burchakli perspektivasi: Xona devorlari kartina tekisligiga nisbatan umumiy vaziyatda (ixtiyoriy burchak ostida) joylashgan boʻlsa, intererning burchakli perspektivasi hosil qilinadi. Intererning burchakli perspektivasida xuddi arxitektorlar usulidagi kabi oʻzaro parallel toʻgʻri chiziqlarning tushish nuqtalaridan foydalaniladi. Perspektiv tasvir qurish jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.
  • Perspektivada soyalar yasash: Buyum tuzilishi, hajmi to'g'risidagi ma'lumotning aniq boʻlishi uni qanday darajada yoritilganligiga bog'liq boʻladi. Agar faqat yorug'lik boʻlib soya boʻlmasa yoki faqat zulmat (qorong'ulik) boʻlib yorug'lik bo'lmasa oddiy koʻz orqali hech bir narsani koʻra olish va tasavvur qilish mumkin bo'lmasdi. Bizni o'rab turgan fazoda yorug'lik nuri to'g'ri chiziq boʻylab taraladi. Yorug'lik nuri buyumning unga qarab turgan tomoni (qismi) ni yoritadi. Yoritilmagan qismi esa shaxsiy soya hisoblanadi. Yorug'lik nurining buyumga urinishidan shaxsiy soyaning chegarasi hosil boʻladi. Ushbu chegara buyumning yoritilgan va yoritilmagan (shaxsiy soya) qismlarini ajratuvchi chiziq hisoblanadi. Ana shu chiziqning yorug'lik yoʻnalishi bo'yicha biror tekislik yoki sirtdagi proyeksiyasi buyumning tushuvchi soyasi hisoblanadi. Shuning uchun buyumning tushgan soyasini aniqlashdan oldin uning shaxsiy soyasini yasash kerak. Buyumning o'z sirtidagi soyasi uning atrofidagi narsalardan qaytgan nurlar ta'sirida kuchsizlanadi. Shu sababli buyumning tushgan soyasi uning shaxsiy soyasidan toʻqroq boʻladi. Bundan tashqari yorug'lik nuri jism sirtiga nisbatan turli burchak ostida bo'ladi. Shuning uchun jism sirti qismlari yorug'lik quvvatini turli miqdorda qabul qiladi. Natijada aylanish sirtlarida yoritilgan va soya qismlari orasida keskin chegara chiziq bo'lmaydi. Yorug'lik nuri va sirt normali orasidagi oʻlchangan burchak nurning sirt bilan hosil qilgan burchagi hisoblanadi. Soyaning bir qator fizik xususiyatlaridan yuqorida ta'kidlangandek rassomlar keng foydalanadilar (10-shakl,a). Markaziy va parallel proyeksiyalarda soya sof geometrik nuqtai nazardan bajariladi (havoiy perspektivadan tashqari). Soyaning fizik xususiyatlari hisobga olinmaydi (10-shakl,b). Soya yasashda asosan ikkita yoritish manbaidan foydalaniladi.