O‘zbekistonda biofizika fanining rivojlanishi va zamonaviy biofizik tadqiqotlar
Ushbu kitobda biofizika fanining tarixi, uning asosiy tushunchalari, boʻlimlari, tadqiqot usullari va Oʻzbekistonlik olimlarning ushbu fanni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi haqida maʼlumotlar berilgan. Kitobda biofizika fani, uning predmeti va vazifalari, zamonaviy biofizik tadqiqot usullari, shuningdek, biofizika fanining rivojlanish tarixiga oid maʼlumotlar hamda Oʻzbekistonda biofizika fani rivojiga hissa qoʻshgan olimlar haqida batafsil maʼlumotlar keltirilgan.
Asosiy mavzular
- Biofizika fani haqida tushuncha. Fanning predmeti va vazifalari: Biofizika tirik materiyaning turli xil tashkilanish darajalarida (molekulyar, hujayra, organ, bir butun organizm, populyatsiya) amalga oshuvchi biologik jarayonlar asosini tashkil qiluvchi oʻzaro aloqadorlikning fizik va fizik-kimyoviy mexanizmlari haqidagi fan hisoblanadi. Biofizika fani vazifalari – tirik organizmlarda amalga oshuvchi fizik-kimyoviy jarayonlar mexanizmlarini oʻrganish asosida tirik tabiat qonuniyatlarini aniqlash, shuningdek fizik omillarning biologik organizmlarga ta'sir mexanizmlarini oʻrganishdan tashkil topadi.
- Biofizikaning boʻlimlari va tadqiqot usullari: Biofizika fani molekulyar biofizika, membranalar biofizikasi, hujayraviy jarayonlar biofizikasi, qisqaruvchan tizimlar biofizikasi, bioenergetika, fotobiologiya, radiobiologiya, biologik jarayonlar kinetikasi, murakkab tizimlar biofizikasi kabi asosiy boʻlimlarga ajratiladi. Tadqiqot usullari sifatida esa xromatografiya, elektroforez, rentgen-struktura tahlili, spektrofotometriya, ultrabinafsha nur mikroskopiyasi, fluoressent zondlar usuli, Yadro-magnit rezonans spektroskopiya (YAMR) kabi usullar keng qoʻllanadi.
- Biofizikaning rivojlanish tarixi. Biofizikaning rivojlanishida oʻzbekistonlik olimlarning qoʻshgan hissasi: Biofizika fani tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Arastu, Epikur, Arximed kabi qadimgi faylasuflarning tirik organizmlar haqidagi fikrlari fan shakllanishiga asos boʻlgan. XVI-XVIII asrlarda Yevropada fizika, kimyo, tibbiyot va biologiya fanlarida toʻplangan bilimlar uyg'unligi asosda biofizik yoʻnalish rivojlangan. Oʻzbekistonda biofizika fani mustaqil fan sifatida 1963 yilda Toshkent davlat universitetida akad. Y.X.Toʻraqulov tomonidan Biokimyo va biofizika kafedrasi ochilishi bilan oʻqitila boshlangan. OʻzR FA Fiziologiya va biofizika instituti 1985 yilda tashkil etilgan va B.O.Toshmuxamedov uning birinchi direktori boʻlgan. Kitobda Oʻzbekistonda biofizika rivojiga hissa qoʻshgan atoqli olimlar, jumladan Yo.X.Toʻraqulov, B.O.Toshmuxamedov, A.I.Gagelgans, P.B.Usmanov, R.Z.Sobirov, M.I.Asrarov, I.G.Axmedjanov, O.V.Krasilnikov, U.Z.Mirxodjayevlar haqida maʼlumotlar berilgan.