Sayid qosimiyning “majma’ ul-axbor” dostonida an’ana va o’ziga xoslik
Ushbu bitiruv malakaviy ishida Sayyid Qosimiyning “Majma' ul-axbor” dostonida an’ana va oʻziga xoslik mavzusida tadqiqot olib borilgan. Ishda shoirning hayoti va ijodi, mumtoz adabiyot tarixida tutgan oʻrni, xamsanavislik anʼanasining shakllanishidagi ahamiyati hamda
Asosiy mavzular
- Mavzuning dolzarbligi: Har qanday asar badiiy adabiyotda oʻziga xos oʻringa ega. U qaysi davrda yaratilgan boʻlmasin, biror tarixiy voqelikdan, oʻsha davr xalq hayoti, ijtimoiy hol-ahvolidan, ma'lum ma'noda badiiy to'qimadan, ijodkorning ilmiy merosidan xabar beradi. Ming yillik tarixga ega boʻlgan mumtoz adabiyotimizda badiiyat masalasi hamisha she'r ahlining diqqat markazida boʻlib kelgan. U yoki bu ijodkor haqida soʻz borganda, uning nimalarni tasvirlagani emas, asosan, qanday tasvirlaganiga e'tibor qaratilgan. XV asr turkiy adabiyotida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan Sayyid Qosimiyning “Majma' ul -axbor" dostonining adabiyotdagi oʻrni, mavzuning nisbatan kam oʻrganilganligi, xamsanavislikning shakllanishidagi ahamiyatini aniqlash bugungi kun kitobxoniga ham g'oyaviy, ham badiiylik jihatdan oʻrganilishi lozim boʻlgan mavzulardan biridir. Shoirning dostoni adabiyot tarixining yana bir muhim manbasi sifatida xizmat qilishiga shubha yoʻq.
- Mavzuning oʻrganilishi: Sayyid Qosimiy XV asr turkiy adabiyoti va xamsanavislik an'anasiga o'z hissasini qo'shgan shoirlardan biridir. Uning "Majma' ul – axbor” asari va bizgacha yetib kelgan dostonlarining oʻrganilishi muhim deb hisobladik. Bitiruv malakaviy ishining mavzusi birinchi dostonga bagʻishlangan.Sayyid Qosimiyning hayoti va ijodi adabiyot tarixida nisbatan kam oʻrganilgan mavzu boʻlib, B.Qosimxonovning ilmiy ishlaridan soʻng bu mavzuning oʻrganilishi toʻxtab qoldi. 1979-yilda Oʻzbekiston FA Qo'lyozmalar instituti tomonidan tashkil etilgan navbatdagi arxeografik ekspeditsiya natijasida shoir asarlarining, aniqrog'i, "Gulshani roz" dostonining XIX asrda ko'chirilgan yana bir qo'lyozmasi aniqlandi. Shoir adabiy merosidan namunalar ilk marotaba 1987-yilda “Oʻzbek adabiyoti boʻstoni" seriyasi ostida nashr ettirilgan “Muborak maktublar" majmuasida muallif haqidagi muxtasar ma'lumot bilan birga nashr ettirildi. Sayyid Qosimiy adabiy merosini matnshunoslik va adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etgan olim B.Qosimxonov shoir adabiy merosi haqida “Sayyid Qosimiyning adabiy-didaktik dostonlari” nomli monografiya e'lon qildi. Ushbu monografiyada olim “Majma' ul – axbor" dostonidagi hikoyatlarni tahlil qilar ekan, hikoyatlarni mavzu koʻlamiga koʻra ikki guruhga ajratib oʻrganishni tavsiya qiladi.
- Bitiruv ishining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bogʻliqligi.: Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti o`zbek mumtoz adabiyoti tarixi kafedrasida 2016-2020- yillar uchun "Oʻzbek tili va adabiyotiga oid manbalar tadqiqi va ta'limi" umumiy mavzusi ostida istiqbol reja tuzilgan bo`lib, mazkur ilmiy izlanish ushbu reja asosida Alisher Navoiyga qadar turkiy adabiyotda xamsanavislik an'anasining shakllanishi muammosining tarkibiy qismi sifatida maydonga kelgan.
- Malakaviy bitiruv ishining maqsad va vazifalari.: Sayyid Qosimiyning “Majma' ul-axbor" asarining g'oyaviy – badiiy xususiyatlarini yoritib bera olish, bitiruv ishining umumiy xususiyatlaridan biri asarning xamsanavislik an'anasi bilan bog'liqligini aniqlash, asarni ilk dostonlar bilan aloqasini aniqlashga erishishdan iboratdir.
- Asarning yaratilishi va kompozitsiyasi.: Sayyid Qosimiyning “Majma' ul-axbor" dostoni H. Sulaymonov tomonidan keltirilgan qo'lyozmada birinchi asar boʻlib, u yoʻqolgan deb taxmin qilinayotgan 1- 29 varaqlardan soʻng ya'ni 30 b – 66 b varaqlarida joylashgan. 30 a betining yuqori chap burchaagida “Masnaviy “ Majma' ul-axbor" birinchi juzvi Nizomiyning “Maxzan ul – asror" i vaznida yozilgan" degan so'zlar bor. Uning pastrogʻida Rizo kutubxonasining muhri bosilgan. Asar matni juda nafis, turli ranglar va oltin suvi yuritilgan unvondan so'ng, an'anaviy madhiya bilan boshlanadi. Sayyid Qosimiyning oʻzi asarni Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul – asror" asarining erkin tarjimasi deydi. Haydar Xorazmiyning Maxzan ul asror" dostoni tuzilishi hamda janr xususiyatiga koʻra, Nizomiy Ganjaviy masnaviysiga juda yaqin turadi. Har ikkala doston ham falsafiy – ta'limiy mohiyat kasb etib, aruzning sa're bahrida yozilgan. Haydar Xorazmiyning dostoni Nizomiy Ganjaviy dostonidan hajman kichik.Doston 639 baytdan iborat bo'lib, 23 bobdan tashkil topgan.Asarning dastlabki 7 fasli an'anaviy muqaddimaviy boblardir.Dostonning asosiy qismi 16 bobni oʻz ichiga oladi. Ularda ma'viza( pand – nasihat), maqolat va hikoyatlar mavjud. Haydar Xorazmiy Nizmoy Ganjaviydan farqli o'laroq, dostonda avval hikoyat, undan keyin shu hikoyatdan kelib chiqadigan xulosa va fikrlarni umumlashtiradi. Maqolat va hikoyatlarning mavzu doirasi ancha keng boʻlib, ularning ba'zilari o'xshash, ba'zilari tamoman yangidir. Ulardan farqli ravishda, Sayyid Qosimiy oʻzining hikoyatlarida avval Sarsuxan ( soʻz boshi) dan keyin shunga mos hikoyat keltiriladi.
- Xamsanavislik an'anasi: “Majma' ul-axbor” asari Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul – asror” asaridan farqli o'laroq hajmi 18 bobda jamlangan boʻlsa - da, misralar soni ortiq - 2088 misra, «Maxzan ul-asror» 23 bobni oʻz ichiga oladi. Hajmi 1230 misra 615 bayt (ayrim manbalarda 639 bayt) dan iborat. Bu doston uch tarkibiy qismdan tashkil topgan: muqaddima, asosiy qism va xotima. Muqaddimaning oʻzini shartli ravishda ikkiga boʻlish mumkin.Birinchi muqaddima Alloh hamdi, payg'ambar nat`i, xalifalar ta`rifidan iborat.Ikkinchi muqaddima esa Sulton Iskandar madhi, musannifning vasfu holi kabi masalalarga bag'ishlangan. Ushbu muqaddima qism jami yetti bobni o'z ichiga oladi. Sayyid Qosimiyning “Majma' ul – axbor” asari an'anaviy boblar 6 qismda oʻz aksini topadi. Bular: hamd,na't, kitobning yozilish sababi, shoh ta'rifi, tamsil, og'ozi kitob.
- Hikoyatlarning gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari: Sayyid Qosimiy asardagi hikoyatlarni yoritar ekan, unda dastavval so'zboshidagi mavzuni mustahkamlab olgan holda, keyin hikoyatning asosiy mavzusi, qahramonlar nomi, kelib chiqishi, mansabi, ijtimoiy holati kabilarni yoritadi. Asardagi hikoyatlarni tahlil qilar ekanmiz, shuni ta'kidlashni lozim topdik. Hech bir hikoyat faqat voqealar ko'lamini oʻzida jamlamaydi. Qisqacha mazmundan so'ng, shoir yana pandnoma baytlar keltiradi. Har bir hikoyatning oxirida shoir oʻziga murojaat qilgan holda taxallusini keltiradi. Masalan: Qosimiy qilg'il sen oʻzingni adam, Kimki adam boʻldi oʻlardin na gʻam. Bu yakuniy misra Shayx Bahlul haqidagi hikoyatda keltirlgan boʻlib, bu hikoyatga bog'liq ravishda shoir oʻziga agar bu duyoda yoʻqlik olamini tanlasang, sendan oldingilar kabi gʻamsiz boʻlasan – degan fikrlar bilan yakunlaydi. Yoki: Qosimiy sen qoʻyma anga e'tiqod, Gar tilasang bandi balodin kushod. Bu so'nggi misra Shoh Jamshid haqidagi hikoyatga ilova qilingan boʻlib, shoir o'z taxallusiga murojaati orqali aslida xalq va mansabdor shaxslarga murojaat qiladi. Bu hikoyat mavzusi dunyoning hech kimga vafo qilmasligi haqida boʻlib, faqat mol – dunyoga e'tiqod qo'ygan insonlar oqibatda bir kaft duoga zor boʻlishi masalasini shoir oʻquvchi kitobxon oldiga ko'ndalang qo'yadi. Asardagi barcha hikoyatlar, soʻzboshilar kamolotning mohiyati, shartlari, belgilarini yoritishga qaratilgan. Asarda odob axloq, vijdon, insof kamtarlik, mehr-muruvvat, qanoat, vafo kabi bir qancha yuksak axloqiy sifatlar oʻz aksini topadi.Hikoyatlar mundarijasiga nazar tashlasak, ularning asosiy qismini shoir ijodi namunasi deydigan boʻlsak, oz qismi an'anaviy hikoyatlardir. Bir qancha pandnoma mazmunidagi hikoyatlar keltirilgan boʻlib, barcha hikoyatlarning bosh g'oyasi-xalq istayotgan adolatli shoh, farovon turmush, oqibat masalasini tinglovchiga oddiy tarzda ifodalash boʻlib, shoir bunga hikoyatlarni tasvirlash jarayonida erishadi. Ijodkor o'zining bu she'riy asarida tariqat ahlining holati, pir va murid oʻrtasidagi munosabat, "yo'lga kirganga boshchi kerak" mazmunidagi misralarida diniy va dunyoviy ta'limotdan yaxshigina xabardorligini va tinglovchini ham shu yoʻlga boshlashni maqsad qilganini his etish qiyin emas.