Hedli Cheyzning “Seyfdagi pullar” asari tarjimasidagi grammatik qiyinchiliklar tahlili
Ushbu ishda detektiv janrining o'ziga xos xususiyatlari, Jeyms Hedli Cheyzning
Asosiy mavzular
- I BOB. TARJIMA JARAYONI VA UNING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI: Tarjima haqida gap ketar ekan, biz avvalo, tarjima o'zi nima ekanligini bilib olishimiz lozim. Tarjima bamisoli badiiy ijod, tarjimon esa ijodkordir. Tarjima amaliyoti paydo bo'libdiki, asliyatni ona tiliga qanday o'girish lozim degan masala tarjimonlar oldida ko'ndalang turgan muammo sanaladi, tarjima borasida so'z yuritilganda, shubhasiz, ko'z o'ngimizda uning bir necha xillari namoyon bo'ladi. Jumladan: a) bir tildan ikkinchisiga – qardosh yoki qardosh bo'lmagan tilga tarjima qilish; b) adabiy tildan - uning biror shevasiga va biror shevadan – adabiy tilga yoki bir tilning shevasidan boshqa adabiy tilga tarjima qilish; c) qadimiy davr tilidan o'sha tilning hozirgi zamonaviy holatiga tarjima qilish; Hozirda tarjimaning yuqoridagi turlariga yana so'zma- so'z tarjima, ijodiy tarjima, erkin tarjima, mualliflashtirilgan tarjima va shu kabi bir qator tarjimalar ham qo'shilgan. Buning asosiy sababi tarjima jarayoniga turlicha yondashishdir. Ammo tarjimaning qaysi turi bo'lmasin, har qanday tarjimaning maqsad va vazifalari bo'ladi. Masalan, ketma-ket tarjima qilishni oladigan bo'lsak, ketma-ket tarjima qilish, bu bir tildagi og'zaki axborot berilgandan so'ng uni boshqa tilga tarjima qilishdir. Tarjimon so'zlovchining umumiy fikrlari yoki eng kamida asosiy abzastni tinglaydi va so'ng tinglash chog'ida yozib olingan eslatmalar (note taking) yordamida nutqni tarjima qiladi. Tarjimon shu tariqa asosiy so'zlovchi nomidan ketma-ketlikda so'zlaydi. Ba'zi so'zlovchilar bir nechta gap so'zlab, so'ng tarjimonga tarjima qilishni taklif qilishadi. Tarjimon qisqacha yozib olmasdan ham ishlashi mumkin va u o'z xotirasida aytilgan gaplarni saqlaydi. Shunday qilib, ketma-ket tarjima so'zlovchining nutqini tinglangandan so'ng bajariladi. Bunday vaziyatda axborotning barcha mazmunini yodda saqlab qolish zarur. Ketma-ket tarjima muzokaralar, konferensiyalar davlat arboblari va siyosiy shaxslarning uchrashuvlarida va delegatsiyani kuzatib yurish chog'ida qo'llaniladi. Ketma-ket tarjima muammosi ilmiy adabiyotlarda ham yetarlicha muhokama qilinmagan. Ketma-ket tarjima qilish vaqtiga ko'ra ikki bosqichga ajratiladi. Birinchi bosqich, so'zlovchining nutqini o'z ichiga oladi va bu bosqichda tarjimon qisqacha nutqni yozib olishi mumkin. Ikkinchi bosqichda tarjimon aytilgan xabarni yozib olganlaridan foydalangan holda tarjima qiladi. Inson xotirasi barcha gapni (ma'lumotni) yodda saqlab qololmaydi. Tarjimon matnda fikrning mantiqiy zanjirini topishi va so'zlovchi nutqining semantic asosini ochib berishi muhimdir. Shunday qilib, tarjimon so'zlovchining gapini yodda saqlab qolish uchun butun matnni tushunish imkonini beruvchi va gapini asosini yodda saqlab qolishga yordamlashuvchi semantik asosni topib, uni tarjima qilishi zarur. Inson odatda 7 yoki 5 ta semantik asosni yodda saqlay oladi. Gapning asosiy semantik asosi birinchi navbatda kesim va egani o'z ichiga olishi zarur. Ba'zi tarjimonlar asosiy semantik asos birinchi navbatda kesim bilan ifodalanadi, deyishadi. Lekin bir qator tilshunoslar kesim gapning mustaqil bo'lagi bo'lolmaydi deb yozishadi. Faqatgina ega bilan birgalikda gapning mazmuni anglanishi mumkin. Ketma-ket tarjima qilishning 3ta asosiy prinsipi mavjud: anglash, tahlil qilish va qayta ifoda qilish. Anglash prinsipida so'zlar emas, fikrlar tarjima qilinishi kerak. Agar tarjimon so'zlovchining nutqidagi biron bir so'zning tarjimasini bilmasa, u bu so'zning ma'nosini kontekstdan anglab yetishi zarur. So'zlovchining nutqini e'tibor bilan tinglash juda muhimdir. Ma'noni eslab qolish uchun asosiy fikrlarni va ular orasidagi bog'lanishlarni bilish muhimdir. Har qanday nutqda 2ta asosiy lahza mavjud. Ular nutqning boshlanish va tugashidir. Tarjimon aynan shularga o'z e'tiborini qaratishi lozim. Agar u aniq bo'lmasa va o'tkazib yuborilgan bo'lsa, so'zlovchidan fikrini oydinlashtirish talab etiladi. Tarjimon so'zlovchining fikrini o'zining so'zlari orqali ko'proq ifoda etsa, tarjimaning sifati yaxshiroq bo'ladi. Tarjimon ko'proq ijodiy yondashsa, uning tarjimasi to'g'ri bo'ladi. Yana bir tarjima turi vizual tarjima qilish (Sight translation) Ba'zi tarjimonlar vizual tarjima qilishdan oldin yozma ravishda rejalashtiradigan matnni ko'rib chiqishadi. Kabinada, matnni ko'rib tarjima qilish, yozma matnni o'qishga o'xshab emas, balki og'zaki nutq singari eshitilishi kerak. Vizual tarjima qilish bo'lajak tarjimonlarni tayyorlashda katta ahamiyatga ega. Vizual tarjima qilish bir tilda yozilgan matnni boshqa tilga o'girib o'qishga aytiladi. Og'zaki va yoziladigan axborotni ko'rish jarayoni qamrab olinganligi sababli, ko'rib tarjima qilishni yozma tarjimaning maxsus tur, shuningdek, og'zaki tarjimaning o'ziga xos variant sifatida qabul qilish mumkin. Vizual tarjima qilish ehtiyotkorlik bilan bajarilishi kerak. Vizual tarjima qilish sinxron tarjimaga yaqinroqdir. Matn ham og'zaki, ham yozma tarzda talabalarga taqdim qilinadi. Bunday hollarda talabalarda nutqning yozma nusxasini tayyorlashda 5-10 daqiqa vaqtlari bo'ladi. Ushbu tayyorgarlikka asoslanib, ular xuddi naushniklar orqali o'qib berilayotgandek ko'rib tarjima qilishlarini so'rashadi. Talabalar so'zlovchini tinglashlari shartligi aytiladi va bu ko'rib tarjima qilish mashqi b bo'lsa ham, matnni shunchaki o'qishlari so'raladi. Vizual tarjima qilish shunday qurolki, ushbu bo'limda tarjimonda matndagi texnik terminlarni tarjima qila olishga tayyorgarlik ko'rish imkonini beradi. Qiyin so'zlarning talaffuzini ko'rib olish mumkin. Bundan tashqari vizual tarjima qilish qiyin matnlar mazmunini konferensiya boshlangunga qadar ko'rish imkonini beradi. Vizual tarjima qilish har qanday tarjimonni o'qitish jarayonining asosiy qismidir. Vizual tarjima qilish bo'lajak tarjimonlarni kelajakdagi kasblariga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Bu ularning tezlik va jadal tarjima qilish mahoratlarini oshiradi. Tarjimon vizual qancha tez tarjima qilsa, uning tarjimasi shuncha ta'sirchan bo'ladi. So'zma-so'z tarjima hech qachon qabul qilinishi kerak emas. Talaba matnni bir necha martadan tahlil qilishi lozim. Ravon va mantiqiy ifodalanmagan har qanday mazmuniy birikma agar lozim bo'lsa, matnga bog'lanmagan holda talaba tomonidan qaytarilishi lozim. O'quvchilar, talabalar matnga qaramay javob berishlarini foydali deyishadi, balkim to'liq tinglovchinig rolini ijro etishlari lozim. Qolaversa, sinxron tarjima turi ham mavjud. Sinxron tarjimada vizual tarjima qilish uning eng yuqori pog'onasida qo'llaniladi. Har doim tarjimon eshitishi kerak bo'lgan ishning nusxasi ustida ishlaydi. Biroq, vizual tarjima qilishga qo'shimcha sifatida tarjimon so'zlovchi yozma matndan tashqariga chiqmayotganiga amin bo'lishi kerak. Tarjimaning bu shaklida, tarjimon ilmiy va texnik majlislarda qiyinchiliklarga duch keladi. Hayratli tomoni shundaki, ko'pchilik tarjimonlar imkoniyat bo'lgan vaqtda yozma matnni juda aniqlik bilan kuzatishni tanlashadi. Faqatgina eng yaxshi tarjimonlar aynan shu qiyinchiliklar ustida yozma matnsiz jonli tarjima qila oladilar. Yozma material yuqori tezlikda o'qilgan bo'lsa ham, tarjimon o'rta hisobda bir qancha vazifalarni bajarishi kerak: 1. So'zlovchining gaplarini yaxshi anglanganini tekshirishi; 2. Axborotni yakunlash; 3. Tarjima qilish mumkin bo'lgan ko'p axborotni ko'rib tarjima qilish. So'zma-so'z tarjima hech qachon qabul qilinishi kerak emas. Talaba matnni bir necha martadan tahlil qilishi lozim. Ravon va mantiqiy ifodalanmagan har qanday mazmuniy birikma agar lozim bo'lsa, matnga bog'lanmagan holda talaba tomonidan qaytarilishi lozim. O'quvchilar, talabalar matnga qaramay javob berishlarini foydali deyishadi, balkim to'liq tinglovchinig rolini ijro etishlari lozim. Sinxron tarjimada, tarjimon tarjima qilish kabinasida o'tiradi va naushnik (quloq eshitgich) orqali so'zlovchini tinglaydi, so'ng tinglash chog'ida mikrofon orqali tarjima qiladi. Konferensiya xonasidagi delegatlar asosiy tilni naushnik orqali tinglashadi. Sinxron tarjima imo-ishoralar orqali ham bajariladi (kar va soqovlar uchun). So'zlangan tildan imo-ishora tiliga tarjima qilinadi. Imo-ishorada tarjimonlar kabinada o'tirishmaydi, ular so'zlovchini ko'ra oladigan va boshqa qatnashchilarda ko'rina oladigan konferensiya xonasiga tushishadi. Pichirlab tarjima qilish sinxron tarjimaning shunday shakliki, bunda tarjimon konferensiya xonasining kabinasida emas, balki tarjima kerak bo'lgan delegatning ortida o'tiradi va nutqning asosiy mazmunini delegatning quloqlariga pichirlaydi. Rivojlangan mamlakatlar qatorida ona tilimizning ham xalqaro tillar safiga qo'shishga katta umid bog'lab, boshqa chet tillardan o'zbek tilimizga va aksincha o'zbek tilidan chet tiliga bevosita, ya'ni hech bir o'zga til vositaligisiz tarjima qilish faoliyati jadal sur'atlar bilan taraqqiy topmoqda. Xususan, uzoq davrlardan buyon mamlakatimizda, asosan, yozma tarjima sohasi keng ish olib borar edi. Lekin so'nggi yillarda davr talabi bilan og'zaki tarjimaning, jumladan, aynan sinxron tarjimaning salmog'i ortib bormoqda. Amaliyotda sinxron tarjimaning uch turi (varianti) kuzatiladi: 1. Yodaki (eshitib) sinxron tarjima. Bunda tarjimon quloqchinlar orqali notiqning uzluksiz nutqini qabul qilib, ma'lumotni tushishiga qarab tarjimani bloklab amalga oshiradi. Bu eng keng tarqalgan va eng murakkab holatdir. 2. Oldindan tayyorgarlik ko'rib yoki tayyorlanmasdan matnga qarab sinxron tarjima. Sinxron tarjimon oldindan notiqning yozma nutq matnini oladi va keltirilgan materiallarga muvofiq tarjimani amalga oshiradi. 3. Oldindan tarjima qilingan matnni sinxron o'qish. Sinxron tarjimon notiqning nutqi ketidan avvaldan tayyorlab qo'yilgan matnni o'qib boradi. Joiz o'rinlarda agar notiq nutqi chog'ida dastlabki matndan chetlashsa, kerakli tuzatishlar kiritadi. Sinxron tarjima usulining bir turi sifatida uning eng katta o'ziga xos xususiyati yuqori samaralilikdan iborat bo'lib, asl matn nutqi va tarjima nutqi o'rtasida oraliq vaqt o'rtacha 3-4 soniyani tashkil etadi. Eng ko'pi bilan esa 10 soniyagacha yetadi. Shuning uchun notiqning beto'xtov nutq so'zlashi kafolatlanib, notiqning fikr-mulohazasiga chetdan hech qanday ta'sir bo'lmaydi va nutqidan to'xtamaydi. Bu esa tinglovchilarning nutqni butunligicha tushunib yetishlariga imkon beradi. Shu sababli sinxron tarjima hozirda dunyoda odatiy udumga kirgan tarjima usuliga aylanib bo'lgan. Bugungi kunda dunyoda 95% xalqaro yig'ilish, konferensiyalarda sinxron tarjimadan foydalaniladi. Shuning bilan birga sinxron tarjima juda katta ilmiylik va mutaxassislik xususiyatiga ega va u odatda rasmiy xalqaro konferensiyalarda foydalanilganligi sababli sinxron tarjimaga nihoyatda yuqori talablar qo'yiladi. Sinxron tarjima talablari shundan iboratki, tarjimondan uning asl tilda nutq so'zlanayotgan chog'ida tinglab farqlashi bilan birgalikda tematik bilimlariga tayangan holda qisqa vaqt ichida tezkorlik bilan asl tildagi ma'lumotni bashorat qilishi, tushunib anglashi, xotirada saqlab qolib uni yo'naltirishi talab etiladi. Shuning bilan birga turli xalqaro konferensiya, yig'ilishlarda sinxron tarjimondan "chaqmoqday tafakkur" qilish qobiliyati hamda yuqori nutq mahoratiga ega bo'lishi talab etiladi. IAIC (Xalqaro sinxron tarjimonlar assotsiatsiyasi) qaroriga muvofiq, sinxron tarjimon ishtirokchi-notiqning mazmunini faqatgina 80%ini tarjima qila olsa muvaffaqiyatga erishgan hisoblanadi (90%-100% li sinxron tarjimani amalga oshirib bo'lmaydi). Bundan tashqari, tarjima jarayonida eslatma yozuvlar (note-taking) tayyorlash mumkin. Masalan, bog'lovchilar therefore, because va boshqalar kiritiladigan eslatmalarda eng muhimidir. Eslatmalar matnning asosiy mazmunini o'z ichiga oladi. Ular nutqning tashqi shaklini ta'minlaydi. Asosiy fikrlar ega, kesim va to'ldiruvchi orasida bo'lishi zarur. Eslatma-yozuvlar belgilardan tashkil topadi. Belgilar xususiyatlariga ko'ra quyidagicha. Masalan, “O” – dumaloq stol atrofidagi muzokarani bildiradi. Bu konferensiya, congress, uchrashuv, forum, seminar, anjuman, sessiya va shu kabi boshqa tushunchalarni birlashtirishi mumkin. “O” – belgisi do'stlik, hamkorlik, kelishuv kabi tushunchalarni ham anglatadi. Eslatma yozuvlar tarjimonni jismoniy, shuningdek, ruhiy ko'mak bilan ta'minlaydi hamda xabarning to'liqligini ta'minlaydi. Eslatma yozuvlar yordamida tarjimon sonlar, kunlar, statistikalar va atoqli otlar kabi qiyin kontekstlashtirilgan xabarlarni xotirasida saqlash mashqi bilan shug'ullanish mumkin. Belgilar fikr bilan emas, balki so'z orqali bog'lanadi. Odatda so'zlarning boshlang'ich harfi tanlanadi, semantik chegara bilan xarakterlanadi. Masalan, U.S (United States), L – Life. Ular faqatgina bir fikrni ifodalaydi. Tarjimaga lingvistik tarjimashunoslik nuqtai nazaridan yondashib, quyidagicha ta'rif berish mumkin. Millatlar o'rtasida o'zaro aloqa qilishga ehtiyoj kuchaygani sari tarjimachilik faoliyati ham kengayib boraveradi. «Tillardan tillarga tarjima qilish mumkinligini asoslaydigan narsa shuki, jahon xalqlari garchi turli-tuman tillarda so'zlashsalar ham, ammo ularning taffakur qonunlari bir xildir», deb yozadi tarjimashunos olim G'.Salomov. Tarjima ko'p sohali, sertarmoq va murakkab hodisa. Tarjimaning bosh xossasi uni boshqa til vositalari bilan qayta yaratishdan iborat. Ma'lumki, tarjima bevosita yoki bilvosita amalga oshiriladi. Hozirgi paytgacha qilingan tarjimalar, masalan, rus adabiyoti namoyondalarining asarlari bevosita, ingliz, nemis, fransuz yozuvchilarining asarlari esa bilvosita (vosita til), ya'ni, rus tili orqali tarjima qilindi. Keyingi qator yillarda bevosita chet tillardan qilingan tarjimalar ham paydo bo'ldi. Hattoki, ayrim adiblarimiz asliyatdan tarjima qilish maqsadida chet tillarini o'rganishga kirishishdi. Badiiy tarjima xalqlar o'rtasidagi madaniy aloqalarni shakllantirish va mustahkamlashda bir xalqning madaniy boyligi, hayoti, turmush tarzi va manaviy yutuqlarini boshqa xalqlarga tanishtirishda muhim o'ringa ega. Tarjima tufayli o'zbek o'quvchilari rus va chet el yozuvchilarining asarlari bilan o'z ona tilida tanishishda davom etmoqdalar. Rus mutaxassislarining ulkan tarjima tajribasi o'zbek tarjimachiligi uchun maktab vazifasini bajargan. Bundan tashqari, rus tili jahon adabiyotini o'zbek tiliga tarjima qilishda doimiy vositachi bo'lib kelgan. Chet tili mutaxasislarining yetishmasligi, yetarli tarjima tajribasining yo'qligi va shunga o'xshash boshqa omillar vositali tarjimaga bo'lgan talabni kuchaytirdi, bu esa o'z navbatida o'zbek adabiyotida chet el asarlarining ko'payishiga olib keldi. Lekin shu yutuqlar bilan bir qatorda qator kamchiliklarni ham ushbu ishimizda ko'rsatib o'tishni maqsad qildik.Tarjima murakkab jarayon hisoblanadi. Bunda to'liq yaxlitlikka erishish uchun tarjimonga badiiy sezgi, qobiliyat va keng aql idrok yetishmasligi mumkin. Tarjima qilinayotgan asar tili va o'z ona tilini yaxshi bilish bilan bir qatorda tarjimon muallif uslubi, asarda tasvirlangan obrazlar xarakteri, hayoti, urf-odatlar, turmush shart sharoitlari, psixologiyasi, shu bilan birga tarixi, adabiyoti, diniy va milliy qarashlari, asardagi turli holat va jarayonlari haqida chuqur tasavvurga ega bo'lishi kerak. Adekvat tarjima uchun nafaqat asar badiiy butunlik sifatida aks etishi, balki uning tili va uslubini muallif o'zi tasvirlagandek tassavur qilinishi kerak. Agar tarjimon asar tilini bilmasa va uning taglama tarjimalari yoki bilvosita qilingan tarjimalari nusxalaridan foydalanib tarjima qilsa, asliyat matni va tarjimaning mosligi borasidagi muammolar yanada ko'payadi. Asl nusxani boshqa nusxalar vositasida tarjima qilishda asarning mazmun va shakli o'zgaradi va bu muallifning individual uslubini yo'qolishiga va ko'plab boshqa xatoliklarga olib keladi. Tarjimada asarning o'ziga xosligini tiklash muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun, davrlar xarakterini, muallifning badiiy ijodiy uslubini asar qahramonlari nutqini tarjimon imkon boricha to'g'ridan-to'g'ri asl nusxadan tarjima qilishi kerak. Badiiy tarjima jarayonida shunday holatlar ham bo'ladiki, biz yuqorida ko'rib o'tganimiz, mikrokontekstdan har doim gapning ma'nosini anglab olib bo'lmaydi. Bu kabi holatlarda, tarjimonlar o'zining fon bilimlariga tayanib ish ko'rishlari kerak bo'ladi. O'zbek tilida odatda hurmatli va yoshi katta kishilar bilan muloqot qilish jarayonida "-siz” suffiksi va “siz” olmoshini so'zlarning oxiriga qo'shish qabul qilingan. Rus tilida bu holat “ты” va “вы” so'zlari yordamida farqlanadi. Ingliz tilida esa bu ko'rsatkich har qanday holatda ham “you” tarzida beriladi. Shuning uchun ham, qahramon “siz”lab yoki “sen”lab gapirayotganini umumiy katta kontekst vositasida tarjimon aniqlab olishi zarur bo'ladi. Shuning vositasida odob-axloq qoidalari normalari saqlab qolinadi:
- II. BOB. HEDLI CHEYZNING “SEYFDAGI PULLAR” ASARI TARJIMASIDAGI GRAMMATIK QIYINCHILIKLAR TAHLILI: Detektiv janr haqida gapirar ekanmiz, odatda bu turdagi asarlarda jinoiy ishlarni qidirish, izquvarlik, murakkab jinoyatlarning ochilishi kabi badiiy tasvirlar ifodalanadi. Detektiv adabiyot - jinoyatlarni ochish jarayoni tasvirlangan hikoya, qissa, romanlar hisoblanadi. Bu janr asoschisi E. Po bo'lib, u o`zining “Morg Ko`chasidagi qotillik" va boshqa novellalarida jinoyatning ochilishi mantiqiy asosda tasvirlanadi. Ba'zi adabiyotshunoslar faqat oldi-qochdi harakatlardan iborat “hazmi yengil” asarlar yaratiluvchi yoʻnalish, deb biladilar. Lekin bu fikr toʻgʻri emasligini isbotlovchi bir qancha bebaho asarlar borki, ular detektiv adabiyot namunasi boʻlish bilan birga, chuqur ruhiy-falsafiy gʻoyalarni ham targ'ib qiladi. Detektiv janri adabiyoti kecha yoki bugun paydo boʻlgan hodisa emas. Bundan ming yillar avval ham izquvar obrazi va detektiv elementlari mavjud boʻlgan. Izlanishlarimiz davomida detektiv elementlari hattoki mumtoz adabiyotimiz namunalarida ham uchrashini kuzatdik. Detektiv asarlarda ham koʻplab badiiy asarlardagi kabi uchlik boʻladi. Lekin bu uchlik muhabbat uchburchagi emas, balki jinoyatchi – jabrlanuvchi – izquvar, ba'zi hollarda esa, jabrlanuvchi umuman ishtirok etmaydi va izquvar – jinoyatchi – politsiya xodimlari tarzida harakat olib boriladi. Odatda, izquvar sifatida har xil insonlar: huquqni himoya qilish idoralarida ishlovchilar, yollangan detektivlar, qarindoshlar, do'stlar, jabrlanuvchining tanishlari, ba'zan esa mutlaqo notanish odamlar olinishi mumkin. Haqiqatan ham, insoniyat yaralibdiki, yaxshilik va ezgulik bilan mushtarak holda yovuzlik, jinoyatchilik kabi illatlar ham mavjud bo'lgan, lekin keyingi davrlardagiday taraqqiy etmagan. Detektiv hikoyalar - hayot inson qarshisiga ikki yo'l qo'yadi: biri to'g'ri, biri egri yo'l, biri hidoyat, boshqasi esa razolat yo'li. Ulardan birini tanlash imkoni esa insonning o'ziga berilgan. Egri yo'ldan yurib, jinoyat ko'chasiga kirgan kishi borki, buning jazosini tortishi muqarrar. Bu jazo turlicha bo'ladi: qonun oldidagi javobgarlik, vijdon oldida javobgarlik, odamlar oldida javobgarlik va boshqalar. Detektiv janriga xos so'z shunday ta'sirga egaki, u hatto zamonaviy, qorishiq san'at turlari qiyofasini ham tubdan o'zgartira oladi. “Detektiv” lotincha “detego” so'zidan olingan bo'lib, ingliz tilida “to detect” – fosh etmoq, namoyish qilmoq asosan, badiiy adabiyot va kinematografiyaga dahldor, sirli hodisani o'rganish ustida izlanish olib boradigan va uni o'rganib, sirini fosh etishga yo'naltirilgan janr. Odatda bunday hodisaning asl sababi qonunbuzarlik bilan adolat o'rtasidagi kurashdan iborat bo'ladi va haqiqatning tantanasi bilan yakun topadi. Detektiv janrlarni modellashtirish jarayonlari ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy-falsafiy tarix voqeligi tizimi va yozuvchi, u mansub zamon, poetik janr an'analarining ko'lamdor hamda izchil munosabatlarida namoyon bo'ladi. Zamonaviylik va yozuvchi ijodiy talablariga ko'ra, modellashtirilgan detektiv janr tabiiy holatda tarixiy-tipologik xarakter kasb etadi. Negaki, har qaysi yozuvchi biron-bir tarixiy davrning vakili bo'lganidek, muayyan tarixiy manzil-makonga ham dahldor hisoblanadi. Yozuvchi tomonidan milliylik doirasida modellashtirilgan detektiv mazmun falsafa, axloq meyorlari, odamga xos talab va istaklar o'xshashligi bois tipologiklik, umumbashariylik maqomini egallaydi. Detektiv asarda biron-bir favqulotda jumboqli hodisaning tadqiq qilinish jarayonlari, unda sodir bo'ladigan holat va vaziyatlar, izlanish va yechimlar tasvir etiladi. Detektiv asarning markaziy qahramonlari hisoblanadigan jinoyatchi va jabrlanuvchi hayotiga doir yaqin tarix izquvar obrazi nuqtai nazaridan qayta tiklanadi. Bu yerda detektiv asarga xos muhim belgilarga alohida e'tibor qaratilgan bo'lib, asosan, quyidagi xususiyatlarga urg'u berilgan: dalillar to'liq va mukammal bo'lishi, qidiruv so'ngida o'quvchi mustaqil xulosa chiqara oladigan darajada etarli ma'lumotni qamrab olish; voqea kechadigan shart-sharoitlarning o'quvchi uchun tanish, real model bilan mosligi; obrazlar, personajlar holat va harakatlarida ayniyat (moslik)ning mavjudligi; an'anaviy obrazlar mantiqiga putur yetkazmaslik, ya'ni hikoyanavis va izquvarni jinoyatchiga aylantirishning mumkin emasligi; asarda yuksak axloqiy, ma'naviy ideallarning talqin etilishi. Asar yomonlikning jazoga hukm qilinishi va adolat tantanasi bilan yakun topishi. Yuqorida keltirilgan umumiy jihatlar detektiv asarning mukammal namunalariga xos badiiy xususiyatlardan kelib chiqqan. Detektiv obrazlar tizimi va uning badiiy matndagi ifodasida “Izquvar obrazi" muhim rol o'ynaydi. Unda izquvar-qahramon markaziy obrazlardan biri sifatida o'rganildi. Izquvar obrazining kuzatuvchanligi, nihoyatda topqirligi va voqelikdan umumiy xulosalar yasashi kabi qirralariga diqqat qaratildi. Izquvar tergov olib borishni uddalash barobarida asar voqealarida ijobiy natijaga erishishga qodir personaj ham hisoblanadi. Kamdan-kam odamlarda uchraydigan favqulodda qobiliyat qahramonning sirli jinoyatchini qidirish ishiga aralashuviga asos bo'ladi. Shaxsiy detektivning rasmiy politsiyadan farqli jihati shundaki, politsiyachilar chidamli va adolatli bo'lsa-da, ayrim tafsilotlarni farqlashda asosiy qahramonda mavjud bo'lgan tug'ma qobiliyat yo'qligi sababli oqsaydi. Bundan tashqari, ular o'zlarining rahbarlariga bo'ysunadi. Rahbarlar esa ulardan ishni tezroq yopishni talab qilib, qisqa muhlat beradi. Ana shunday qiyin vaziyatlarga duch kelganida ular mazkur tizimda faoliyat yuritmaydigan, nisbatan erkin, ammo qonunga rioya qiluvchi va boshqalardan ham shuni talab qiladigan iqtidorli shaxs yordamiga muhtoj bo'lib qoladi. Voqea detektiv qahramoni va turli savollarga (Kim o'ldirdi? Qanday qilib? Nima uchun? Qachon?) javob qidiradigan kitobxon o'rtasida dialog shaklida hikoya qilinadi. Detektiv voqea har doim dramatik to'qnashuvni o'z ichiga oladi va bunda hayotning dramatik vaziyatlariga e'tibor qaratiladi. Detektiv inson sifatida intellektual salohiyati baland, bilimli, malakali, o'z hayotiy prinsiplariga sodiq shaxs; jinoyatni fosh etishda o'z uslubini yarata oladigan izquvar; o'zigagina xos sifat va xarakterga ega insondir. Detektiv janrining keyingi turi sifatida “Qotil obrazi” tadqiq qilindi. Muayyan detektiv asarlarda bu rolning diskursiv ahamiyati konkretlashgan rol nominasiyalari murderer, criminal, yordamida amalga oshiriladi. Bulardan eng keng tarqalgani murdererdir. Qotil (murderer)ning butun asar davomida boshqa personajlar orasida «g'oyib bo'lishi, buning oqibatida boshqa personajlarning qotillikda gumon qilinishi, qotilning ruhiy-psixologik holatlari kabi masalalar tadqiqiga diqqat qaratildi. Mazkur janrning yana bir ko'zga tashlangan turi "Maqtul" obrazidir. Maqtulning abstraktlashuvi kommunikativ shaxs modeli bo'lib, detektiv adabiyotda boshqa shaxslar bilan o'zaro aloqada yon bosmaydigan o'ziga xos personajlardan tanlanadi; ko'pincha ana shu yon bosmaslik uning o'limiga sabab bo'ladi. Detektiv janrga xos nazariy xususiyatlar dunyo olimlari qarashlari asosida o'rganib chiqildi. Ham geografik, ham ma'naviy-axloqiy jihatlari yozuvchining mohiyatiga va adabiy janriga ko'ra o'zaro yaqin asarlarining taqqoslanishi natijasida quyidagi muhim umumlashmalar yuzaga keldi: Boshqa an'anaviy janrlardan farqli ravishda, detektiv janr qonun buzilishi, jinoyatchilik, uning fosh etilishi, adolatning qaror topishi uchun kurash motivlari badiiy talqin qilinadi. Ularda zamon va makonning retrospektiv shakli etakchilik qilishini kuzatish mumkin. Sujet, qahramonlar tabiati va asar badiiy konseptsiyasi shu zamon doirasida talqin etiladi. Real voqelik detektiv janrning obyekti sifatida badiiy modelidir. Real voqelik detektiv janrning obyekti sifatida badiiy model asosini tashkil etadi. Yozuvchi mansub davr va millat, uning badiiy mahorati, iste'dodi, to'plagan ilm va tajribalari janr modeli shakllanishining muhim vositalaridir. Hikoya qilinmoqchi bo'lgan voqelikning ko'lami, yozuvchining badiiy niyati, o'quvchiga etkazilmoqchi bo'lgan poetik fikr salmog'i detektiv asar janrini belgilaydi. Shu jarayonlarda shakllangan detektiv mundarijalariga xos tipologik xususiyatlar detektiv model strukturasini tashkil etadi. Bunda obyekt -subyekt – model uchligi detektiv janr tizimi sanaladi. Detektiv asar mohiyati qotillik sodir etilishi va qotilning qo'lga olinishidagina namoyon bo'lmaydi. Ularda, shubhasiz, insonparvarlik g'oyalari, insonning shaxsiy muammolari, ruhiyatida yuz beradigan o'zgarishlarni, yovuzlik va ezgulik o'rtasidagi kurash, jinoyatchining ko'nglida ro'y beradigan ma'naviy, psixologik holatlar aks etadi. Bunday asarlar ham tarbiyaviy, ham adabiy-estetik, ham axloqiy muammolarni talqin etishi bilan boshqa yo'alishdagi badiiy adabiyot namunalaridan qolishmaydi. Izquvar, qotil, maqtul obrazlari detektiv janr mohiyatini belgilovchi mustaqil poetik komponentlardir. Ular badiiyat olamida mantiqan bir konsept atrofida markazlagan bo'ladi. Detektiv asarlardagi uslubiy o'ziga xoslik faqat badiiy asar tiliga, adib tomonidan qo'llanilgan iborat, trop yoki hikmatli so'zlargagina dahldor emas, bunday asarning syujeti va kompozitsion qurilishi ham uslubiy jihatdan kutilmagan hodisalarning uyushtirilishi bilan ajralib turadi. Jahon adabiyotida detektiv janr yozuvchilari juda ko'p. Masalan, Angliya adabiyotiga nazar tashlaydigan bo'lsak, unda mashhur britaniyalik yozuvchi Jeyms Hedli Cheyzni ko'rishimiz mumkin. Zamonasining mashhur yozuvchisi Hedli Cheyz 1906-yil 24-dekabr kuni Londonda tug'iladi. Britaniyalik yozuvchi 93 ta detektiv romanlar muallifidir. Haqiqiy ismi Rene Brabazon Reymond (ing. Rene Brabazon Raymond). Shuningdek "Raymond Marshall", "James L. Dogherty", "Ambrose Grant" taxalluslari ostida ham ijod qilgan. Bo'lajak mashhur adib nafaqadagi ofitser oilasida dunyoga keldi, hamda Rochesterdagi qirollik maktabida va keyinchalik Kalkuttada ta'lim oldi. U 18 yoshidayoq o'z uyini o'qish tufayli tashlab ketdi. U bir nechta kasblarni egalladi, ko'p marta ish joylarini o'zgartirdi va nihoyat ko'p tomli "Bolalar ensiklopediyasi" kitobi uchun agent bo'lib ishga kirdi. Yaqin bir necha yil ichida Cheyz nufuzli kitob savdosi firmasi "Simpkin va Marshall"da ishladi. Hayoti davomida u ko'plab qiyinchiliklarga uchragan bo'lishiga qaramay, Cheyz bu qiyinchiliklarni yengib o'tishga bor kuch-g'ayrati bilan harakat qildi. 1939-yili "Miss Blendishga hech qanday orxideya" deya nomlangan ilk romanini yozgan. Roman tez orada bestsellerga aylangan. Jeyms Xedli Cheyz 80 ga yaqin kitob yozgan. Uning asarlari voqealari asosan AQShda boʻlib oʻtadi. Cheyzning romanlari qahramonlari: zoʻravon Korrigan; kaliforniyalik izquvar Vik Melloy; MRB agenti Mark Girland; millionery Don Miklem; Xelga Rolf va boshqalar. Uning detektiv janrda yozgan asarlari juda ko'p, shuningdek, uning asarlarida asosan ayollar obrazi tasvirlangan. O'z davrining mashhur detektiv janr yozuvchisi 1985-yilda o'z ona vatani Londonda vafot etadi. Ammo, uning vafotidan so'ng ham, u yozgan asarlar kitobxonlar qo'lidan tushmaydi. Hozirda ham ko'plab kitobxonlar asosan, uning detektiv asarlarini haligacha sevib o'qishadi. Ana shunday detektiv janrda yozilgan asarlardan biri “Seyfdagi pullar" ("Come easy, go easy”) romanidir. Ushbu roman 1960-yilda yozilgan. Asar bosh qahramonlari Chet Karson, Genri Kuper, Jeyni hamda Eshli Armzlardir. Asarni qisqacha mazmuni shundan iboratki, hammasi seyfni ochishdan boshlanadi. Voqealar Lorens seyflar korporatsiyasi tungi xizmat paytida bo'lib o'tadi. Pulga muhtojlik, boylikka oʻchlik, nafs balosi ushbu jinoyatga yo'l ochib berdi. Jinoyatga esa jazo tayin. Ha, birgina nojoʻya qadam hayotingni ostin-ustun qilib tashlashi mumkin. Zotan, xatolaringni anglab, toʻgʻri yoʻldan yuraman, desang-da, ana shu ilk qadam hayotingga soya solib turadi. Bu qilmishing keyingi noxush voqea-hodisalar uchun debocha boʻladi. Yana seyf, yana pullar, yana jinoyat. Ne tongki, hayotingga yangi kirib kelgan insonlar ham jinoyatga undaydilar. Orzu-xayollar, yaxshilikka intilish, iztiroblar, muhabbat va hiyonat, eski do'stlikning bitmas jarohatlari... Asar xotimasi kitobxonni larzaga soladi. Muallif hayotiy haqiqatni bor bo'yicha ochib beradi. Ushbu asarni o'zbek tiliga bevosita Fathulla Namozov mohirlik bilan tarjima qiladi va bu orqali u asarning asl mohiyatini kitobxonlarga yetkazib berdi desak also mubolag'a bo'lmaydi. Qolaversa, Fathulla Namozov "Seyfdagi pullar” asaridan tashqari, Hedli Cheyzning boshqa detektiv asarlarini ham juda chiroyli tarzda tarjima qilgan. Masalan, "Sirli xonim". Yozuvchining ko'pgina asarlari ayollar bilan bog'liq. Asarning qisqacha mazmuni haqida gapiradigan bo'lsam, hayotda shunday oʻyinlar boʻladiki, eshitib hayratga tushasan. Ba'zida bilib-bilmay oʻzing ham ana shu izdihomga oʻralashib qolishing mumkin. Kimdir seni chuv tushirayotganini anglab eta olmaysan. Odamlar naqadar ayyor, ular kimdan qay tarzda foydalanishni juda yaxshi bilishadi. Intihoda esa, begunoh odamlar jabrlanishadi ammo, baribir yomonlikning umri qisqa deganlaridek kimdir baribir buni fosh etadi. Cheyz uslubiga xos oʻtkir syujetli voqealar, kutilmagan sarguzashtlar, sirli qotillik tafsilotlari bu asarda ham o'z ifodasini topgan. Kitobxon chapdast qahramon Nik Meysonning abjir, chaqqon, kuchli iroda egasi hamda naqadar sodda, ishonuvchan ekanligiga guvoh bo'ladi. Shuningdek, tarjimon Fathulla Namozov tomonidan Hedli Cheyzning "Dang'illama hovlidagi o'lim” asari ham tarjima qilingan. Bu asar haqidagi fikrga to'xtaladigan bo'lsak, oddiy mushtlashuvdan boshlangan mashmasha katta izquvarlikka sabab bo'ladi. Sirli qotillik, bir-biridan tushuniksiz guvohliklar, nohaq ayblovlar va tuhmat adolatsizlikka olib keladi. Bu ishga ayollarning aralashuvi voqealarni yanada chigallashtirib yuboradi. Shov-shuvli jinoyat ommaning e'tiborini tortadi. Uni ochish uchun kattagina pul tikiladi. Biroq jinoyatchilarni topish oson emas. Ammo o'z ishinining ustasi bo'lgan izquvarlar bu ishni uddasidan chiqa olishadi. Shuningdek, Hedli Cheyzning asarlarini Fathulla Namozovdan tashqari Fayzi Shohismoil ham tarjima qilgan. Ammo, Fayzi Shohismoil Fathulla Namozovdan farqli o'laroq ushbu asarlarni ingliz tilidan o'zbek tiliga rus tili orqali bilvosita tarjima qilgan. Jeyms Hedlining yana bir mashhur, ko'pgina kitobxonlar e'tiborini tortgan detektiv asari "Gonkongdan kelgan tobut'dir. Yozuvchining aynan shu asarini Fayzi Shohismoil tarjima qilgan. Dunyo miqyosida mashhur hisoblangan ushbu asar oʻtkir syujetga, turfa sarguzashtlarga boyligi bilan ajralib turadi. Unda tinib-tinchimas izquvar Nelson Rayanning sirli qotillik tafsiloti bilan bog'liq voqealarga oʻralashib qolishi, buning natijasida kutilmagan dahmazalarga duch boʻlishi, Gonkongdek ulkan shaharda surishtiruv olib borishi, razil va manfur kimsalarga qarshi kurashi aks etadi. Rayan haqiqatning tubiga etish uchun oʻz hayotini xatarga qo'yadi, bir necha bor oʻlimga chap beradi. Bundan tashqari, taniqli Amerika yozuvchisi, detektiv janri ustasi Jeyms Hedli Cheyzning “Uydan tashqari oqshom”, “Buni qushlarga gapir", "Shisha ichidagi panja”, “Murda ham o'ynab bersin" singari romanlari butun dunyo bo'ylab tarqalgan. Adib bugungi kun bilan hamohang hodisalarni, ba'zan chet davlatlarda, xususan, Amerika va Angliyada ko`zga tashlanib turadigan voqealarni, ma'naviy-axloqiy illatlarni, tuban insonlar taqdirini qalamga olar ekan, albatta, qisman bo'lsada hayot haqiqatiga tayanadi, uni bor bo`yicha tasvirlashga harakat qiladi. Qahramonlar xarakter qirralarini yoritishda ichki dunyosi tasviridan foydalanish usulini hamda yozuvchi o'zining detektiv yozuvchiligidan foydalangan. Natijada, asar qahramonlarini o`ziga xos dunyosi va obrazlari orqali yaqindan tanib borishimiz mumkin. Biz mashhur yozuvchi Hedli Cheyzning detektiv asarlarini hamda uning ayrim asarlaridagi grammatik muammolarni o'rganar ekanmiz, asarlari orqali biz yozuvchining detektiv asarlarni naqadar ustalik bilan yozganini guvohi bo'lishimiz mumkin. O'ylangan voqealar hamda tanlangan qahramonlar ham asarlariga qaysidir ma'noda jon bag'ishlagan, - deb bemalol ayta olishimiz mumkin. Uning asarlari mazmunidan qaysi janrda yozilganligini bilib olish juda oson. Bugungi kunda ham mashhur detektiv yozuvchi Jeyms Hedli Cheyzning asarlari ko'pgina kitobxonlarni qiziqtirib kelmoqda. Ayniqsa uning asarlarini Angliya va Amerika kitobxonlari qiziqib, maroq bilan o'qishadi. Hattoki, uning ko'pgina asarlari, ayniqsa, detektiv janrga oid asarlarining ko'pchiligi film qilib ishlangan. Shundan ham yozuvchining asarlari ko'pchilikning diqqat markazida bo'lganligi va hozirda ham bu qiziqishning kamaymaganligini guvohi bo'lishimiz mumkin.
- XULOSA: Xulosa qilib shuni aytish kerakki, bir tilda yaratilgan asarni ikkinchi bir tilda tarjima qilish jarayonida turli mutanosibliklar va nomunatosibliklarga duch kelinadi, hamda ular tarjimonning bilim va mahorati orqali bartaraf etiladi. Qolaversa, xorijiy tillarda bitilgan asarlarni o`zbek kitobxonlariga tanishtirish maqsadida tarjimashunoslik sohasida ulkan ishlar amalga oshirilgan hamda bunday sa'y-harakatlar yurtimizda so`nggi asrda jadal rivojlangan. Grammatik transformatsiyalar tushurib qoldirish, qo`shish, so`z tarkibini o`zgartirish, sodda gaplarni qo`shma gap shaklida, qo`shma gapni esa sodda gaplar shaklida tarjima qilish kabi turlarga bo`linadi. Tarjimashunoslikda eng muhim omil bir tilda yaratilgan asarlarni boshqa tilda qayta yaratishda leksik, grammatik va sintaktik transformatsiyalardan foydalangan holda asosiy ma'noni yetkazib berishga erishilgan. Ikki til tuzilishi va grammatikasidagi nomuvofiqliklar grammatik va leksik transformatsiyalardan foydalanishni taqozo etgan. Leksik va grammatik transformatsiyalar ham nasriy ham nazmiy asarlar tarjimasida qo`llanilgan. Grammatik transformatsiyalar turli xil grammatik va leksik ko`rinishlarning paydo bo`lishiga sabab bo`ladi. Ba'zi hollarda ular bir-biriga juda yaqin bog`liq va leksik-grammatik xarakterga ega bo`ladi. Tarjimada biror bir so`z turkumi boshqa bir so`z turkumi bilan o`zgartirilishi mumkin. Bu to`liq yoki qisman transformatsiyalarga bog'liqdir. Tarjima qilishda sifat, ot, fe'l va ravish bilan almashinishi mumkin. Tarjima qilishda ko`p hollarda sifatlar ravishlar bilan almashtiriladi. Bu grammatik transformatsiyaning badiiy asar va publitsistika (ijtimoiy-siyosiy masalalarga oid adabiyot)da epitet (sifatlash) hodisaning mavjudligiga bog'liqdir. Yuqorida tahlil qilingan Hedli Cheyzning “Come easy, go easy", ya'ni o'zbek tarjimoni Fathulla Namozov tomonidan bevosita tarjima qilingan "Seyfdagi pullar" nomli asari o'zbek kitobxonlari o'rtasida chuqur obro' topdi. Ushbu asarni detektiv asarlar orasida o'qishga arzigulik, ya'ni yosh kitobxonlarga tavsiya bersa bo'ladigan asar deb bemalol ayta olishimiz mumkin.