Геоэкология ўқув қўлланма
Geoekologiya: nazariy va amaliy masalalar, tabiat va jamiyat o'zaro ta'sirini o'rganish, geoekologik muammolarni tahlil qilish, bashorati va oldini olish usullari
Asosiy mavzular
- KIRISH: Dunyo aholisi sonining ko'payishi, uning ehtiyojini, ayniqsa ehtiyojiga nisbatan xohishining ildam o'sishi Yer resurslaridan kengroq foydalanishga sabab bo'lmoqda. Bu esa yangi texnologiyalarning joriy etilishiga, energetikada, sanoatda, qishloq xo'jaligida, transportda ishlab chiqarishning o'sishiga, yer yuzi landshaftlarini antropogen o'zgartirishga va oqibatda atrof tabiiy muhitga antropogen yukning ortishiga, o'z navbatida, jamiyat va tabiat orasidagi o'zaro ta'sirning kuchayishiga olib keldi. Buning natijasida geotizimlarda ming yillar davomida barqaror bo'lib kelgan tabiiy muvozanat buzilib, inson bilan tabiat o'rtasidagi munosabat murakkablashib, ekologik inqirozli hududlar tarkib topmoqda. Shu sababdan mazkur munosabatlarni o'rganish, ijobiy tomonga o'zgartirish dolzarb masaladir. Bu borada geografiya, ayniqsa geoekologiyaning o'rni kattadir. Chunki, geografik fanlar tabiat qonunlari va qonuniyatlarini, jamiyatning rivojlanish qonuniyatlarini yaxshi anglagan holda, boshqa fanlarga nisbatan kompleks ravishda to'g'ri hal qilishga qodir. Geoekologik vaziyat murakkablashib borayotgan sharoitda uni o'rganish, uning makon va zamonda o'zgarishini nazorat qilish, baholash va tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga, lokal singari mintaqaviy miqyosdagi murakab geoekologik muamolarni yechishga qodir mutaxassislar tayyorlash zamon talabidir. Geoekologik muammolarni o'rganishda avvalo tabiiy komponentlar va geotizimlar orasidagi o'zaro ta'sir va aloqalarga hamda antropogen omilga alohida e'tibor qaratish zarur. Shuningdek, topologik miqyosdan boshlab global miqyosdagi geotizimlargacha o'zaro aloqadorlikda, bir butunlikda ekanligini hisobga olish lozim. Umuman, bunday masalalar bilan ekologik va geografik qonuniyatlar haqida tushunchaga ega bo'lgandan so'nggina shug'ullanih lozim. Fanni o'qitishdan maqsad – geoekologiyaning ilmiy-nazariy asoslari, geoekologik muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi omillar, ularning makon va zamonda o'zgarishi, geoekologik baholash, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning geoekologik asoslarini o'rgatishdir. Fanning vazifasi – geoekologik omillar va indikatorlarni aniqlash, geoekologik baholash, geoekologik monitoring, geoekologik prognozlash, bo'yicha nazariy bilimlarni shakllantirish; geotizimlarda bo'layotgan tabiiy va antropogen jarayonlarni o'rganish, ularning geoekologik vaziyatini aniqlash, geotizimlarning inson uchun ekologik qulay yoki noqulaylik darajasini baholash, geoekologik vaziyatni yaxshilash va tabiiy muhitni optimallashtirish chora-tadbirlarini loyihalash va boshqalar bo'yicha amaliy ko'nikma va malaka hosil qilishdan iborat.
- I BOB. GEOEKOLOGIYANIY ILMIY-NAZARIY ASOSLARI: Atrof-muhitni sog'lomlashtirish, aholini ichimlik suvi, ekologik toza oziq mahsulotlari bilan ta'minlash, biologik xilma-xillikni asrash, iqlim o'zgarishlarining oldini olish dolzarb muammolar hisoblanadi va ularni ijobiy hal qilish insoniyatning kelgusi taraqqiyotini belgilaydi. Hozirgi mavjud ekologik muammolarni o'rganish, ularni tushunib yetish va zarur tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish uchun har bir inson Koinot, quyosh, Yer, notirik va tirik tabiatning uyg'unligi to'g'risidagi bilimlarga ega bo'lishi lozimdir. Ekologiya biologiya fanlari qatoridagi mustaqil fan hisoblanadi. ekologiya tushunchasi fanga birinchi bo'lib 1866 - yilda nemis biologi E.Gekkel tomonidan kiritilgan. Ekologiya – yunoncha so'z bo'lib, uning ma'nosi tirik organizmlarning yashash sharoiti yoki tashqi muhit bilan o'zaro munosabatini bildiradi. Umumiy ekologiya to'rt bo'limga bo'lib o'rganiladi: autekologiya, populyatsiyalar ekologiyasi, sinekologiya va biosfera. 1. Autekologiya ayrim turlarning ular yashab turgan muhit bilan o'zaro munosabatini, turlarning qanday muhitga ko'proq va uzviy moslashganligini o'rganadi. 2. Populyatsiyalar ekologiyasi populyatsiyalar tuzilmasi va dinamikasi, ma'lum sharoitda turli organizmlar sonining o'zgarishi (biomassa dinamikasi) sabablarini tekshiradi. 3. Sinekologiya biogeotsenozning tuzilishi va xossalarini, ayrim o'simlik va hayvon turlarining o'zaro aloqasini hamda ularning tashqi muhit bilan munosabatini o'rganadi. 4. Ekotizimlarni tadqiq qilishning rivojlanishi biosfera haqidagi ta'limotni vujudga keltiradi. Ushbu ta'limotning asoschisi V.I.Vernadskiy hisoblanadi. Sayyoramizda tarqalgan organizmlar, ya'ni Yer qobig'idagi mavjudotlar tizimi biosfera deb ataladi. Bugungi kunga kelib ekologiya sof biologik fanlar tizimidan chiqib, mazmuni kengayib bormoqda. Atrof-muhitga zamonaviy fan va texnika taraqqiyotining ta'siri natijasida ekologiya tushunchasi o'ta kengayib ketdi. Fanga 'Inson ekologiyasi' degan atama ham kirib keldi. Insonni tashqi muhitga munosabati boshqa tirik organizmlardan tubdan farq qiladi. Inson ekologiyasi yangi fan sifatida 1921 yil amerikalik olimlar Borjes va Park tomonidan kiritildi. Dastlab inson ekologiyasi tibbiy soha bo'limi sifatida qaralib, keyinchalik uning ijtimoiy, texnik, me'moriy, iqtisodiy va huquqiy tomonlari ham o'rganildi. Inson ekologiyasi insonni atrof-muhitga va aksincha, muhitning insonga ta'sirini o'rganadi. Inson ekologiyasini o'rganish natijasida ijtimoiy ekologiya vujudga keldi. Unga birinchi bo'lib Raderik Mak Kenzil ta'rif bergan. Ijtimoiy ekologiya ijtimoiy fanlardan biri hisoblanib, uning predmeti inson bilan uning atrof-muhit o'rtasidagi xususiy bog'lanishlarini o'rganishdan iborat. Shunday qilib, ekologiya bugungi kunda tibbiy va ijtimoiy fanlar jumlasiga kirib, o'rganilayotgan ob'ekt yoki tizimni atrof-muhit bilan munosabatini keng miqyosda tadqiq etadi. Bir hujayrali sodda tuzilishdagi bakteriyalar, zamburug'lar, o'simlik, hayvonlar va ularning hamjamoalari, biosfera, shuningdek inson ham ekologiya fanining ob'ekti bo'lib xizmat qiladi. Ekologiya fani tabiat bilan tirik organizmlarning uzviy bog'lanishini ifoda etar ekan, u shubhasiz, tabiatni muhofaza qilishning ilmiy asosini tashkil etadi. Ekologiyada qo'llaniladigan usullar: Dala usuli. Tabiiy sharoitda olib boriladigan va o'tkaziladigan kuzatishlar dala usuli asosida bo'ladi. Dala usuli bo'yicha tur vakillari, ular hosil qiladigan turli katta-kichik tirik organizmlar guruhlari tabiiy sharoitda o'rganiladi. Bunday holda floristika, sistema, geobotanika, fiziologiya kabi biologik hamda nobiologik fanlarning usullari ham keng qo'llaniladi va tirik organizmlarni o'sish, rivojlanish, ko'payish, o'zgarib turish jarayonlari aniqlanishi bilan, ularning bir-birlariga hamda muhitga munosabatlari o'rganiladi, olingan materiallarni ekologik tahlil qilish asosida tirik organizmlarning hayot faoliyatiga oid turli ekologik qonunlar aniqlanadi. Laboratoriya tajriba usuli – maxsus joylarda, xonalarda, turli mikroorganizmlar, suvo'tlar, umurtqasiz hayvonlar, ularning shakllari (shtamlari), kichik-kichik idishlar, Petri kosachasi, akvariumlarda maxsus ozuqa moddalar, yorug'lik, harorat yordamida o'stiriladi va kuzatiladi. Ularning ko'payish jadalligi, massa hosil qilishi, fiziologik, biokimyoviy tarkiblari, hamda foydali shakllarini tez ko'paytirish usullari ishlab chiqilib, non, qatiq, yog', vino, spirt tayyorlashda foydalaniladi. Organizmlar va ularning populyatsiyasi holatini aniqlashda morfofiziologiya indikator usulidan foydalaniladi. Bu usul yordamida hayvon tanasining og'irligi, ayrim a'zolarining tabiiy mintaqalar va muhit omillariga bog'liq holda o'zgarishi, shakllarining kattalashishi yoki kichrayishi o'rganiladi. Organizmlarning son ko'rsatkichlarini o'rganish. Ekologik tadqiqotlarda organizmlarning soni va ularni o'zgarib turishini aniq bilish katta ahamiyatga ega. Organizmlar miqdori vizual va instrumental yo'l bilan aniqlanadi. Organizmlar vizual hisobga olinganda, ularning ma'lum joyda, to'g'ri yo'nalishda yoki ma'lum hajmdagi suvdagi miqdori aniqlanadi. Masalan, geobotanikada ma'lum joydagi o'simliklarni hisobga olish, gidrobiologiyada dengiz, okeanlardan «dnocherpatellar» yordamida suv tagidagi loyqa tortib olinib, uning ichidagi organizmlar tarkibi va soni aniqlanadi. Suv qatlamidan plankton holda yashovchi organizmlarning turlar tarkibi, biomassasi aniqlanadi. Matematik modellar va modellashtirish. Turli ekotizimlarning tabiiy holati, o'zgarishi va ularga xos boshqa ekologik tomonlar matematik modellar usuli yordamida aniqlanadi. Tabiatdagi ko'p qirrali voqeliklarni ekologik nuqtai nazardan tekshirishda katta va kichik ekotizimlarga xos qonuniyatlarni aniqlash jarayonida ularning doimo o'zgarib turishi, muhit omillarining ta'siriga ko'rsatadigan reaksiyasi, turli senozlarning har xilligi va farqi aniqlanadi. Ekologiya fanining vazifalari. Ekologlarning kelajakdagi amaliy vazifalari inson ehtiyojini yanada to'laroq qondirishga qaratilgan holda antropogen biosenozlarni qayta ko'rib chiqish va barqarorligini oshirishga qaratilishi kerak. «Inson va biosfera» deb atalgan yirik xalqaro dasturda keyingi yillarda ekologiya sohasida hamda insonni o'rab turgan atrof-muhitni tadqiq qilishning aniq yo'nalishlari ko'rsatib berilgan: Hayot jarayoni qonuniyatlarini o'rganish, shuningdek insonning tabiiy tizimlarga va biosferaga bo'lgan ta'sirini bir butun holda o'rganish. Biologik resurslardan oqilona foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, inson faoliyati natijasida o'zgargan tabiatdagi o'zgarishlarni oldindan bilib olish va biosferada kuzatilayotgan jarayonlarni boshqarish va nihoyat insonning yashash muhitini saqlash. Antik va XVII-XIX asrlardagi ekologik tadqiqotlar. Hozirgi davrdagi bilimlarimizning shakllanishida qadimgi yunon olimlarining xizmati katta. Masalan, Aristotel (e.av. 384-322 y.y) o'zining «Hayvonlar tarixi» degan asarida suvda va quruklikda yashovchi hayvonlar, shuningdek suzuvchi, havoda uchuvchi va o'rmalovchi kabi hayotiy shakllarni ajratgan. Ulardan tashqari, organizmlarning yashash joylari, yolg'iz yoki gala bo'lib yashash, oziqlanishi va boshqalar qiziqtirgan. Tirik organizmlarning tuzilishi va hayoti Aristotelning shogirdi Teofrast (e.av. 380-271 y.y) ishlarida ham uchraydi. Teofrast o'simliklarning yashash joylarini hisobga olib, ularni o't, chala buta, buta va daraxt kabi hayotiy shakllarga bo'ladi. XVII-XVIII asrlardagi ekologik ma'lumotlar tirik organizmlarning ayrim guruhlarini o'rganishga qaratilgan edi. J.Byuffon ishlarida hayvonlarning tuzilishiga tashqi muhitning ta'siri, J.B.Lamark o'simlik va hayvonlarning evolyutsion o'zgarishlarida eng muhimi tashqi muhit ta'siri ekanligi, ekologik g'oyalarning rivojlanishida Ch.Darvinning organik olam evolyutsiyasi haqidagi ta'limoti ilgari surilgan. Nemis biologi Ernest Gekkel 1866 yilda fanga «ekologiya» tushunchasini birinchi bo'lib kiritdi va unga ta'rif berdi. Ekologiya mustaqil fan sifatida XX asrning boshlarida vujudga keldi. Uning rivojlanishiga G.F.Morozov, V.N.Sukachev, V.G.Ramenskiy, K.Raunkier, Ch.Elton, M.S.Gilyarov, N.S.Serebryakov, A.Tensli, G.Odum, Y.Odum va boshqalar katta hissa qo'shdi. Yirik rus olimi V.I.Vernadskiy biosfera haqidagi ta'limotni yaratdi va biosferaning holati inson faoliyati bilan bog'liqligi haqida xulosaga keldi. O'rta Osiyo allomalarining ekologiya haqidagi qarashlari. O'rta Osiyolik allomalar al-Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Abu Ali Ibn Sino va boshqalar hali ekologiya fani dunyoga kelmagan davrlarda tabiat va undagi muvozanat, o'simlik va hayvonot dunyosi, tabiatni e'zozlash haqida qimmatli fikrlar aytganlar. Muhammad Muso al-Xorazmiy «Bilgingki, daryoning ko'zlari yoshlansa, uning boshiga g'am, kulfat tushgan bo'ladi» deb ta'kidlagan edi. Buyuk alloma suvlarni ortiqcha sarflash hozirgi kundagi Orol fojiasi kabi noxush hodisalarni keltirib chiqarishini nazarda tutgan bo'lsa, ehtimoldan holi emas. Abu Nasr Forobiy odam a'zosining tuzilishi va unda kelib chiqadigan o'zgarishlar, ya'ni kasalliklar, ovqatlanish tartibining buzilishi, kasallikning oldini olish chora-tadbirlari, shuningdek, tabiiy sun'iy tanlanishlar haqida ma'lumotlar qoldirgan. Abu Rayhon Beruniy asarlarida o'simlik va hayvonlarning biologik xususiyatlari, ularning tarqalishi, tashqi muhit bilan o'zaro aloqasi va xo'jalik ahamiyati haqida ma'lumotlar topish mumkin. Abu Ali Ibn Sino inson sog'lig'ini saqlash, parhez, gigiyena to'g'risida, kasalliklarni, jumladan, asab kasalliklarini davolashda jismoniy usullar yaxshi natija berishini aytgan. U kishi organizmiga tashqi muhit ta'siri muhimligini, ayrim kasalliklar suv va havo orqali tarqalishi haqida fikrlar bayon etgan. O'zbekistonda ekologiya fanining rivojlanishi. Ekologik yo'nalishdagi ishlar keyinchalik O'zRFA Botanika instituti olimlari V.A.Burigin, O.X.Hasanov va boshqalar tomonidan o'simliklarni g'oqchil issiq (cho'l) sharoitiga moslashishi, o'simliklar hamjamoasining tuzilmasi, mahsuldorligi, yem-xashakbop o'simliklarning orasidan g'oqchil issiq sharoitga chidamli turlarini tanlash va ularning ekologik-biologik xususiyatlarni o'rganib, sun'iy yaylovlar barpo etishning ilmiy asoslari ishlab chiqildi. O'zRFA Zoologiya va parazitologiya institutida hayvonot olamini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish tadbirlari, qishloq xo'jalik hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklarning oldini olish, qimmatli hayvon turlarining kadastri va nazorat ishlari olib borildi. Ushbu ilmiy ishlarga T.Z.Zohidov, A.M.Muxammadiev, V.V.Yaxontov, M.A.Sultonov, G.O.Olimjonov va boshqalar rahbarlik qildi. XX asrning ikkinchi yarmida hozirgi davr fanlarini «ekologlashtirish» boshlandi. Bu esa ekologik bilimlarning katta ahamiyatga ega ekanligini bildiradi. Demakki, hozirgi davrda ekologiya fanining kelajagi porloq, chunki insoniyatning sayyoramizda yashab qolishi, ko'p jihatdan ushbu fanning rivojlanish darajasi bilan bog'liq bo'lib qoladi. Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi asosiy vazifalar. O'zbekiston Respublikasining atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi birinchi navbatdagi vazifalari quyidagilar hisoblanadi: Jamiyatning ta'lim olish va intelektual potensialini o'sishini ta'minlovchi sharoit yaratish; Atrof-muhit holatini yaxshilash uchun hamda global ekologik muammolarni hal etishga yetarli mablag' ajratish kerak; Genetik fond, turlar va landshaftlar xilma-xilligini saqlash; Tabiiy resurslardan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirish; Maxsus muhofazaga olingan hududlarni boshqarish bo'yicha dasturlar ishlab chiqish; Atrof-muhitni ifloslanish manbalarini aniqlash bo'yicha nazorat tizimini takomillashtirish va rivojlantirish; Xususiylashtirish jarayonlarida ekologik talablarga rioya qilish va atrof-muhitga zarar keltirgani uchun javobgarlik kabilarini nazorat qilish mexanizmini yaratish; Ekologik xavfsiz mahsulotlar va texnologik jarayonlar sohasida ekologik sertifikatlash tizimini takomillashtirish; Ekologik axborotlar va atrof-muhit monitoringi bo'yicha bank tizimini yaratish; Ekologiya va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasining tabiatni muhofaza qilish ishlari bo'yicha faoliyatini yoritib turuvchi markazlashgan axborot tizimini yaratish; Ekologik ta'lim va tarbiya tizimini yanada rivojlantirish; Xalqaro ekologik normalar va standartlar bo'yicha bosqichma-bosqich dasturlar ishlab chiqarish; Xalq xo'jaligining turli sohalarida ekologik toza texnologiyalar, chiqindilarni zararsizlantirish va o'zlashtirish bo'yicha ilmiy-texnik ishlanmalarni hayotga tadbiq etish hamda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishni davom ettirish; Atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan foydalanish masalalari bo'yicha jamiyatdagi ekologik tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlikni kuchaytirish va birgalikda ekologik qarorlar qabul qilish. O'zbekistonda tabiatni muhofaza qilish. O'zbekiston Respublikasi mustaqillikga erishganidan boshlab Rio-de-Janeyro shahrida bo'lib o'tgan xalqaro konferentsiyada qabul qilingan ekologik siyosatni ya'ni atrof-muhit holatini yaxshilash aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni muvofaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Ekologik muammolarni hal etishning asosisy yo'nalishlari Ekologiya va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, Vazirlar mahkamasi, turli nodavlat tashkilotlari hamda davlat tomonidan qabul qilingan Atrof-muhitni muhofazasi, gigiyenik, biologik xilma-xillikni saqlash bo'yicha milliy harakat rejalari va strategiyalarida o'z aksini topgan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning eng muhim vazifasi aholi sonini o'sishi, shaharlarning transport orqali yuk tashishi, sanoat va qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish bilan bog'liq ravishda atrof-muhit muhofazasi muammolarini hal etish ya'ni tabiiy resurslarni qayta ishlash va ulardan oqilona foydalanish masalalari turibdi. O'tish davrida shubhasiz tabiiy resurslardan foydalanish darajasi o'zgaradi va atrof-muhitnining ifloslanishiga ta'sir ko'rsatadi. Bunday sharoitda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tomonidan tabiiy resurslardan tejab tergab foydalanish va kam chiqindili texnologiyalardan foydalanish kabi ekologik siyosatni qo'llashni taqozo etadi. Shunga qaramasdan respublikada quyidagi ekologik muammoalar hal etilmay qolmoqda: Orol bo'yidagi ekologik tang ahvol; Yer, suv, biologik resurslarning qisqarishi ; Yer, suv, biologik xilma-xillikka va atmosfera havosining sifatiga qo'shni davlatlarning ta'siri; Tabiiy holatni va uning ifloslanish manbalari shuningdek tabiiy resurslardan foydalanishni nazorat qilish uchun yetarli texnik va metodik imkoniyatlarning cheklanganligi; Atrof-muhit holatini analitik nazorat qilish uchun maxsus asbob uskunalarning ishlab chiqarish korxonalarining mavjud emasligi; Tog'-kon chiqindilari, avvalgi uran konlari ayniqsa ularning chegara hududlardagi holati; Sanoat va maishiy turmushdagi chiqindilarni qayta ishlovchi va o'zlashtiruvchi tizimning takomillashmaganligi; Tabiiy atrof-muhit va ularning ifloslanish manbalari hamda tabiiy resurslardan foydalanish holati bo'yicha yetarli ekologik bank tizimi ma'lumotlari etarli bo'lmasligi; Tabiiy atrof-muhitni muhofaza qilish va va tabiiy resurslardan samarali foydalanish masalalari makroiqtisodiyotni isloh qilish jarayonida uning diqqat markazida turmog'i lozim. O'zbekiston Respublikasi atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi birinchi navbatdagi vazifalari quyidagilar hisoblanadi: Jamiyatning ta'lim olish va intellektual potentsialini o'sishini ta'minldovchi sharoitni yaratish; Atrof-muhit holatini yaxshilash uchun hamda global ekologik muammoalarni hal etish uchun yetarli mablag'lar ajratilishi kerak; Genetik fondni, turlar xilma xilligi va landshaftlarni saqlash; Tabiatdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish; Maxsus muhofazaga olingan hududlarni boshqarish bo'yicha dasturlar ishlab chiqish kerak; Atrof-muhitni ifloslanish manbalarini aniqlash bo'yicha nazorat tizimini takomillashtirish va rivojlantirish; Xususiylashtirish jarayonida ekologik talablarga rioya qilish va atrof-muhitga zarar keltirgani uchun javobgarlik kabilarini nazorat mexanizmlarini yaratish; Ekologik xavfsiz mahsulotlar ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar sohasida ekologik sertifikatlash tizimini takomillashtirish; Ekologik axborotlar va atrof-muhit monitoringi bo'yicha bank tizimini yaratish; Ekologiya va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasining tabiatni muhofaza qilish ishlari bo'yicha faoliyatini yoritib turuvchi markazlashgan axborot tizimini yaratish; Ekologik ta'lim va tarbiya tizimini yanada rivojlantirish; Xalqaro ekologik normalar va standartlar bo'yicha bosqichma-bosqich dasturlar ishlab chiqarish; Xalq xo'jaligining turli sohalarida ekologik toza texnologiyalar, chiqindilarni zararsizlantirish va o'zlashtirish bo'yicha ilmiy-texnik ishlanmalarni hayotga tadbiq etish hamda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishni davom ettirish; Atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan foydalanish masalalari bo'yicha jamiyatdagi ekologik tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlikni kuchaytirish va birgalikda ekologik qarorlar qabul qilish.
- II BOB. GEOSFERALARNING EKOLOGIK XUSUSIYATLARI: Biosfera (yunoncha bios — hayot, sfera — shar so'zlaridan olingan) — tarkibi, tuzilishi va energiyasi tirik organizmlar tomonidan aniqlanadigan. Yerning qobig'i. Yer qobig'ida hayotning tarqalgan sohalari to'g'risida birinchi ma'lumotlar J.B. Lamarkka tegishlidir. Biosfera tushunchasini fanga birinchi bo'lib avstriyalik geolog olim E. Zyuss 1875-yilda kiritgan. Biosfera haqidagi to'liq ta'limotni rus olimi V. I. Vernadskiy yaratdi va rivojlantirdi. Biosfera — tirik organizmlar yashaydigan, ular faoliyati natijasida tinmay o'zgaradigan sayyoramiz qobig'ining bir qismidir. Yerdagi hamma biogeotsenozlar umumiy ekologik sistema — biosferani hosil qiladi. Biogeotsenozlar biosferaning elementar (eng kichik) birligidir. Biosferaning chegaralari. Tirik organizmlar Yerning gazsimon (atmosfera), suyuq-gidrosfera) qattiq (litosfera) qismlarida joylashgan. Biosferaning yuqori chegarasi dengiz sathidan 15—25 km balandlikda (Yerning har xil hududlarida farqlanadi), atmosferaning quyi qatlami troposferada joylashgan. Bu chegarada quyosh nurlari energiyasi ta'sirida kislorod ozonga aylanadi va ozon ekrani hosil bo'ladi. Ozon ekrani tirik organizmga ko'p miqdorda zararli ta'sir ko'rsatuvchi kosmik va ultrabinafsha nurlarning asosiy qismini Yer yuzasiga o'tkazmaydi. Biosferaning eng yuqori chegarasida noqulay sharoitga o'ta chidamli bakteriyalar, zamburug'lar, moxlar va paporotniklarning sporalari uchraydi. (Ular aeroplankton deyiladi). Kapalaklar, o'rgimchaklar va ba'zi qushlar 6—7 km gacha ko'tarilishi kuzatilgan. Gidrosferani okeanlar, dengizlar, ko'llar va daryolarning suvlari hosil qiladi. Gidrosfera Yer kurrasining 70 foizga yaqin qismini egallaydi. Hayot gidrosferaning hamma qismida, hatto eng chuqur — 11 km gacha bo'lgan joylarida uchraydi. Litosferada hayot uning yuqori qatlamlarida, 3—4 km chuqurlikkacha masofada tarqalgan. Missisipi daryosi havzasidan neft quduqlari kavlanganda 7,5 km chuqurlikda anaerob bakteriyalar topilgan. Shunday qilib, biosfera — Yerning tirik organizmlar yashaydigan geologik qobiqlarining bir qismidir. Sayyoramizdagi hayot chegaralari biosferaning chegaralarini aniqlaydi. Biosferaning tarkibi. Biosferaning tarkibi xilma-xil bo'lib, uni 4 qismga ajratish mumkin: 1. Tirik moddalar. 2. Biogen moddalar. 3. Qattiq jismlar. 4. Biogen va abiogen hosil bo'luvchi moddalar. Sayyoramizda yashaydigan hamma tirik organizmlarning yig'indisi biosferaning tirik moddasini tashkil qiladi. O'zining massasiga ko'ra tirik modda biosferaning juda kichik tarkibiy qismi bo'lsa ham geologik davrlar mobaynida ularning faoliyati Yerning rivojlanishiga juda katta ta'sir ko'rsatadi. V. I. Vernandskiy Yerning paydo bo'lishidan ko'p o'tmasdan unda hayot paydo bo'lgan va u sayyoramizning qiyofasini o'zgartiruvchi asosiy omillardan biri bo'lgan deb ta'kidlaydi. Biogen moddalar — tirik organizmlar faoliyatining mahsulotlaridir. Ularga neft, toshko'mir, ohaktosh va atmosfera gazlarini kiritish mumkin. Qattiq jismlar — tirik organizmlar faoliyatiga bog'liq bo'lmasdan tabiiy jarayonlar, masalan, vulqonlar otilishidan hosil bo'lgan tog' jinslari. Biogen va abiogen hosil bo'luvchi moddalarga tirik organizmlar ta'sirida hamda organik tabiat jarayonlari ta'sirida hosil bo'ladigan tuproq misol bo'la oladi. Shuningdek, biosferaning tarkibida kam miqdorda radioaktiv moddalar, tarqoq atomlar, meteoritlar, kosmik chang zarrachalari ham uchraydi. Biosfera tirik moddasining funksiyalari. Gaz almashinish funksiyasi fotosintez va nafas olish jarayonlari natijasidir. Fotosintez va nafas olish natijasida atmosferada gazlar tarkibi idora qilinadi. Tirik organizmlar faoliyati natijasida hosil bo'lgan atmosfera ular faoliyati tufayli saqlanib turadi. Konsentratsiyalash (jamg'arish) funksiyasi — tirik organizmlarda atrof-muhitdagi kimyoviy elementlar to'planadi. O'simliklar tuproqdan, havodan kaliy, fosfor, azot, vodorod va uglerod kabi elementlarni olib organik moddalar tarkibiga kiritadi. Cho'kma jinslar, bo'r, ohak jinslari ham jamg'arilish funksiyasining mahsulidir. Oksidlanish-qaytarilish funksiyasi — o'zgaruvchan valentlikka ega bo'lgan kimyoviy elementlar— temir, oltingugurt, marganes, azot va boshqalarning aylanishlarini ta'minlaydi. Masalan, xemosintezlovchi bakteriyalar faoliyati natijasida H2S, temir rudasi, har xil azot oksidlari hosil bo'ladi. Biokimyoviy funksiyalar — tirik organizmlarning hayot faoliyati davomida oziqlanishi, nafas olishi, ko'payishi, o'lganidan keyin parchalanishi va chirish jarayonlarini amalga oshiradi. Biosferaning biomassasi. Biosferadagi tirik moddalarning umumiy massasi biomassa deyiladi. Hozirgi davrda Yerda yashaydigan o'simliklarning 500 mingga yaqin turi, hayvonlarning 1,5 milliondan ortiq turi aniqlangan. Shularning 93 foizi quruqlikda, 7 foizi suvda yashaydi. Quruqlik biomassasi. Qutblardan ekvatorgacha biomassa miqdori va turlar xilma-xilligi, hayot zichligi ortib boradi. Ekvator biotsenozlarida yashash joyi, oziq-ovqat, yorug'lik, kislorod uchim kuchli raqobat kuzatiladi. Inson ta'sirida biomassa hosil bo'ladigan maydonlar keskin o'zgaradi. Quruqlik yuzasining asosiy qismini tuproq biogeotsenozlari egallaydi. Tuproq biogen va abiogen usulda hosil bo'ladi, u anorganik va organik moddalardan tashkil topadi. Biosferadan tashqari tuproqning hosil bo'lishi mumkin emas. Tog' jinslariga mikroorganizmlar o'simlik va hayvonlarning ta'sirida Yerning tuproq qatlami asta-sekin shakllanadi. Organizmlar tarkibida to'plangan biogen elementlar ular o'lganidan keyin yana tuproq tarkibiga o'tadi. Tuproqda kechadigan jarayonlar moddalarning biosferadagi davriy aylanishining tarkibiy qismidir. Odamning xo'jalik faoliyati tuproq tarkibining o'zgarishiga, undagi mikroorganizmlar nobud bo'lishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham tuproqdan oqilona foydalanish tadbirlarini ishlab chiqilishi zarur. Okean biomassasi. Suv biosferaning muhim tarkibiy qismlaridan bo'lib, tirik organizmlarning yashashi uchun eng zarur omillardan biri hisoblanadi. Suvning asosiy qismi okean va dengizlarda. Okean va dengiz suvlari tarkibiga 60 ga yaqin kimyoviy elementlardan tashkil topgan mineral tuzlar kiradi. Organizmlar hayoti uchun zarur bo'lgan kislorod va karbonat angidrid gazlari suvda yaxshi eriydi. Suvdagi hayvonlar nafas olish jarayonida karbonat angidrid ajratadi, o'simliklar esa fotosintez natijasida suvni kislorod bilan boyitadi. Okean suvlarining 100 m gacha bo'lgan yuqori qatlamida bir hujayrali suvo'tlari va mikroorganizmlar ko'p tarqalgan, ular mikroplanktonni (yunoncha planktos — sayyor, ko'chib yuruvchi degan so'zdan olingan hosil qiladi. Sayyoramizdagi fotosintez jarayonining 30 foizga yaqini suvda kechadi. Suvo'tlari quyosh energiyasini o'zlashtirib, kimyoviy reaksiyalar energiyasiga aylantiradi. Suvda yashaydigan hayvonlarning oziqlanishida plankton asosiy ahamiyatga ega. Suvning tubida hayot kechiradigan organizmlar bentos (yunoncha bentos — chuqurdagi degan so'zdan olingan) deb ataladi. Okean tubidagi bakteriyalar organik moddalarni minerallashtirib, anorganik moddalarga aylantiradi. Gidrosfera sayyoradagi issiqlik va namlikning taqsimlanishida, moddalarning aylanishida muhim rol o'ynagani uchun o'z navbatida biosferaga kuchli ta'sir ko'rsatadi. Moddalar va energiyaning davriy aylanishi. Biosferaning hamma tarkibiy qismlari tog' jinslari, tabiiy suvlar, gazlar, tuproq, o'simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar — tinimsiz davriy aylanish jarayoni bilan bog'langan. Tirik organizmlarning tarkibiga kiruvchi elementlarning tashqi muhitdan organizmlarga o'tib, hujayradagi metabolizmda ishtirok etishi, keyin tashqi muhitga qaytib, yana tirik organizmlar tomonidan foydalanilishi moddalar va energiyaning biotik davriy aylanishi deyiladi. Biok davriy aylanishi hamma tirik organizmlar ishtirokida kechadi. Biok aylanish biosferaning mavjudligini ta'minlovchi, uning butunligini va barqarorligini saqlovchi muhim omildir. Yerdagi organizmlar tarkibiga kiruvchi elementlar miqdori cheksiz emas. Agar bu elementlar organizmlar tomonidan faqat iste'mol qilinganida, muhitga qaytarilmaganida, ertami-kech ularning zaxirasi tugab, hayot to'xtashi mumkin edi. Akademik V. R. Vilyams ta'kidlashicha, kam miqdorning cheksizligini ta'minlashning birdan bir usuli uni yopiq halqa bo'ylab aylanishga majbur etishdir. Tabiat xuddi o'sha usulni tanlagan. Yerda moddalarning davriy aylanishini ta'minlovchi birdan-bir manba quyosh energiyasidir. Yashil o'simliklar avtotroflar quyosh energiyasi ta'sirida anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlaydi. Boshqa organizmlar (geterotroflar) esa bu moddalarni parchalaydi. Minerallashtirilgan moddalardan esa o'simliklar yana organik moddalarni sintezlaydi. Bir yil davomida yerga tushadigan quyosh energiyasi 10,5xl020 kJ ni tashkil etadi. Bu energiyaning 42 foizi Yerdan koinotga qaytariladi, 58 foizi esa atmosferaga va tuproqqa yutiladi, uning 20 foizini Yer yuzidan qaytaradi. Yerga yutilgan quyosh energiyasining 10 foizi suv va tuproqdan suvni bug'lantirish uchun sarflanadi. Atomlarning biogen migratsiyasi. Biogen migratsiya moddalarning davriy aylanishi bo'lib, tirik organizmlarning oziqlanishi, nafas olishi, ko'payishi, organik moddalarni sintezlashi, to'plashi va ko'payishi hisobiga amalga oshadi. Biogen migratsiyada eng faol ishtirok etuvchi elementlar biogenlar deb ataladi, ularga uglerod, vodorod, kislorod, azot, fosfor, oltingugurt, temir, marganes, molibden, magniy, mis, rux, kalsiy, natriy, kaliy va boshqalar kiradi. Kimyoviy elementlarning izotoplari juda ko'p bo'lishiga qaramasdan, tirik organizmlar tarkibiga ularning faqat ayrim izotoplarigina o'tadi. Masalan, vodorodning H1, H2 H3 izotoplaridan eng faoli H1 gina tirik organizmlar tarkibiga kiradi. Organik moddalar tarkibiga C12 izotopi, anorganik moddalar tarkibiga esa C13 izotopi kiradi. Kislorodning O16, O17, O18 izotoplarining ichida O16 izotopigina yuksak faollikka ega bo'lib, suv va karbonat angidrid tarkibiga kiradi. Kimyoviy elementlarning bir marta to'liq davriy aylanib chiqish vaqti biogeokimyoviy sikl deb ataladi. Masalan, atmosfera kislorodining hammasi 2000 yil, karbonat angidrid gazi 200—300 yil, biosferaga suv esa 2 million yil davomida tirik moddalar orqali o'tadi. Tirik organizmlar o'zida faqat muhitda eng ko'p tarqalgan elementlarnigina emas, balki juda kam miqdorda uchraydigan elementlarni ham to'play olish xususiyatiga ega. Kimyoviy elementlarning tirik organizmlaridagi konsentratsiyasi muhitdagiga nisbatan ancha yuqori bo'lishi mumkin. O'simliklarda uglerodning konsentratsiyasi Yer po'stidagiga nisbatan 200 marta, azotniki esa 30 marta yuqoridir. Har xil organizmlar har xil elementlarni o'zida ko'proq to'play olish xususiyatiga ega. Masalan, temir bakteriyalari — temirni, ildizoyoqli sodda hayvonlar— kalsiyni, bulutsimonlar, ba'zi suvo'tlari — yodni juda ko'p miqdorda o'zlarida to'playdi. Biogen migratsiya natijasida tirik organizmlar ta'sirida ayrim kimyoviy elementlar valentligi o'zgaradi, yangi kimyoviy birikmalar hosil bo'ladi. Bizga ma'lum kimyoviy elementlardan 40 taga yaqini biogen migratsiyasida ishtirok etadi. Biogen migratsiyaning uch turi mavjud. Birinchi turini mikroorganizmlar, ikkinchi turini ko'p hujayrali organizmlar amalga oshiradi. Birinchi tur migratsiyasi ikkinchi turga qaraganda jadalroq kechadi. Hozirgi zamonda biogen migratsiyada insonlarning ahamiyati (uchinchi tur) tobora ortib bormoqda. Elementlar migratsiyasi biogen usuldan tashqari fizik va kimyoviy usulda ham kechadi. Lekin biogen migratsiya boshqa usuldagilarga qaraganda ustun turadi. Uglerodmmg davriy aylanishi. Karbonat angidrid o'simliklar tomonidan yutilib, fotosintez jarayonida uglevodlarga, lipidlarga, oqsillarga va boshqa organik moddalarga aylanadi. Bu moddalar hayvonlar tomonidan iste'mol qilinib, ularning nafas olish jarayonida yana karbonat angidrid gazi holatida atmosferaga ajratiladi. O'lik o'simlik va hayvonlar, ularning chiqindilari mikroorganizmlar tomonidan parchalanib, minerallashadi. Minerallashishning oxirgi mahsuloti bo'lgan karbonat angidrid tuproqdan va suv havzalaridan atmosferaga ajratiladi. Uglerodning bir qismi tuproqda organik moddalar sifatida saqlanib qoladi. Dengiz suvida uglerod ko'mir kislota va uning tuzlari, bo'r, ohaktosh, korallar sifatida to'planadi, cho'kindi sifatida uzoq vaqt biogen migratsiyasida qatnashmaydi. Vaqt o'tishi bilan tog' hosil bo'lish jarayonlari natijasida bu cho'kindilar yana yuqoriga ko'tarilib, kimyoviy o'zgarishlar ta'sirida davriy aylanishga qo'shiladi. Uglerod atmosferaga avtomobillardan, ishlab chiqarish korxonalarining chiqindilari tarkibidan ham ajratiladi. Biosferada uglerod almashinishi natijasida insonning amaliyotida foydalaniladigan energiya resurslari — neft, toshko'mir, yoqilg'i gazlari, torf, yog'och hosil bo'ladi. Azotning davriy aylanishi. Azot ham eng muhim elementlardan biridir. U oqsillar va nuklein kislotalar tarkibiga kiradi. Azotning bir qismi atmosferadan yashin paytida azot va kislorod bilan birikib, azot oksidlari hosil qilishi natijasida o'zlashtiriladi. Tuproqda yashaydigan azot fiksatsiyalovchi bakteriyalar o'lib, minerallashishi natijasida, ular tuproqni azot bilan boyitadi. Shuning natijasida har bir gektar tuproqda bir yil davomida 25 kg ga yaqin azot to'planadi. Eng samarali azot fiksatsiyalovchilar dukkakli o'simliklar ildizida hayot kechiruvchi tuganak bakteriyalar va tuproqda erkin yashovchi azotobakterlar hisoblanadi. Ildizlarda to'plangan azot o'simliklarning yer usti qismlariga o'tib, oqsil biosinteziga sarflanadi va ildiz atrofidagi tuproqda to'planadi. Beda ekilgan bir gektar maydonga bir yilda 150—400 kg gacha azot to'planadi. Suvda va nam tuproqda azotni ko'k yashil suv o'tlari fiksatsiyalaydi. Organizmlar o'lgandan keyin chirituvchi mikroorganizmlar ta'sirida oqsillar parchalanishi natijasida ammiak hosil bo'ladi (bu jarayon ammonifikatsiya deyiladi), qisman o'simliklar va bakteriyalar tomonidan o'zlashtiriladi va nitratlarga aylantiriladi. Bu jarayon nitrifikatsiya deyiladi. Nitratlar ammoniy tuzlar kabi o'simliklar va mikroorganizmlar tomonidan iste'mol qilinadi. Nitratlarning bir qismi esa ayrim bakteriyalar tomonidan elementar azotgacha parchalanib, atmosferaga ajratiladi. Bu jarayon denitrifikatsiya deyiladi. Shu tarzda azotning tabiatda davriy aylanishi davom etaveradi. Shunday qilib, biogen migratsiya jarayonida jonli (biotik) va jonsiz (abiotik) tabiatning o'zaro munosabati natijasida anorganik materiya tirik organizmlarga o'tib, o'zgarib yana qaytadan abiotik holatga qaytarilaveradi. Bu davriy aylanish uzluksiz davom etaveradi.
- III BOB. GEOEKOLOGIYANIY AMALIY MASALALARI: Geoekologik muammolarning yuzaga kelishi va shakllanishi. Geoekologik muammolarning vujudga kelishi tabiat va inson faoliyati bilan bog'liq tarzda ro'y berishi mumkin. Geoekologik muammolarni keltirib chiqaruvchi tabiiy omillar va jarayonlardan asosiylari: vulqon otilishi, zilzila, surilma, ko'chki, sel, suv toshqini, kuchli shamollar, yong'inlar va boshqalardir. Bunday omillar bevosita har bir geotizimning tabiiy xususiyatlari bilan bog'liq bo'lib, unda inson ishtiroki bo'lmaydi. Insonning tabiiy muhit bilan o'zaro ta'siri murakkablashib borishi oqibatida ko'p qirrali va turli xususiyatli muammolar yuzaga kelib, o'zaro ta'sir kuchaygan sari shakllanib, yanada jadallashmoqda. Inson va tabiiy muhit o'zaro ta'siri kelib chiqishi jihatidan aslida ekologik muammo hisoblanadi. Lekin, u ma'lum geotizimda turli miqyosda hamda tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy geografik qonuniyatlar asosida ro'y berganda sababli geografik muammo ham hisoblanadi, ya'ni ekologik muammo muayyan geotizimda tarkib topib, shakllanib, rivojlanish bosqichlarini bosib o'tadi. Shu nuqtai nazardan qisqacha qilib geoekologik muammo deyish mumkin. Geoekologik muammolar – insonlarning sog'ligi va xo'jalik faoliyatiga salbiy ta'sir etadigan, ularning tabiiy muhit bilan munosabatlarida va geotizimlarning bir butunligida nomutanosiblikni keltirib chiqaruvchi, tabiiy va antropogen omillar natijasida yuzaga kelgan jarayon va hodisalar. Geoekologik muammolar tabiiy geografik qonuniyatlarga bo'ysinadi. Shuning uchun ham uni tadqiq etishda tabiiy geografik fanlarning tadqiqot usullaridan, yondashuvlaridan va prinsiplaridan foydalanish lozim. Geoekologik muammoni ekotizim, biogeotsenoz yoki ma'muriy-hududiy birlik doirasida o'rganish ham mumkin. Lekin bu holda mazkur muammoning hududiy chegaralari geotizim chegaralariga har doim ham mos tushavermaydi. Inson tabiiy resurslardan foydalanganda, avvalo tabiiy sharoit o'zgara boshlaydi, uning asosiy haraktlantiruvchi omillari dinamik o'zgarishda bo'ladi, geotizimlarning ma'lum yo'nalishdagi o'zgarishlari tarkib topadi. Geoekologik muammolar, odatda, tizimli xususiyatga ega bo'lib, bu xususiyatlar quyidagilarda namoyon bo'ladi: tabiiy hamda ijtimoiy jarayonlar va qonuniyatlarning o'zaro ta'siri; geografiya, ekologiya, geologiya va boshqa fanlarning integratsiyasini talab etadigan fanlar aro ahamiyat kasb etishi; resurslardan turli maqsadlarda bir qancha foydalanuvchilarning mavjudligi; geotizim yoki geoekologik muammoning holatini bitta ko'rsatkich bilan tavsiflash mumkin emasligi. Geoekologik muammo qotib qolgan, o'zgarmas holat bo'lmay, balki muntazam ravishda dinamik o'zgaruvchi va rivojlanuvchi, ko'p sonli oddiy muammolarning tizimidir. Masalan: «Orolbo'yida geoekologik muammo 1960-yillarning boshidan vujudga kela boshlagan bo'lsa, 1970-yillarning o'rtalarida (1974 yil Taxiatosh gidrouzeli qurilgandan so'ng, deltada tabiiy suv toshishi to'xtatilganidan so'ng) shakllanish bosqichiga o'tdi. Dastlab grunt suvlarining ko'tarilishi bilan tuproqlar sho'rlana boshladi, so'ng eol relef shakllari vujudga keldi. Tuproqlar quyidagicha yo'nalishda o'zgarib bormoqda: allyuvial o'tloq – o'tloq va botqoq – o'tloq, sho'rhoklar va o'tloq-taqir – tipik sho'rhoklar – taqirli sho'rhok va taqir – qum cho'l tuproqlari " (Rafiqov, 1997). Geoekologik muammoni bartaraf etish deganda avvalombor, dastlabki tabiiy muvozanatni qayta tiklashni tushunmoq lozim. Tabiiy muvozanat (ekologik muvozanat) ni qayta tiklash – tabiiy komponentlar va geotizimlar orasidagi o'zaro bog'liqlik, aloqadorlik va harakatni dastlabki holatiga yaqinlashtirishdir, lekin uni asl holiga qaytarib bo'lmaydi. Buzilgan tabiiy muvozanatni qayta tiklash tadbirlarida aholining yashash sharoiti va sog'ligini ham avvalgidek holatiga olib kelish lozim. Masalan: Orol va Orolbo'yi bir-biri bilan uzviy bog'liq muammolar bo'lib, ularning yechimi o'zaro bog'liq kompleks tadbirlarni baravariga qo'llagan holdagina hal qilinishi mumkin. Bunda eng birinchi navbatda tashqaridan kelayotgan suvning toza va miqdorining ko'p bo'lishiga erishish lozim. Chunki, muammoni tezlatuvchi kuch qurg'oqchil iqlim sharoitida cho'llashish hodisasidir. Geoekologik muammolarning tasniflanishi. Geoekologik muammolarni bir qancha ko'rsatkichlar (xo'jalik sohalari bilan bog'liq, egallagan maydoni bo'yicha, oqibatiga ko'ra, kelib chiqish omillari) bo'yicha tasniflash mumkin, lekin yuqorida ta'kidlaganimizdek geoekologik muammo muayyan maydonda tarkib topib, shakllanadi. Shu sababli bunday muammolarni tarqalgan maydoni bo'yicha – global, regional va lokal, ayrim hollarda esa milliy kabi guruhlarga ajratiladi. Global geoekologik muammolar – butun geografik qobiqni qamrab oladigan va yer yuzining turli rayonlarida har xil namoyon bo'ladigan muammolar. Masalan, Ozon qatlamining yemirilishi muammosi, «issiqlik samarasi» muammosi; sayyoraviy – butun geografik qobiqni qamrab oladigan va yer yuzining turli rayonlarida har xil namoyon bo'ladigan muammolar. Masalan, Ozon qatlamining yemirilishi muammosi, «issiqlik samarasi» muammosi; universal – vaqt mobaynida ko'p marotaba, lekin ma'lum ko'rinishda takrorlanadigan muammolar. Masalan, tuproq degradatsiyasi, bioxilma-xillikning qisqarishi, cho'llashish va h.k. Quyida global geoekologik muammolardan ayrimlarini, masalan, O'zbekiston uchun yechimi eng ahamiyatli bo'lgan muammolardan bo'lgan tuproq degradatsiyasini qisqacha tavsiflaymiz. Degradatsiya so'zi polyak tilidan olingan bo'lib, (degradaya, lotin tilida esa degradation) “sekin-astalik bilan kamayish” va “pastga ketish” degan ma'nolarni anglatadi. Tuproq degradatsiyasi – jarayonlar yig'indisi bo'lib, ular tuproqlarning funksiyasini o'zgarishiga, xossalarining miqdor va sifat ko'rsatkichlarining yomonlashishiga va unumdorlikning pasayishiga olib keladi, yani tabiiy va antropogen omillar ta'sirida tuproqlarning turg'un xossalarining buzilishi, sifatining yomonlashuvi, xo'jalik nuqtai nazardan bahosining tushishi va samaradorlikning pasayishidir. Tuproq degradatsiyasining antropogen omillari ikki guruhga bo'linadi: maqsadli yo'naltirilgan va maqsadsiz yo'naltirilgan. Maqsadli yo'naltirilgan – bu tuproqlarning xossalariga aniq yo'nalishda ta'sir qilishga qaratilgan. Maqsadsiz yo'naltirilgan – bu tuproq qoplamiga kompleks aralashgan holda ta'sir qilib, uning xossalarining o'zgarishiga olib kelishi mumkin. Tuproq degradatsiyasi quyidagi turlarga bo'linadi: Fizik va mexanik degradatsiya. Tuproq granulometrik tarkibining o'zgarishi bilan tuproq materiallarining yomonlashish jarayonini kuzatilishi, tuproq qatlamlarining nazoratsiz qolishi, ularning zichlashishi, havo va suv rejimlarining buzilishidir. Kimyoviy va fizikaviy degradatsiya. Tuproqning kimyoviy va fizikaviy degradatsiyasi – bu tuproq singdirish sig'imidagi jarayonlar, jumladan kislotalik-ishqoriylik xossalarini, oksidlanish-qaytarilish potensialini, makro va mikroelementlarini hamda o'simliklar uchun zarur bo'lgan elementlarining salbiy tomonga o'zgarishidir. Biologik va biokimyoviy degradatsiya. Biologik va biokimyoviy degradatsiya – bu tuproq organik qismining o'zgarishi va sifatining yomonlashishi, tuproq organizmlarini sifat va miqdor tarkibining salbiy tomonga o'zgarishidir. Tuproq degradatsiyasining o'ziga xos turlaridan biri - tuproqlarning zaharli kimyoviy va organik birikmalar, og'ir metallar, neft va neft mahsulotlari hamda radioaktiv elementlar bilan ifloslanishidir. Tuproq degradatsiyasining asosiy turlariga: tuproqning fizikaviy, fizik-kimyoviy, biologik xossalariga, havo, suv va issiqlik rejimiga salbiy ta'sir etuvchi, eroziya, degumifikatsiya jarayonlari, qatlamlarning zichlanishi, kislotalikning ortishi, ikkilamchi sho'rlanish, botqoqlanish kabilar kiradi. Tuproq degradatsiyasi va butunlay yemirilish hodisasini bir necha guruhga bo'lish mumkin: tuproq bioenergetik rejimining buzilishi (tuproq devegetatsiyasi – o'simlik qoplamining qirilishi, tuproq degumifikatsiyasi – tuproq gumusining yo'qotilishi, tuproqlarning qashshoqlanishi – yerlardan uzoq muddat foydalanish natijasida tuproqlarda ro'y beradigan jarayonlar); tuproqlarning patologik holatini buzilishi (tuproqlarning sanoat eroziyasi – qishloq xo'jaligi va o'rmon yerlarining aholi punktlari, karerlar, suv omborlari, sanoat va maishiy ahlatlar chiqindixonalari qurilishiga olinishi; tuproqlarning suv va shamol eroziyasi – tuproq yuza qatlamining suv va shamol ta'sirida yemirilishi; tuproq strukturasi buzilishi va qatlamlarining o'ta zichlashuvi); tuproqlarning suv va kimyoviy rejimining buzilishi (tuproqlarning namligini va o'simlik qoplamini butunlay yo'qotilishi; tuproqlarning sho'rlanishi – tuproq yuqori qatlamlarida, hosildorlikning yo'qolishiga olib keladigan, tez eruvchan tuzlarning to'planishi; tuproq asidifikatsiyasi – tuproq ishqorlik darajasining qishloq xo'jalik ekinlari va yovvoyi o'simliklar uchun optimal miqdordan ko'tarilishi bilan bog'liq jarayon; tuproqning quruqlashuvi – quritish melioratsiyasining noto'g'ri qo'llanilishi oqibatida ro'y beradigan jarayon; botqoqlanish – tuproq yuqori gorizontlari namligining oshishi va namsevar o'simliklarning paydo bo'lishi). O'simliklardan foydalanish jarayonida ham landshaftlarga juda katta zarar yetkaziladi. Maydonning o'simlik qoplami xom ashyo va energetika resurslarining bevosita qayta tiklanish manbai bo'lib xizmat qiladi. Bunga yana o'rmonlardan rekreatsiya maqsadlarida foydalanishni, qurilish va o'tin uchun qirqishni ham kiritish mumkin. Shuning uchun o'rmon landshaftlarida turli shakldagi antropogen ta'sirlarning murakkablashganini va landshaftlarning shularga mos holda o'zgarganligini kuzatish mumkin. Shudgorlash boshqa xo'jalik tarmoqlariga qaraganda o'rmonlarda ancha kuchli va salbiy o'zgarishni keltirib chiqaradi. Chunki, u tabiiy o'simlik qoplamini butunlay yo'q qiladi. O'rmonlarga eng kuchli antropogen ta'sir omillari bo'lib shudgorlash, daraxt va butalarni qirqish, meyoridan ortiq mol boqish hisoblanadi. Hozirgi kunda (1.01.2008) respublikamizning 18.4 % maydonini – 8 178 877 ga. davlat o'rmon fondi yerlari egallaydi, o'rmon bilan qoplanganlik 6.4 % ni tashkil etadi. Tog' o'rmonlari – 874074 ga; cho'l zonasi o'rmonlari (saksovulzorlar) – 7022557 ga; tog'ay o'rmonlari – 106716 ga; sun'iy o'rmonlar – 175530 ga.ni tashkil etadi. O'rmon bilan qoplangan maydon – 2827537 ga.ni tashkil etadi, shundan – 2120937 ga. tabiiy o'rmonlar, 594883 ga. esa madaniy o'rmonlardir (Milliy ma'ruza, 2008). Yaylov chorvachiligi – xo'jalikning an'anaviy ekstensiv shakli, arid va subarid mintaqalar uchun xos bo'lib, uning ta'siri maydonli tavsifga ega. Yaylovlarga antropogen yuk, ya'ni chorva soni meyoridan bir necha marta ortadi. Ulardan uzoq muddat nooqilona foydalanish o'simlik qoplamininng degradatsiyalashuviga olib keladi: ozuqabop o'simliklar yarimbutalar bilan almashinadi, o'simlik qoplamining qalinligi va zichligi kamayadi. Chorva boqishning tuproqqa mexanik ta'siri deflyasiyaning rivojlanishiga, mustahkamlanmagan va chalamustahkamlangan tuproqlarning maydonini kengayishiga sharoit yaratadi. "Chorvani meyoridan ortiq boqilishi bilan bog'liq quyidagi o'zaro aloqador
- 3.4. Geoekologik baholash: Inson xo'jalik faoliyati natijasida tabiiy muhitda, ya'ni geotizimlarda har xil o'zgarishlar sodir bo'lishi oqibatida turlicha geoekologik vaziyatlar yuzaga keladi. Ushbu geoekologik vaziyatlarning aks ta'siri jamiyatda ham namoyon bo'ladi. Shuning uchun yuzaga kelgan geoekologik vaziyatlarni o'rganish ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. O'tgan asrning oxirlaridan boshlab geoekologiyaning mustaqil fan bo'lib shakllanishi munosabati bilan turdosh fanlardan unga juda ko'plab termin va tushunchalar kirib keldi. Shulardan biri ekologik vaziyat tushunchasi bo'lib, geoekologiyada geoekologik vaziyat deb qo'llanilmoqda. Lekin, ayrim hollarda geoekologik vaziyat tushunchasining o'rniga geoekologik holat, geoekologik ahvol, geoekologik muhit, geoekologik sharoit kabi tushunchalar qo'llanilayotganini ko'rishimiz mumkin. Bu esa mazkur tushunchaning mazmun va mohiyatini turlicha talqin etilishiga sabab bo'lmoqda. Ushbu tushunchani o'z o'rnida va to'g'ri ishlatish uchun ekologiya va geoekologiya fanlarining o'rganish ob'ekti bir-biridan farq qilishini hisobga olish lozim. Ekologiyaning o'rganish ob'ekti ekotizim bo'lib, markazida "ho'jayin" turishi va qolgan komponentlar "ho'jayin" ning yashash muhiti, omili ekanligini hisobga olsak, ekologik muhit, ekologik (muhitning) sharoit, ekologik (muhitning) holat, ekologik (muhitning) ahvol kabi tushunchalarni qo'llash balki to'g'ridir va ular qaysidir ma'noda sinonimdir. Geoekologiyaning o'rganish ob'ekti esa geotizim bo'lib, unda barcha tabiat komponentlari o'zaro teng ahamiyatli ekanligini va bir-birini taqozo etishini hisobga olsak, yuqoridagi tushunchalarning hammasini ham "geografiyalashtirib" bo'lmasligi ma'lum bo'ladi. Ekologik muhit biron organizm uchun noqulay bo'lsa, boshqasi uchun qulay bo'lishi mumkin. Geotizim esa bir butun bo'lib, undagi geografik qonuniyatlarga inson ham bo'ysinadi, modda va energiya almashinuvida boshqa komponentlar singari bir "bo'g'in" sifatida ishtirok etadi. Agarda geotizimlardagi bir butunlik hamda modda va energiyaning almashinuvi buzilsa (ayniqsa, inson tomonidan) tabiiy muvozanat buziladi, oqibatda salbiy geoekologik vaziyat yuzaga keladi va bu barcha komponentlarga ta'sir etib ularning turli darajada o'zgarishiga olib keladi. Demak, geoekologik vaziyat tushunchasi inson nuqtai nazaridan, ya'ni avvalo aholining sog'ligi, keyin esa xo'jalik faoliyati maqsadida qaralar ekan. Geoekologik vaziyat tushunchasiga ta'rif berishdan oldin taniqli olimlarning bu boradagi fikrlarini keltirib o'tmoqchimiz. A.A.Rafiqov (2000) bo'yicha, geoekologik vaziyat – ma'lum ekologik sharoitda mavjud bo'lgan tabiiy muvozanat, uning dinamik holati, komponentlarining shu vaziyatdagi meyoriy xususiyatlari, o'zgarish yo'nalishlari, tirik tabiat bilan jonsiz tabiat o'rtasidagi munosabatning barqarorlik holati, kishilarning turg'un tibbiy holat darajasidan iborat. B.I.Kochurov (1992) bo'yicha, ekologik vaziyat turli darajada noqulayliklar vujudga keltiruvchi ekologik holat va insonning hayotiy tizimlari bilan bog'liq ekologik muammolarning makon va zamonda almashib kelishidan iborat. A.S.Stepanovskix (2000) geoekologik vaziyatni faqatgina antropogen hodisa va jarayonlarga nisbatan qo'llash lozim, deydi. A.G.Isachenko (2003) esa geoekologik vaziyatni tabiiy muhitning ekologik holati sifatida qarash lozim, deb hisoblaydi. Bizningcha, geoekologik vaziyat – muayyan geotizimlarda tabiiy geografik jarayonlar va inson xo'jalik faoliyati bilan bog'liq geoekologik muammolarning makon va zamonda almashinib kelishining ayni vaqtdagi holati: tabiiy landshaftlarning o'zgarish holati; tabiat komponentlarining sifat va soniga ko'ra holati; antropogen yuk holati; aholining salomatligi holati va h.k. Bunda nafaqat shu geotizimdagi, balki yon atrofdan tutash geotizimlardagi antropogen salbiy ta'sirlarning ham bo'layotgan oqibatini hisobga olinadi. Ma'lumki, ifloslangan zaharli moddalar havo, suv va hayvonlar orqali mazkur geotizimga kirib keladi. Geoekologik vaziyatni baholash integral baholash bo'lib, geotizimning barcha komponentlarini qamrab olar ekan, uni amalga oshirishda komponentlar bo'yicha baholash hamda ushbu komponentlarni son va sifat jihatidan tavsiflovchi kadastr ma'lumotlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Chunki, bunday ma'lumotlar har bir komponent yoki soha uchun mutaxassislar tomonidan tayyorlangan bo'lib, ancha mukammaldir. Geoekologik vaziyatlar darajasini aniqlovchi mezonlar (5-javdval) asosida Toshkent viloyati landshaftlarining geoekologik vaziyatlari baholandi. Keltirilgan ko'rsatkichlarning hammasi ustuvorlikka ega, lekin har bir landshaftning o'ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, u yoki bu ko'rsatkich bosh ustuvorlikka ega bo'lishi mumkin. Baland tog'larning suvayirg'ichlarida ekzaratsiya, tog' yonbag'irlarida eroziya, sanoat rivojlangan hududlarda atmosfera havosi, sug'orma dehqonchilikda foydalaniladigan landshaftlarda tuproqlarning pestitsidlar bilan ifloslanishi esa xo'jalik faoliyati maqsadida qaralar ekan. Geoekologik vaziyat tushunchasiga ta'rif berishdan oldin taniqli olimlarning bu boradagi fikrlarini keltirib o'tmoqchimiz.
- 3.6. Geoekologik prognozlashtirish: Prognoz – (yunon. prognosis) oldindan ko'rish, oldindan aytish degan ma'nolarni bildiradi. Tabiat bilan jamiyat o'rtasidagi munosabatlar chigallashib borayotgan hozirgi vaqtda tabiiy muhitning kelajakda qanday xususiyatlarga ega bo'lishi, geoekologik vaziyat qay holatda bo'lishini bilish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, inson xo'jalik faoliyati jadal ro'y berayotgan, antropogen omil kuchli ta'sir etayotgan geotizimlardagi geoekologik vaziyatni prognozlashtirish va prognozlarini ishlab chiqish muhim ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Geoekologik prognozlashtirish. Geoekologik prognozlashtirish – tadqiqot ob‘ektining (geotizimlar) geoekologik vaziyatining kelajakdagi holati, yuz berishi mumkin bo'lgan o'zgarish yo'nalishlari va evolyusiyasini ilmiy asoslangan oldindan ko'ra bilishdir. Geoekologik tadqiqotlarda geotizimlar, ulardagi tabiiy va antropogen jarayonlar, hodisalar prognozlashtirish ob'ektlari bo'lib hisoblanadi. Geoekologik prognozlashtirishning maqsadi – kelajakda tabiiy muhitda (geotizimlarda) yuz berishi mumkin bo'lgan o'zgarishlar, geoekologik vaziyatlarning evolyusiyasi yoki asosiy yo'nalishlarini aniqlash. Shu maqsadda geoekologik prognozlashtirish turlicha bo'lishi mumkin: landshaftning dinamik o'zgarishi natijasida geoekologik vaziyatlarning evolyusiyasi yoki asosiy yo'nalishlarini aniqlash; sanoat korxonalari chiqindilarining ko'plab chiqarilishi natijasida atrof-muhitning ifloslanishi va buning asosida geoekologik vaziyatning jiddiylashuvini prognoz qilish; suv havzalarining ifloslanishi va sathining pasayib borishi natijasida uning qurigan qismida geoekologik vaziyatning murakkablashuvini prognoz qilish; iqlimning global isishi natijasida cho'llashish va geotizimlarda bo'ladigan o'zgarishlarni prognoz qilish va h.k. Geoekologik prognoz geotizimlarning asosiy o'zgarish yo'nalishlarini, dinamik o'zgarishlarini, morfologik strukturalarning murakkablashishini ham o'z ichiga oladi. Geoekologik prognozni ishlab chiqish yetarli darajada murakkab va serqirrali bo'lib, uning qay darajada to'liqligi, haqiqatga yaqinligi va o'zini oqlashligi prognozlashtirish jarayonining majmuali holda olib borilishi va ilmiy asoslangan materiallar yetuk mutaxassislar tomonidan tayyorlanishiga bog'liqdir. Geoekologik prognozlashtirish jarayonida tadqiqotchining e'tibori doimo kelajakka qaratilgan bo'ladi, ya'ni u yoki bu geotizim tabiiy va antropogen omillar ta'sirida ma'lum vaqt davomida qanday o'zgarishlarga uchraydi va buning oqibatida uning strukturali-dinamik holati hozirgi holatidan qanday farq qiladi. O'zgarish jarayonida endogen va ekzogen kuchlar hamda antropogen omillarning qaysi biri yetakchiligi hisobga olinadi, bu borada ularning o'zgarish yo'nalishi hisobga olingan holda geotizimda yuz berishi mumkin bo'ladigan ayrim o'zgarishlar tahlil qilinib, keyin tegishli xulosa, ya'ni prognoz qilinadi. T.V.Zvonkovaning (1988) fikricha, prognozlashtirishning umumiy mantiqiy sxemasi quyidagicha: Prognozlashtirish ob'ektining o'tmishda va hozirdagi rivojlanish qonuniyatlari hamda yo'nalishlari to'g'risida tushunchaga ega bo'lish; Ob'ektning kelajakdagi rivojlanishi va holatini ilmiy jihatdan asoslash; Ob'ektning o'garishini belgilovchi sabablar va omillar to'g'risida hamda uning taraqqiyotini tezlashtiruvchi yoki to'sqinlik qiluvchi sharoitlar to'g'risida tasavvurga ega bo'lish; Boshqaruv bo'yicha prognozli xulosalar va qarorlarni ishlab chiqish. Geoekologik vaziyatlarning prognozli xususiyatlari. Har qanday geoekologik vaziyat ma'lum prognostik elementlar, xususiyatlar, belgilarga ega bo'ladi. Buning ifodalanishi geotizimning strukturali dinamik holati, o'zgarish yo'nalishi va boshqa xususiyatlariga bog'liq. Antropogen omil ta'sir etib turishi natijasida bir geoekologik vaziyat boshqasining shakllanishiga zamin bo'ladi. Bu to'g'risida tabiiy geografik jarayonlar, grunt suvlarining rejimi, tuproq, o'simlik kabilar ancha ishonarli axborot beradi. Grunt suvlari sathining 7 m dan pastga tushib ketishi tekislikda elyuvial sharoitning hukmron bo'lishidan darak beradi. Bu holda tuproq avtomorf rivojlanish bosqichiga o'tishga intiladi, oqibatda avvalgi mezofitlar kserofit, galofit va psammofit guruhi bilan almashib boshlaydi. Prognozlashtirishda dala sharoitida bu hodisalarni chuqur tahlil qilish ham etarli ma'lumotlarni to'plashga imkon beradi. E'tiborga olish zarurki, har bir geotizimning geoekologik vaziyati faqat o'zida yaqqol prognostik xususiyatlarga ega bo'ladi. Tog', tog' oldi, tekislik geotizimlarining geoekologik vaziyati bir-biridan sezilarli farq
- 4.1. Ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanish: Barqaror rivojlanish g'oyasi umumjahon ahamiyatiga ega bo'lib, buni faqat sayyoramiz miqyosidagina amalga oshirish mumkin. Jamiyat barqaror rivojlanishining aniq mezonlari insonlarga kelajakda hayot tarzini o'zgartirishga yordam beradi. Demak, kelajak avlodlarning ravnaqi yo'lida, qisqa muddatli foydadan va shaxsiy manfaatdorlikdan voz kechish lozim bo'ladi. Hozirgi davrda Barqaror rivojlanish Kontsepsiyasi iste'molchi talablarini qondirish uchun kam miqdordagi resurslardan foydalanishga, atrof-muhitga ko'rsatilayotgan salbiy ta'sirni kamaytirishga mo'ljallangan uzluksiz jarayonni o'z ichiga oladi. Asosiy maqsad – atrof-muhitni ifloslanishini oldini olishning eng yaxshi usuli - uning paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaslikdir. Shuning uchun ham, xom ashyo boyliklaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasidan foydalanishni kamaytirish, ozon qatlamini buzuvchi kimyoviy moddalardan voz kechish ushbu dasturning asosiy vazifalari hisoblanadi. Bu maqsadlarni amalga oshirishda quyidagilarni hisobga olish kerak: Zararli chiqindilarning miqdorini 35 % ga, zaharli chiqindilarning atmosferaga chiqishini 60 % ga pasaytirish; Kantserogen moddalarning chiqishini 96 % ga kamaytirish; Yer usti va yer osti suvlarida zaharlovchi moddalarni to'liq yo'q qilish yoki ularni zararsizlantirish; Polimerlar ishlab chiqarishda og'ir metallardan foydalanishdan voz kechish; Plastik chiqindilarni yo'qotishning yo'llarini izlash; Ekologik xavfsizlik tizimlarini rejalashtirishda mahalliy jamoatchilikni jalb etish; Yovvoyi tabiatning yashash muhitini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni ta'minlash; Xlor, ftorlardan foydalanishni to'xtatish va uning o'rnini to'ldiruvchi xavfsiz moddalarni topish va hokazolar. Barqaror rivojlanish - insoniyatning kelajagini belgilab beradigan yagona taraqqiyot yo'lidir. Bunda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik barqarorlik ko'zda tutiladi. Ekologik barqaror rivojlanish deyilganda, tashqi omillar ta'sirida ma'lum ekotizim (yoki hudud) ning o'z tuzilmasi va faoliyatini saqlab qolish xususiyatiga aytiladi. Barqaror rivojlanishning (BR) bir qator ta'riflari: BR avlod, tur, va guruhlar orasida ma'naviy printsipda tenglikka asoslanadi. Insoniyat uchun uzoq muddatli maksimallashtirilgan yo'l. Bir – birini to'ldiradigan iqtisodiy o'sish va rivojlanish atrof muhit, jamiyatga ziyon yetkazmasligi zarur (ko'pgina xalqaro tashkilotlar nuqtai nazari bo'yicha). BR – bu iqtisodiy rivojlanish bo'lib, unda atrof-muhit barqarorligi va barqaror, doimiy iqtisodiy o'sish ta'minlanadi. BR – insoniyat va atrof-muhitning uyg'unlashgan jarayoni. Inson va biosferaning koevolyutsiyasi (birgalikda rivojlanishi). Rivojlanishni ta'min etishda atrof - muhitga g'amxo'rlik qilish. Bizni rivojlanish yo'liga boshlab boradigan rahbarlik. Bugun kelajakni tushunib yetishga urinib ko'rish. Ekosistemada hayot kechirayotgan insonlar hayot sifatini yaxshilash. Milliy va xalqaro tashabbuslar asosida BMTning BR bo'yicha Komissiyasi 1995-yilda BR ko'rsatkichlari bo'yicha Dastur qabul qildi. Dastur 130 ko'rsatkichni o'z ichiga oladi. Ular "Majburiyat" – «Holat» - «Harakat» printsiplariga asoslanadi. «Majburiyat» ko'rsatkichi insonlar faoliyatini o'z ichiga olib, unda insoniyat rivojlanishidagi majburiyatlar keltirib o'tiladi. «Holat» ko'rsatkichi barqaror rivojlanish sohasidagi holatni ifodalaydi. «Harakat» ko'rsatkichi barqaror rivojlanishda qanday choralar va qadamlar tashlash, o'zgarishlar qilish to'g'risida ma'lumot beradi. Barqaror taraqqiyot ta'limi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 59-sessiyasida 2005-2014-yillar uchun Barqaror taraqqiyot maqsadlari uchun ta'limni (BTT) amalga oshirish bo'yicha xalqaro sxema tasdiqlangan edi. Barqaror taraqqiyot ta'limi (BTT) fanlararo yondoshuvi asosida ta'lim olish, tarbiya, o'z-o'zini rivojlantirish va namoyon etish, mustaqil va tanqidiy fikrlash, ma'nan shakllangan, ijtimoiy faol, o'z hatti-harakatlarida axloqiy va ekologik meyorlarga asoslanadigan, o'zbek xalqi qadriyatlariga mos bo'lgan, ekologik bilimga chanqoq, atrof-muhit holati haqida qayg'uradigan va yangi ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni oldindan ko'ra olish xususiyatlarini shakllatirishga da'vat etadi. BTT jamiyatning barcha a'zolarini mintaqaviy va global muammolarni hal qilish uchun zarur bilim va ko'nikmalarni rivojlantirishga katta e'tibor qaratadi. Agar ekologik ta'lim ko'proq ekologik mavzularga e'tibor qaratsa, BTT siyosat, iqtisodiyot, jamiyat va atrof - muhit o'rtasidagi o'zaro aloqadorligi masalalariga alohida yondoshadi. BTT ning asosiy maqsadi – barqaror taraqqiyotning g'oyalari va tamoyillarini ta'limning barcha shakllari va bosqichlari bilan integratsiyalash va mustaqil dunyoqarashga ega, tanqidiy fikrlay oladigan, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik yo'naltirilgan va faol fuqarolik munosabatini bildira oladigan shaxslarni tayyorlash hisoblanadi. BTT ning hal qiluvchi ahamiyatga ega g'oyalari hozirgi zamon va kelajakdagi ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni, shu jumladan, Orol inqirozi muammolarini yechish va oldindan ko'ra olishga yo'naltirilgan bilim, ko'nikma va qobiliyatlarni rivojlantirish hisoblanadi. Shuningdek, BTT ning asosiy tamoyillari sifatida quyidagilar e'tiborga olinadi: Jamiyatning qadriyaviy yo'nalishlari – adolat, kelajak avlodlar oldidagi javobgarlik etikasi (kelgusi avlodlar manfaatlarini hisobga olgan holda); Fanlararo yondoshuv – ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik maqsadlarning o'zaro bog'liqligi.