Hamzashunoslik tarixi va uning tadrijiy takomili
Ushbu dissertatsiya avtoreferati Oʻzbek davlat va jamiyat hayotini, ilm-fanini, madaniyatini, sanʼatini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan, millatning ozodlik va maʼrifatga erishuvida jon fido qilgan vatanparvar ijodkorlar faoliyati, adabiy-estetik qarashlari, ijodiy tafakkur takomili, janr va badiiy uslubning estetik xossalari, mumtoz asarlar va ularning jahon adabiyotidagi oʻrni hamda keyingi davr adabiyotiga taʼsiri, jahon adabiyoti va Oʻzbekiston adabiyotshunosligining dolzarb muammolarini tadqiq qilishga bagʻishlangan. Tadqiqot Hamza Hakimzoda Niyoziy shaxsiyati va ijodiy merosini yangicha ilmiy mezonlar asosida oʻrganish va baholashga bagʻishlangan. Hamzashunoslik tarixida erishilgan yutuqlar, sodir etilgan xato va kamchiliklar oʻrganilib, dolzarb muammolari aniqlangan va ilmiy asoslangan.
Asosiy mavzular
- Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Jahon adabiyotshunosligida ijodkor konsepsiyasining ijtimoiy-biografik, adabiy-estetik muhit bilan uzviy bogʻliqligi, individual ijodiy tafakkur takomilining poetik asoslari, shakl va mazmun, janr va badiiy uslubning estetik xossalari singari nazariy masalalarni tadqiq etishda, yangicha ilmiy-nazariy qarashlar tizimi shakllanmoqda. Badiiy matnni ana shu yangi konsepsiyalar asosida tekshirish, ilmiy izlanishlarda dunyo adabiyotshunosligining soʻnggi yutuqlarini hisobga olish dolzarb masalalardandir.
- Tadqiqotning Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnologiyalar rivojlanishi ustuvor yoʻnalishlariga mosligi: Dissertatsiya Respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining “Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy rivojlantirishda innovatsion gʻoyalar tizimini shakllantirish va ularni amalga oshirish yoʻllari” ustuvor yoʻnalishi doirasida bajarilgan.
- Mavzuning oʻrganilganlik darajasi: Hamza Hakimzoda Niyoziyning adabiy siymosi, ijodiyoti XX asrning 1920-yillaridan bugungi kungacha juda koʻp oʻrganilgan. Bu borada qator dissertatsiyalar, ilmiy monografiyalar, risolalar, kinofilmlar yaratilgan.
- Tadqiqotning maqsadi: Hamzashunoslik tarixida erishilgan yutuqlar, sodir etilgan xato va kamchiliklarni oʻrganish, dolzarb muammolarini aniqlash va ilmiy asoslashdan iborat.
- Tadqiqotning vazifalari: hamzashunoslik tarixi, tadrijiy takomilini oʻrganish va dolzarb muammolari yuzasidan yaratilgan ilmiy-nazariy asarlar yutuqlarini umumlashtirish; ijodkorning adabiy jarayondagi o'rni, mavqei, ijtimoiy-siyosiy qarashlarini adib xarakteri, yashagan davri, yozishmalari asosida tahlil etish; XX asrda amalga oshirilgan tadqiqotlar asosida Hamza Hakimzoda Niyoziyning ijodiy merosini yangicha ilmiy mezonlar asosida oʻrganish va yangicha baholash.
- Tadqiqotning ob'ekti: hamzashunos olimlarning nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari, monografiya, risola va ilmiy maqolalari hamda Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Toʻla asarlar toʻplami” tashkil etadi.
- Tadqiqotning predmeti: Hamza shaxsiyati va adabiy siymosiga turli davrlardagi turlicha qarashlar, ziddiyatli munosabatlar, ilmiy va g'ayriilmiy talqinlarni xolis ilmiy tekshirish, chinakam tarixiy haqiqatni tiklash tashkil etadi.
- Tadqiqotning usullari: Dissertatsiya mavzusini yoritishda qiyosiy- tarixiy, tarixiy-funksional, statistik, biografik tahlil usullaridan foydalanildi.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Hamza shaxsiyati va adabiy siymosiga turli davrlardagi turlicha qarashlar, ziddiyatli munosabatlar, ilmiy va g'ayriilmiy talqinlar xolis ilmiy tekshirilib, chinakam tarixiy haqiqat tiklangan, ijodkorning shaxsiyati, tabiati, ma'naviy-ruhiy olamiga xos xususiyatlar u yaratgan asarlarda qay darajada namoyon boʻlgani ochib berilgan; hamzashunoslik tarixida ijodkor dramalariga munosabat, qayta ishlanishi bilan bog'liq muammolar, bu boradagi bahs-munozaralarga aniqlik kiritilib, dunyo adabiyoshunosligida ham hamzashunoslikka xorij olimlarining munosabati ochib berilgan.
- Tadqiqotning amaliy natijasi: Hamzashunoslikning nazariy asoslari aniqlangan va tizimlashtirilgan; Mazkur yoʻnalishdagi turlicha qarashlarning tarixiy bosqichlari tasniflanib, tarixiy-funksional jihatdan tadqiq etilgan; Hamzashunoslikda yuz bergan kamchiliklar va sun'iy baholashlarning ilmiy asosga ega emasligi dalillanib, shoir shaxsiyatiga yangicha yondashuvlar asoslangan; Hamza Hakimzoda Niyoziy oʻzbek dramaturgiyasining asoschisi ekanligi va hamzashunoslikda unga berilgan noilmiy baholarning asossizligi isbotlangan; Hamza obrazi, shaxsiyati, adabiy siymosining badiiy adabiyotdagi turlicha talqinlari oʻrganilib, ularning hamzashunoslikni boyitishdagi oʻrni aniqlangan.
- Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati Hamza shaxsiyati va adabiy siymosiga turli davrlardagi turlicha qarashlar, ziddiyatli munosabatlar, gʻayriilmiy talqinlar xolis ilmiy tekshirilib, chinakam tarixiy haqiqatning tiklangani; hamzashunoslik yaxlit ilmiy manzarasining yaratilgani; ilmiy tadqiqotlar davriy tahlil qilinib, ularning ijobiy va salbiy tomonlari aniqlangani; Hamzashunoslik tarixida ijodkor dramalariga munosabat, ularning oʻrganilishi, qayta ishlanishi bilan bog'liq muammolar, bu boradagi bahs-munozaralarga aniqlik kiritilgani bilan belgilanadi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati dissertatsiya xulosalari va tavsiyalaridan “O'zbek adabiyoti tarixi”, “Badiiy matn poetikasi", "Adabiyot nazariyasi”, "Adabiyotshunoslik asoslari” fanlaridan yangi darslik va qoʻllanmalar yaratish, maʼruza va seminar mashgʻulotlari mazmunini boyitish, malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyalari yozishda foydalanish mumkinligi bilan izohlanadi.