Turli texnologiyalarda oʻstirilgan golshtin zotli birinchi tugʻim sigirlarning sut mahsuldorligi
Ushbu dissertatsiya
Asosiy mavzular
- KIRISH: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zaruriyati. Dunyo aholisini oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, chorvachilikdan olinadigan oqsil bilan ta'minlashda qoramolchilik tarmog'ining oʻrni muhimdir. Qoramolchilik tarmogʻida "...sermahsul zotlarni yaratish, nasldor mollarni parvarishlash, sifatini yaxshilash va mahsulot yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish dolzarb vazifa hisoblanadi." Golshtin zotli qoramollar AQSH va Kanadada yaratilgan boʻlib, oʻzining yuqori sut mahsuldorligi, yaxshi moslashuvchanligi, sanoat texnologiyasi talablariga to'laroq mos kelishi tufayli keng tarqalmoqda. Hozirgi vaqtda bu zotga mansub qoramollar soni 25 million boshdan ziyodroq boʻlib, ularning laktatsiyada 8-12 ming kilogrammdan sut beradigan podalari Germaniya, Isroil, Janubiy Koreya, Yaponiya, Polsha, Avstriya, Gollandiya, Belarus, Rossiya va boshqa mamlakatlarda shakllantirilgan. Sut ishlab chiqarishni ko'paytirishda golshtin zotining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qoramollarni to'la qiymatli ratsionlarda oziqlantirish va yuqori mahsuldor sigirlar yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Golshtin zotli qoramollar sanoat texnologiyasiga yaxshi moslashishi, ozuqalarni mahsulot bilan qoplash, pushtdorlik, eksteryer va yelinining maqbul morfofunksional xususiyatlari tufayli Mustaqil davlatlar hamdo'stligi mamlakatlarida ham keng tarqalmoqda. Bu mamlakatlarda golshtin zoti sof holda urchitish yo'li bilan ko'paytirish bilan birga mavjud sut va sut-go'sht yo'nalishidagi zotlarni yaxshilashda ularning genetik imkoniyatlaridan foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini chorvachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chorvachilik mahsulotlarini koʻpaytirishda xorijdan keltirilgan golshtin zotiga mansub qoramollarni urchitish muhim ahamiyatga ega. 2022-2026 yillarga moʻljallangan “Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida "...Respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash hamda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirish, sut yetishtirish hajmini 11,5 mln. tonnadan 22 mln. tonnaga, aholi jon boshiga esa 336 kg dan 560 kg gacha oshirish; qoramol goʻshti yetishtirish (tirik vaznda) 1980 ming tonnadan 2864 ming tonnaga, aholi jon boshiga 47,5 kg dan 69,4 kg ga yetkazish chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5- 2 barobar koʻpaytirish...” vazifasi belgilangan². Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida sigirlarning sut mahsuldorligini oshirish ularni muvozanatlashtirilgan ratsionlarda boqish, ozuqaviy qoʻshimchalardan samarali foydalanish, gʻunajinlarni laktatsiyada yuqori sut mahsuldorligini ta'minlashga qaratilgan texnologik tadbirlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish dolzarb hisoblanadi.
- Tadqiqotning Respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustivor yoʻnalishlariga mosligi.: Mazkur dissertatsiya ishi Respublika fan va texnologiyalarni rivojlantirishning V. «Qishloq xoʻjaligi, biotexnologiya, ekologiya va atrof muhit muhofazasi» ustivor yo'nalishi doirasida bajarilgan.
- Muammoning oʻrganilganlik darajasi.: Sut yo'nalishidagi qoramol zotlari ichida oʻzining yuqori mahsuldorligi va ijobiy texnologik xususiyatlariga koʻra yetakchi o'rinda turuvchi golshtin zotining biologik xususiyatlari, sut mahsuldorligi, sutining sifat koʻrsatkichlari, boshqa sut yoʻnalishidagi qoramol zotlarini yaxshilashda uning genetik imkoniyatlaridan foydalanish, zotning yangi sermahsul liniyalari va oilalarini yaratish boʻyicha tadqiqot ishlari Respublikamiz olimlaridan: Sh.A.Akmalxonov (2007), U.N.Nosirov (2012, 2020), M.E.Ashirov (1983, 1994, 2017, 2020), I.M.Maqsudov (2008,2011), A.K.Kaxarov (2016), M.X.Dosmuxammedova (2010, 2017), M.K.Narbayeva (2011), K.J.Shokirov (2020); N.R.Roʻziboyev (2021), Sh.K.Amirov (2021), A.A.Yuldashev; chet el olimlaridan I.M.Dunin (1999, 2010, 2011), P.N.Proxorenko (2015), V.A.Ivanov (2016), M.Vattio (1997), A.A.Andrianov (2003), M.K.Naumov (2016), N.I.Morozov (2012),, A.Ye.Freeman (1984), J.Biro (1984) va boshqalar tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, olingan natijalar boʻyicha monografiyalar, tavsiyanomalar tayyorlanib, ishlab chiqarishga joriy qilingan boʻlsada, podani to'ldiruvchi golshtin zotli tanalarni ozuqaviy qoʻshimchalardan foydalanib jadal o'stirish, g'unajinlarni laktatsiyaga tayyorlash tadbirlarining sut mahsuldorligiga ta'siri Qashqadaryo vohasi sharoitida yetarlicha oʻrganilmagan.
- Dissertatsiya mavzusining dissertasiya bajarilgan oliy ta'lim muassasasining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog'liqligi.: Mazkur dissertatsiya tadqiqotlari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti ilmiy-tadqiqot ishlari rejasining №0194513 "Qoramollarning mahsuldorligi va uni sifatini yaxshilash boʻyicha genetik potensialidan foydalanishning samarali usullarini ishlab chiqish” mavzusi doirasida bajarilgan (2020-2022 yy.).
- Tadqiqotning maqsadi: podani toʻldirish uchun moʻljallangan golshtin zotli urg'ochi tanalarni oʻstirishda ozuqaviy qoʻshimchalardan foydalanish, gʻunajinlar yelinini massaj qilish orqali ularni laktatsiyaga tayyorlash yo'li bilan yuqori sut mahsuldorligiga ega boʻlgan, sanoat texnologiyasiga yaxshi moslashgan sigirlar guruhlarini yaratishdan iborat.
- Tadqiqotning vazifalari: ozuqaviy qoʻshimchadan foydalanib o'stirilgan tanalarni oziqlantirishning to'la qiymatliligini baholash; hayvonlardagi yosh bilan bog'liq ravishda oʻzgaruvchi fe'l-atvor xususiyatlarini aniqlash; tanalarning oʻsish va rivojlanish jadalligini, yosh bilan bog'liq ravishda eksteryer xususiyatlarining oʻzgarishini oʻrganish; qonning biokimyoviy tarkibini aniqlash; tanalarning podani takror toʻldirish koʻrsatkichlarini tahlil qilish; birinchi tugʻim yoshidagi sigirlarning sut mahsuldorligini baholash; birinchi tugʻim sigirlar yelinining morfofunksional xususiyatlarini oʻrganish; tadqiqotlar natijalarini iqtisodiy jihatdan tahlil qilish.
- Tadqiqotning obyekti: Germaniyadan import yo'li bilan xoʻjalikka olib kelingan sof golshtin zotli tanalar hisoblanadi.
- Tadqiqotning predmeti: turli texnologiyalarda o'stirilgan golshtin zotli tanalarning oʻsish, rivojlanish va eksteryer koʻrsatkichlari, fe'l-atvor, podani takror to'ldirish va yelinining morfofunksional xususiyatlari, sut mahsuldorlik koʻrsatkichlari.
- Tadqiqotning usullari: Tadqiqotlarda rejalashtirilgan ko'rsatkichlarni oʻrganishda tajribadagi qoramollarning eksteryeri, tana tuzilishi indekslari, sut mahsuldorligi, yelinining morfofunksional xususiyatlari, podani takror to'ldirish koʻrsatkichlari zootexniyada umumiy qabul qilingan uslublardan; etologik koʻrsatkichlar V.I.Velikjanin uslubidan, laktatsiyaning turg'unlik koeffisiyenti F.F.Eysner uslubidan, V.Ye.Nedavaning «Ozuqalarni sut bilan qoplash xususiyatlarini aniqlash» uslubidan, Ye.K.Merkuryevaning «Oʻrtacha arifmetik qiymat (X), uning xatosi (Sx), oʻrtacha kvadratik ogʻish (8), oʻzgaruvchanlik variasiya koeffisiyenti (Cv), ishonchlilik darajasi (td) va boʻsagʻalari (P)» hamda iqtisodiy (qilingan jami xarajatlar shu jumladan ozuqa xarajati, 1 s sutning tannarxi va xarid narxi, olingan daromad va sof foyda, rentabellik darajasi) usullardan foydalanilgan.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: ilk bor Qashqadaryo vohasi sharoitida podani to'ldirish uchun mo'ljallangan goshltin zotli tanalarni o'stirishda "Imnamak" ozuqaviy qoʻshimchasidan foydalanish natijasida tanalarning oʻsish koʻrsatkichlari yuqori boʻlib, 18 oylikdagi tirik vazni 337,2 kg ni tashkil qilishi va nazorat guruhiga nisbatan 16,5 kg (5,1%) ga yuqori boʻlishi aniqlangan; tanalarni birinchi urugʻlantirishdan otalanish darajasi “Imnamak" ozuqaviy qoʻshimchasi berilgan qoramollarda urugʻlanish indeksi nazoratga nisbatan 7,9- 12,1% ustun, servis-davri 83 kunni tashkil qilib, 7,6-9,8% ga qisqarganligi aniqlangan; gʻunajinlar yelinini boʻgʻozligining 7-8-oylarida faol massaj qilish yelinning morfofunksional xususiyatlariga ijobiy ta'sir ko'rsatishi, yelinning shartli hajmi 249,0 sm³ yoki 8,6% ga kattaroq boʻlishi, sut berish tezligi 1,49 kg/daqiqani tashkil qilishi aniqlangan; ratsioniga "Imnamak” ozuqaviy qoʻshimchasi kiritib o'stirilgan boʻgʻozligining 7-8-oylarida yelini faol massaj qilingan birinchi tug'im yoshidagi sigirlarda sut mahsuldorligining 5,6% ga oshishi aniqlangan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Qashqadaryo viloyati sharoitida Germaniyadan olib kelingan golshtin zotli tanalarni o'stirishda “Imnamak
- Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: Dissertasiya tadqiqotida zamonaviy uslub va vositalaridan foydalanganligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Zooinjeneriya fakulteti aprobasiya komissiyasi tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari va birlamchi materiallarga ijobiy baho berilganligi, olingan ma'lumotlarga kichik tanlanmalar usulida statistik ishlov berilganligi, joriy etish dalolatnomalar bilan tasdiqlangani va ilmiy-tadqiqot natijalari yetakchi ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarda chop qilinganligi bilan asoslangan.
- Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati.: Tadqiqotlarning ilmiy ahamiyati shundan iboratki, golshtin zotli tanalarni o'stirishda "Imnamak" ozuqaviy qoʻshimchasidan foydalanish va g'unajinlar yelinini massaj qilishning maqsadga muvofiqligi eksperimental yo'l bilan isbotlab berilgan. Oʻtkazilgan tajribalardan olingan ma'lumotlar golshtin zotli qoramollarning xoʻjalik-foydali belgilari boʻyicha nazariy bilimlarni kengaytirishga xizmat qiladi. Tadqiqotlar natijalarining amaliy ahamiyati shundan iboratki, golshtin zotli sigirlardan sut ishlab chiqarishda foydalanish samaradorligini oshirish va tanalarni o'stirishda ozuqaviy qoʻshimchalaridan foydalanish hamda g'unajinlar yelini boʻgʻozligining 7-8-oyligida faol massaj qilishning amaliyotda qoʻllanilishi boʻyicha ishlab chiqarishga takliflar ishlab chiqilgan.
- Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.: Turli texnologiyalarda o'stirilgan golshtin zotli birinchi tug'im sigirlarning sut mahsuldorligini oʻrganish boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar asosida: podani to'ldiruvchi tanalarni o'stirishda "Imnamak" ozuqaviy qo'shimchasidan foydalanish va g'unajinlar yelinini massaj qilish texnologiyasi Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanidagi "Karpat-ola chashmasi” fermer xoʻjaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasining 2023 yil 28 apreldagi 02/23-171-son ma'lumotnomasi). Buning natijasida sut ishlab chiqarishdan olingan sof foyda "Imnamak" preparati qabul qilgan sigirlarda nazorat guruhiga nisbatan 545,9 ming so'mga, yelini massaj qilingan sigirlarda esa 1134,4 ming soʻm koʻproqni tashkil qilgan, sut ishlab chiqarishning rentabellik darajasi 3,4-7,6% ga oshgan; "Imnamak" ozuqaviy qoʻshimchasidan yosh qoramollarni o'stirishda foydalanish va g'unajinlar yelinini faol massaj qilish usullari Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanidagi "Humo R" fermer xoʻjaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasining 2023 yil 28 apreldagi 02/23-171-son ma'lumotnomasi). Natijada sigirlarning sut mahsuldorligining oshishi hisobiga har bir bosh hisobiga 478300 so'm qoʻshimcha sof foyda olishga erishilgan, rentabellik darajasi 6,8% ga oshgan; sigirlar podasini to'ldirish uchun qoldirilgan tanalar ratsionida “Imnamak
- Tadqiqot natijalarining aprobasiyasi.: Tadqiqot natijalari Qashqadaryo viloyati "Karpat-ola chashmasi” fermer xo'jaligining ishlab chiqarish yig'ilishlarida (2020-2022 yillar), Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Zooinjeneriya fakultetining aprobasiya komissiyasi (14 may 2022 yil va 5 avgust 2022 yil) tomonidan, Zooinjeneriya fakulteti ilmiy kengashi yig'ilishlarida (2020-2022 yillar) hamda ikkita xalqaro va 2 ta respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida muhokamadan oʻtkazilgan.
- Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi.: Dissertatsiya mavzusi boʻyicha jami 7 ta, shu jumladan xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari toʻplamida 4 ta, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasining dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 2 ta, shundan 1 tasi xorijiy nashrlarda maqolalar chop etilgan.
- Dissertatsiya ishining tuzilishi va hajmi.: Dissertatsiya tarkibi kirish, toʻrtta bob, xulosalar, ishlab chiqarishga takliflar, foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati va ilovalardan iborat. Dissertasiyaning hajmi 106 betdan iborat.
- DISSERTASIYANING ASOSIY MAZMUNI: Kirish qismida oʻtkazilgan tadqiqotlarning dolzarbligi va zaruriyati ilmiy jihatdan asoslangan, uning maqsadi, vazifalari, obyekti hamda predmeti tavsiflangan, Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yo'nalishlariga mosligi, dissertasiya bajarilgan oliy ta'lim muassasasining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog'liqligi, muammoning oʻrganilganlik darajasi, tadqiqotning ilmiy yangiligi, amaliy natijalari va ularning ishonchliligi, ilmiy-amaliy ahamiyati, tadqiqot natijalarining joriy qilinishi, aprobasiyasi, e'lon qilinishi hamda dissertasiya ishining tuzilishi va hajmi toʻgʻrisida ma'lumotlar bayon etilgan.
- Dissertatsiyaning «Adabiyotlar sharhi» bobida: golshtin zotining yaratilishi, xoʻjalik-foydali belgilarining tavsifi, respublikamiz va xorijiy ilmiy tadqiqotchilarning golshtin sigirlarning sut mahsuldorligini oshirishda ozuqaviy qo'shimchalardan foydalanish, ozuqaviy qoʻshimchalarning qoramollarning mahsuldorligiga, etologik koʻrsatkichlari, oʻsish va eksteryer xususiyatlari, podani takror to'ldirish koʻrsatkichlariga ta'siri hamda sigirlar yelinini massaj qilish orqali ular yelinining morfofunksional xususiyatlarini yaxshilash yo'nalishida olib borilgan tadqiqotlari natijalari tahlil qilinib, tegishlicha xulosalar qilingan.
- Dissertatsiya ishining «Tadqiqot materiali va uslubiyati» deb nomlangan ikkinchi bobida: tadqiqot o'tkazilgan xoʻjalikning sharoiti, tadqiqot manbai va tadqiqotni bajarish uslublari bayon qilingan.
- Ilmiy tadqiqot ishlarining tajriba qismi 2020-2022 yillarda: Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanidagi “Karpat-ola chashmasi" fermer xoʻjaligining qoramolchilik fermasida bajarilgan. Tadqiqotning obyekti sifatida "Karpat-ola chashmasi" fermer xoʻjaligi sharoitida Germaniya seleksiyasiga mansub golshtin zotli 12 oylik urg'ochi tanalar olingan. Tadqiqotlar davomida tajribadagi qoramollarni oziqlantirish va saqlash sharoiti, fe'l-atvor xususiyatlari, oʻsish va rivojlanishi, eksterer xususiyatlari, hayvonlarning podani takror to'ldirish koʻrsatkichlari, tanalar qonining biokimyoviy xususiyatlari, sigirlar yelinining morfofunksional xususiyatlari, sigirlar sut mahsuldorligi va sutining sifati, sigirlarning ayrim xoʻjalik-foydali belgilari oʻrtasidagi korrelyativ bog'lanish, tadqiqot natijalarini iqtisodiy baholash, tajribalarda olingan ma'lumotlarga biometrik ishlov berishda qoʻllanilgan usul va uslublar bayon qilingan.
- Dissertasiyaning “Tajriba guruhlaridagi qoramollarni oziqlantirish, asrash sharoiti va ayrim biologik xususiyatlari" deb nomlangan uchinchi bobining 1 boʻlimida: tajriba guruhlaridagi tanalarni oziqlantirish va saqlash sharoiti, tajribadagi tanalarni ma'lum oʻstirish davrida oziqalar sarfi va sigirlarni laktasiya davridagi sarflangan oziqalar boʻyicha olib borilgan tadqiqot natijalari bayon qilingan.
- Golshtin zotiga mansub urg'ochi tanalar: tajriba oʻtkazilgan “Karpat ola chashmasi" fermer xoʻjaligiga 2020 yilning oktyabr oyida Germaniyadan olib kelingan. Bu vaqtda xoʻjalikda qoramollarni oziqlantirish qishki ratsion asosida tashkil qilindi. Xoʻjalikdagi mavjud imkoniyatlarni e'tiborga olib, ularning ratsioniga sifatli beda pichani, maydalangan bug'doy somoni, makkajo'xori silosi, omuxta yem va ratsionda qand-protein nisbatini me'yorga keltirish maqsadida yarim qand lavlagi kiritildi. Har oyda bir marta nazorat oziqlantirish amalga oshirildi va berilgan hamda qoldiq oziqalar miqdori farqi boʻyicha iste'mol qilingan oziqalar miqdori aniqlanib, jurnalga qayd etib borildi. Tajriba guruhlaridagi tanalar asosiy ratsioniga 12 oyligidan boshlab har bir boshga kuniga 30 grammdan “Imnamak” ozuqaviy qoʻshimchasi omuxta yemga aralashtirib 30 kun davomida berildi, 12 oylikdan 18 oylikkacha oʻstirish davrida nazorat guruhidagi tanalarga oʻrtacha bir bosh hisobiga jami 853,3 ozuqa birligi va 89,1 kg hazmlanuvchi protein sarflangan boʻlsa, bu koʻrsatkichlar I va II tajriba guruhlarida tegishlicha 972,9 va 102,1 kg hamda 968,2 va 101,3 kg ni tashkil qildi.
- Dissertatsiya uchinchi bobining "Tajribadagi qoramollarning oʻsishi va eksteryer xususiyatlari" deb nomlangan 3 qismida: tajriba guruhlaridagi hayvonlarning osishi va eksteyer xususiyatlarini oʻrganish boʻyicha olib borilgan tadqiqot natijalari bayon qilingan.
- I tajriba guruhidagi tanalarning tirik vazni: nazorat guruhidagi tanalarga nisbatan 15 oylikda 9,1 kg yoki 3,2% ga, 18 oylikda 16,5 kg (5,1%) ga; II tajriba guruhidagi tanalarda esa mos ravishda 6,6 kg yoki 2,3% va 13,5 kg yoki 4,2% ga yuqori boʻlgan (P<0,95) (1-jadval). Tirik vaznning mutlaq oʻsishi “Imnamak” ozuqaviy qoʻshimchasi berilgan tajriba guruhlarida nazorat guruhiga nisbatan yuqori boʻlgan. Birinchi tajriba guruhida 12 oylikdan 15 oylikkacha boʻlgan davrda mutlaq oʻsish nazorat guruhiga nisbatan 9,4 kg (19,1%), 15 oylikdan 18 oylikkacha boʻlgan davrda 7,4 yoki 22% ga, 12 oylikdan 18 oylikkacha o'stirish davrida esa 16,8 (20,3% ) kg ga; II tajriba guruhida esa mos ravishda 8,9 (18,0%), 6,9 (20,7%) va 15,8 kg (19,1%) ga yuqori boʻlgan. Guruhlararo farqlarning ishonchlilik darajasi yuqori (P<0,01).
- Tajribadagi tanalar tirik vaznining oʻrtacha kunlik oʻsish koʻrsatkichlari: tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, bu koʻrsatkich tajriba guruhlaridagi tanalarda nazorat guruhiga nisbatan barcha o'stirish davrlarida yuqoriroq boʻlib, 12 oylikdan 18 oylikkacha boʻlgan davrda I tajriba guruhidagi tanalar oʻrtacha kunlik oʻsish nazorat guruhiga nisbatan 94 g yoki 20,5% ga (P<0,01); II tajriba guruhidagi tanalarda esa 88 g yoki 19,2% ga yuqori boʻlgan (P<0,01). Guruhlararo farqlarning ishonchlilik darajasi yuqori (P<0,01).
- Tajribadagi tanalarning podani takror toʻldirish koʻrsatkichlari: nazorat guruhiga nisbatan yaxshiroq boʻlgan (2-jadval). Jumladan, I tajriba guruhidagi tanalar nazorat guruhiga nisbatan 1,1 oy ilgariroq (5,9%); II tajriba guruhidagi tanalar esa 1,0 oy (5,3%) ilgariroq erishgan (P<0,05). Birinchi qochirish yoshida I tajriba guruhidagi tanalar nazorat guruhidagi tengdoshlariga nisbatan tirik vazni 3,7 kg (1,1%) ga, II tajriba guruhidagi tanalar esa 2,1 kg (0,6%) ga yuqori boʻldi. Bunda belgilar koʻrsatkichlari oʻrtasidagi farqlarning ishonchlilik darajasi past. Podani takror toʻldirish koʻrsatkichlarining ichida otalanish darajasi muhim hisoblanadi. Bu ko'rsatkich otalanish uchun sarflangan urug'lantirishlar soni urug'lanish indeksi orqali baholanadi.
- Tajribadagi tanalarning podani takror toʻldirish koʻrsatkichlari: Nazorat guruhidagi tanalarni (15 bosh) otalantirish uchun jami 25 marta urug'lantirish (25 doza urug' sarflangan) amalga oshirilgan boʻlsa, I tajriba guruhidagi tanalarni otalantirish uchun 22 marta, II tajriba guruhidagi tanalarni otalantirish uchun esa 23 marta urugʻlantirish amalga oshirilgan. Urug'lanish indeksi boʻyicha I tajriba guruhidagi tanalar nazorat guruhiga nisbatan 12,1%, II tajriba guruhidagi tanalar esa 7,9% ustunlikka ega boʻlishgan (tegishlicha P<0,01 va P<0,05). O'tkazilgan tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, tajriba guruhlaridagi urg'ochi tanalar 17-18 oyligida fiziologik jihatdan va xoʻjalik nuqtai-nazaridan toʻliq voyaga yetgan, bu yoshlarda ularning rivojlanish darajasi muvaffaqiyatli otalanish uchun toʻla yetarli boʻlgan. Tajribadagi sigirlarda servis-davrining davomiyligi me'yor darajasida boʻldi (83-92 kun). Birinchi tajriba guruhidagi sigirlarda servis-davrining davomiyligi nazorat guruhidagi analoglariga nisbatan 9 kunga (9,8%), II tajriba guruhida esa 7 kunga (7,6%) ga qisqaroq boʻldi. Bu sigirlar laktatsiya davrining 305 kun, dam olish davri (sutdan chiqqan davri)ning 45-60 kun boʻlishini ta'minlash uchun imkon yaratadi.
- Dissertasiyaning “Turli texnologiyalarda o'stirilgan birinchi tug'im sigirlarning mahsuldorlik koʻrsatkichlari” deb nomlangan to'rtinchi bobida: birinchi tug'im sigirlarning sut mahsuldorlik koʻrsatkichlari, sigirlar yelinining morfofunksional xususiyatlari, laktatsiyaning kechish xarakteri, ozuqalarni tirik vazn oʻsishi va sut bilan qoplash koʻrsatkichlari, ayrim xoʻjalik-foydali belgilar orasidagi korrelyativ bog'lanish va tajribaning iqtisodiy samaradorligi boʻyicha tadqiqot natijalari bayon qilingan.
- Laktatsiyadagi sut oqsilining chiqimi: boʻyicha ham guruhlararo ishonchli darajadagi farqlar borligi aniqlandi. Sut oqsilining miqdori II tajriba guruhidagi sigirlarda eng yuqori (131,9 kg) boʻlib, bu I tajriba guruhidagi sigirlarga nisbatan 6,2 kg yoki 4,9% ga, nazorat guruhidagi sigirlarga nisbatan esa 14,2 kg yoki 12,0% ga koʻproqdir (P<0,01).
- Laktatsiyada sigirlarning sutdorlik koeffitsiyentlari: II tajriba guruhidagi sigirlarda eng yuqori (838,2) ekanligi aniqlandi. Har 100 kg tirik vazn hisobiga II tajriba guruhidagi sigirlarda eng ko'p 4% li sut ishlab chiqarilgan (803,0), bu I tajriba guruhiga nisbatan 33,5 kg (4,4%); nazorat guruhiga nisbatan esa 44,9 kg (5,9%) ga yuqoridir (P<0,01). Ikkinchi tajriba guruhidagi sigirlarda har 100 kg tirik vazn hisobiga olingan sut yogʻi I tajriba guruhiga nisbatan 1,2 kg (4,0%), nazorat guruhiga nisbatan 1,6 kg (5,4%) ga yuqori (P<0,05), sut oqsili tegishlicha 1,0 kg (3,8 %) va 1,3 kg (5,0%) ga koʻp boʻldi.
- Shuningdek, I tajriba guruhidagi sigirlarda: nazorat guruhiga nisbatan har 100 kg tirik vazn hisobiga 4% li sut 11,4 kg (1,5%); sut yogʻi – 0,4 kg (1,4%), sut oqsili 0,3 kg (1,2%) ga yuqori boʻldi.
- 5-jadval ma'lumotlari tahlilidan koʻrinishicha,: yelin aylanasi barcha sigirlarda yuqori (110 sm dan katta) boʻlib, yelini massaj qilingan II tajriba guruhidagi sigirlarda nazorat guruhiga nisbatan 7,2 sm yoki 6,5% ga, I tajriba nisbatan esa 5,5 sm yoki 4,9% ga kattaroq boʻlgan (P<0,01).
- Shuningdek, II tajriba guruhidagi sigirlarda: yelinning uzunligi I tajriba guruhiga nisbatan 1,2 sm, yelin kengligi 0,5 sm ga, yelin oldingi boʻlmalarining chuqurligi 0,4 sm ga, keyingi boʻlmalarning chuqurligi 0,8 sm ga; nazorat guruhiga nisbatan esa mos ravishda 1,7; 0,7; 0,5 va 1,0 sm ga kattaroq boʻlgan (P<0,01). Yelinning shartli hajmi yelini faol massaj qilingan II tajriba guruhidagi sigirlarda I tajriba guruhiga nisbatan 192,9 sm³ yoki 6,5% ga; nazorat guruhidagi sigirlarga nisbatan esa tegishlicha 249,0 sm³ yoki 8,6% ga kattaroq boʻlgan.
- Sigirlarning sut berish tezligi: nazorat guruhida 1,41 kg/daqiqani, I va II tajriba guruhlarida tegishlicha 1,49 va 1,60 kg/daqiqani tashkil qildi. Yelin indeksi nazorat guruhida 42,2% ni, I va II tajriba guruhlarida tegishlicha 42,3 va 43,8% ni tashkil qilib, II tajriba guruhidagi sigirlarda I tajriba guruhiga nisbatan 1,5% ga (P<0,05) va nazorat guruhiga nisbatan 1,6% (P<0,01) yuqori boʻldi.
- Mahsulot birligi uchun sarflangan oziqa birligi va hazmlanuvchi protein miqdori: "Imnamak” preparati ratsioniga qo'shib berilgan va g'unajinlik davrida yelini faol massaj qilingan II tajriba guruhidagi sigirlarda eng kam boʻlib (0,84; 85,9 g) bu koʻrsatkich nazorat guruhiga nisbatan 0,06 ozuqa birligi (6,7%) ga hamda 6,8 g (7,3%) hazmlanuvchi protein, I tajriba guruhiga nisbatan esa mos ravishda 0,03 oziqa birligi (3,4%) ga hamda 3,2 g (3,6%) kam demakdir (6-jadval). Shuningdek, ushbu guruhda 1 kg sut ishlab chiqarish uchun hazmlanuvchi protein sarfi tegishlicha 6,8 g (7,3%) va 3,2 g (3,6%) ga kam boʻldi. Birinchi tajriba guruhidagi sigirlar ham 1 kg sut ishlab chiqarish uchun ozuqa birligi sarfi nazorat guruhiga nisbatan 0,03 kg yoki 3,3% ga, hazmlanuvchi protein sarfi 3,6 gramm yoki 3,8% ga kam boʻldi. Shunday qilib, "Imnamak” ozuqaviy qo'shimchasidan foydalanib jadal o'stirilgan va g'unajinligida yelini massaj qilingan sigirlar ozuqalarni koʻproq oʻzlashtirishi, sut mahsuldorligining yuqoriligi hisobiga ozuqalarni sut bilan qoplash ko'rsatkichlari yuqori boʻldi.
- Sigirlar sut mahsuldorligining iqtisodiy samaradorligini belgilovchi asosiy koʻrsatkichlar: tajriba guruhlarida, ya'ni “Imnamak" ozuqaviy qoʻshimchasi berib o'stirilgan birinchi va shu preparat berish bilan birga boʻgʻozligining 7-8-oylarida yelini faol massaj qilingan ikkinchi tajriba guruhidagi sigirlarda nazorat guruhiga nisbatan yuqoriroq boʻlgan (7-jadval).
- Xususan, bazis yogʻlilikdagi sut miqdori: nazorat guruhiga nisbatan I tajriba guruhidagi sigirlarda 256,6 kg (6,8%) ga, II tajriba guruhidagi sigirlarda esa 458,1 (12,2%) ga yuqori boʻlgan. Shuningdek, II tajriba guruhidagi sigirlarda yelini massaj qilinmagan I tajriba guruhiga nisbatan bazis yogʻlilikdagi sut miqdori 201,5 kg yoki 5,0% ga yuqori boʻlgan.
- Jami xarajatlar ozuqalar iste'mol qilinishi: oʻrtasidagi farqlar hamda g'unajinlar yelinini massaj qilish xarajatlari tufayli tajriba guruhlarida yuqoriroq boʻlgan. Ishlab chiqarilgan 1 kg sutning tannarxi I tajriba guruhida nazorat guruhiga nisbatan 85,5 soʻm yoki 2,7% ga, II tajriba guruhida esa 183,2 soʻm yoki 6,0% ga arzonroq boʻlgan. Shuningdek, II tajriba guruhidagi sigirlarda mahsulot tannarxi I tajriba guruhiga nisbatan 97,7 soʻm yoki 3,2% ga pastroq boʻlgan. Olingan sof foyda I tajriba guruhidagi sigirlarda nazorat guruhiga nisbatan 545,9 ming so'mga, II tajriba guruhida 1134,4 ming so'mga koʻproq; sut ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligi tegishlicha 3,4% va 7,6% ga yuqoriroq boʻlgan. Ikkinchi tajriba guruhida I tajriba guruhidagi sigirlarga nisbatan sof foyda 588,5 ming so'mga koʻproq boʻlib, rentabellik darajasi 4,2% ga yuqori boʻlgan.
- XULOSALAR: Podani to'ldiruvchi tanalarni o'stirishda "Imnamak" ozuqaviy qo'shimchasidan foydalanish va g'unajinlarni laktatsiyaga tayyorlashda ularning yelinini boʻgʻozligining 7-8-oylarida massaj qilish tadbirini qoʻllash boʻyicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot tajribalarining natijalari quyidagi xulosalarni chiqarishga imkon beradi: 1. I va II tajriba guruhlariga 12 oylikdan 18 oylikkacha o'stirish davrida ozuqalar xarajati nazorat guruhiga nisbatan mos ravishda 119,6-114,9 ozuqa birligiga koʻproq boʻlgani, bunda 1 kg tirik vazn oʻsishiga ozuqa birligi sarfi nazorat guruhiga nisbatan I tajriba guruhida 0,55 (5,3); bo II 0,50 (4,9%) ozuqa birligiga kamroq boʻlgani kuzatildi. 2. "Imnamak” ozuqaviy qoʻshimchasini qabul qilgan tajriba guruhlaridagi tanalarda ozuqa qabul qilish, tik va yotgan holatda kavsh qaytarish vaqtlari nazorat guruhiga nisbatan yuqoriroq, tajriba guruhlaridagi tanalarning 18 oylikdagi umumiy faollik indeksi nazorat guruhiga nisbatan tegishlicha 0,053- 0,045 birlikka yoki 7,5-6,4% ga yuqori boʻlgani (P<0,01), qoramollar yoshining ortib borishi bilan barcha guruhlarda faollik indeksining oshishi qayd etildi. 3. Tajriba guruhlaridagi tanalarning 12 oylikdan 18 oylikkacha boʻlgan davrdagi o'rtacha kunlik oʻsishi tegishlicha 552-546 grammni tashkil qilib, nazorat guruhiga nisbatan 94-88 grammga koʻp boʻlib, bu tajribadagi tanalarning tirik vazni urugʻlantirish yoshida nazorat guruhiga nisbatan 16,5- 13,5 kg ga yuqori boʻlishi aniqlandi. 4. Tajribadagi tanalar eksteryerining chiziqli o'lchamlari boʻyicha nazorat guruhidagi tanalarga nisbatan barcha o'stirish davrlarida ustunlikka ega boʻlib, 18 oyligida nazorat guruhiga nisbatan yagʻrin balandligi 0,9-1,0% ga, gavdaning qiya uzunligi - 1,2-1,3% ga, koʻkrak aylanasi 0,5-0,6% ga, koʻkrak kengligi 0,7-0,9%
- ga kattaroq boʻlgani kuzatildi. Shuningdek, birinchi tuqqanidan keyin ham: sigirlarda bu koʻrsatkichlar boʻyicha ustunlikning saqlanib qolishi aniqlandi. 5. Barcha guruhlardagi tanalar qonining klinik koʻrsatkichlarining fiziologik me'yorlar darajasida boʻlishi, I va II tajriba guruhlarida 18 oylikdagi ko'rsatkichlari nazorat guruhiga nisbatan yuqoriroq boʻlib, tegishlicha 1 ml qon tarkibidagi eritrotsitlar miqdori 5,8-4,3% ga, gemoglobin 4,6-5,0% ga, umumiy oqsil - 6,4-6,6% ga koʻproq boʻlishi qayd etildi. 6. Tajriba guruhidagi tanalarda podani takror toʻldirish koʻrsatkichlari nazorat guruhidagiga nisbatan yuqoriroq boʻlib, ular nazorat guruhiga nisbatan 26-30 kun ertaroq urugʻlantirildi, urugʻlantirish indeksi nazorat guruhiga nisbatan I tajriba guruhida 12,1% ga, II tajriba guruhida esa 7,9% ga yuqoriroq boʻlgani aniqlandi. 7. Yelinning morfologik koʻrsatkichlari tajribadagi sigirlarda nazorat guruhidagiga nisbatan yaxshiroq boʻlib, boʻgʻozligining 7-8 -oylarida yelini massaj qilingan sigirlarda bu yaqqol koʻrindi, bu guruhda nazorat guruhiga nisbatan yelin aylanasi oʻlchami 7,2 sm, yelinning shartli hajmi 249,0 sm³ yoki 8,6% ga yuqori koʻrsatkich bilan xarakterlandi. 8. Yelinning funksional xususiyatlari yelini massaj qilingan II tajriba guruhidagi sigirlarda yuqoriroq boʻlib, bu guruhda sut berish tezligi nazorat guruhiga nisbatan 0,19 kg/daqiqa yoki 13,4% ga, yelin indeksi 1,6% ga yuqoriroq boʻlishi qayd etildi. 9. Tajriba guruhlaridagi sigirlarning laktatsiyadagi sut mahsuldorligi nazorat guruhiga nisbatan yuqoriroq, I va II tajriba guruhlarida nazorat guruhiga nisbatan 305 kunlik laktatsiyadagi sogʻim miqdori tegishlicha 256,7-472,5 kg (yoki 7,1- 13,0%) ga; laktatsiyadagi sut yog'ining chiqimi 9,3-16,5 kg (yoki 6,9-12,2%) ga; sut oqsilining chiqimi 8,0-14,2 kg (yoki 6,8-12,0%) ga yuqoriroq boʻlgani aniqlandi. 10. Sutdorlik koeffitsiyenti tajriba guruhlaridagi sigirlarda yuqoriroq boʻlib, ulardan 305 kunlik laktatsiyadagi har 100 kg tirik vazni hisobiga 801,6-838,2 kg dan sut sogʻib olindi, bu nazorat guruhiga nisbatan tegishlicha 12,0-48,6 kg (1,5- 6,1%) ga koʻp demakdir. Har 100 kg tirik vazn hisobiga laktatsiyadagi olingan sut yogʻining miqdori tajriba guruhlarida nazorat guruhiga nisbatan mos ravishda 0,4 – 1,6 kg (1,4-5,4%) ga; sut oqsilining miqdori esa 0,3-1,3 kg (1,2-5,0%) ga koʻproq boʻlgani kuzatildi. 11. Laktatsiya davrida jami iste'mol qilingan ozuqalar miqdori tajriba guruhlarida nazorat guruhiga nisbatan koʻproq boʻlib, mahsulot birligiga ozuqa sarfi tajriba guruhlarida kamroq boʻldi. 1 kg fizik yogʻlilikdagi sut ishlab chiqarishga nazorat guruhiga nisbatan I tajriba guruhidagi sigirlar 0,03 kg ozuqa birligi (3,3%), II tajriba guruhidagi sigirlar esa 0,06 kg ozuqa birligi (6,7%) kam oziqa sarfladilar. Bu tajriba guruhlaridagi sigirlarda ozuqani sut bilan qoplash koʻrsatkichi yuqoriligidan dalolat beradi. 12. Ishlab chiqarilgan 1 kg sutning tannarxi nazorat guruhiga nisbatan I tajriba guruhidagi sigirlarda 85,5 soʻm (2,7%) ga, II tajriba guruhida 183,2 soʻm (5,7%) ga past boʻlib, sutni realizatsiya qilishdan olingan sof foyda nazorat guruhiga nisbatan I tajriba guruhidagi sigirlarda 545,9 ming so'm, II tajriba guruhidagi sigirlarda esa 1134,4 ming so'mga koʻproq boʻlib, sut ishlab chiqarishning rentabellik darajasi boʻyicha ustunlik 3,4 va 7,6% ni tashkil etdi.