Kambagʻallikni qisqartirish Oʻzbekiston Respublikasi aholisi ijtimoiy himoyasining ustuvor yoʻnalishi sifatida
Ushbu dissertatsiya Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini va kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati hamda dasturlarning kompleks tahlilini oʻz ichiga oladi. Tadqiqotda ijtimoiy himoyaning nazariy va uslubiy asoslari, Oʻzbekiston sharoitida ijtimoiy siyosatning oʻrni, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining tuzilmasi va mexanizmlari, shuningdek, kambagʻallikning ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida oʻrganilishi atroflicha tahlil etilgan. Tadqiqot natijalari asosida ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Asosiy mavzular
- Tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati: Hozirgi kunda jahon ilmiy hamjamiyatida kambagʻallik va ishsizlikka qarshi kurashish, iqtisodiy inqiroz va COVID-19 pandemiyasi, harbiy-siyosiy mojarolar, ekologik vaziyatning yomonlashuvi va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini bartaraf etish, kambagʻallikni qisqartirish va kishilar farovonligini oshirish chora-tadbirlari, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini ta'minlash va shu kabi boshqa ijtimoiy muammolarni hal etish yoʻllari va mexanizmlari faol oʻrganilmoqda. Bu masalalarning barchasi Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) Deklaratsiyasida oʻz aksini topgan.
- Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligi: Dissertatsiya respublika fan va texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar dasturining II. "Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va liberallashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish” mavzusidagi ustuvor yo'nalishiga muvofiq bajarildi.
- Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Koʻplab mahalliy va xorijiy mualliflarning ishlari ijtimoiy himoya muammolarini ham iqtisodiy, ham sotsiologik nuqtai nazardan oʻrganishga bagʻishlangan. Iqtisodiy nazariya nuqtai nazaridan ijtimoiy himoya tizimi jamiyatning iqtisodiy hayotini, ayniqsa, iqtisodiy tanazzullar, ishlab chiqarish inqirozlari va h.k.lar davrida barqarorlashtirish mexanizmi sifatida qaraladi.
- Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Maqsadi: aholini ijtimoiy himoya qilish siyosati va tizimini, uning kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan amaldagi dastur va mexanizmlarini majmuaviy tahlil qilish, shuningdek, uni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish. Vazifalari: ijtimoiy himoya tizimini shakllantirishning nazariy va uslubiy asoslarini tahlil qilish; ijtimoiy siyosatning mazmuni va tuzilmasini oʻrganish; tuzilmaviy elementlardan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarining asosiy yoʻnalishlarini aniqlash; ijtimoiy himoya tizimining real holatini, uning infratuzilmasi, funksiyalari va mexanizmlarini aniqlash; ijtimoiy davlatni shakllantirish sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida kambagʻallikning mohiyatini ochib berish; Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilishning zamonaviy konsepsiyasi rivojlanishining asosiy yoʻnalishlarini aniqlash.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Ijtimoiy himoyaning tuzilmaviy elementlari hamda institutsional muassasalar oʻrtasida konsensusli muvozanatni oʻrnatish yoʻli bilan aholining turmush sifatini oshirish va mehnat faoliyatini ragʻbatlantirishni kuchaytirish imkoniyatlari asoslantirilgan; mintaqalarda kambagʻallikni qisqartirishga yoʻnaltirilgan, aholini ijtimoiy himoyalash boʻyicha strategik dasturlarni yanada rivojlantirish orqali ijtimoiy tabaqalanishning oldini olish asosida hayotiy ehtiyojlar qondirilishi sotsiologik asoslantirilgan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi siyosat va dasturlar, ijtimoiy ta'minot xizmatlarining kompleks tahlili oʻtkazildi, ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligi baholandi; kambagʻal qatlamlarning oʻzini oʻzi identifikatsiyalashi asosida Oʻzbekiston jamiyatining ijtimoiy tuzilmasi tahlili amalga oshirildi; Oʻzbekistonda kambagʻallikning ijtimoiy hodisa sifatidagi oʻziga xos xususiyatlariga tavsif berildi; Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha zamonaviy konsepsiyaning nazariy qoidalari ishlab chiqildi; aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
- Xulosa: Kambagʻallik muammosi global muammolardan biri hisoblanadi, unga dunyoning deyarli barcha mamlakatlari e'tibor qaratmoqda. Zamonaviy rivojlangan davlatlarning aksariyati bugungi kunda oʻta kambagʻallik muammosini amalda hal qildilar, ammo nisbiy kambagʻallik jamiyatda hatto aholining barcha qatlamlari turmush darajasi oshgan sharoitda ham saqlanib qolmoqda. Oʻz hayoti jarayonida har bir inson uning salomatligiga bevosita ta'sir koʻrsatadigan va oʻz ehtiyojlarini qondirishning asosiy manbalari yo'qotilishiga olib keladigan vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfi ostida boʻladi. Koʻp hollarda ularni mustaqil ravishda bartaraf etish murakkab yoki imkonsizdir, chunki ular ob'yektiv ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar bilan oldindan belgilangan va alohida individga deyarli bogʻliq emas.