Oliy tibbiy ta’lim muassasalari pedagoglari faoliyatining ijtimoiy-psixologik determinantlari

Ushbu dissertatsiya Oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglarining ijtimoiy-psixologik determinantlarini aniqlashga va tegishli amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga bag'ishlangan. Tadqiqotda oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglarining kasbiy motivlari, ularning faoliyat samaradorligini belgilovchi psixologik omillari, pedagogik kompetentlik xususiyatlari, pedagogik jamoaning jipsligi va jamoadagi ijtimoiy-psixologik muhitning ta'siri, kasbiy so'nish omillari va xususiyatlari, hayotiy qadriyatlari o'rganilgan. Tadqiqot natijalari asosida «Oliy tibbiy ta'lim muassasasi pedagoglari faoliyati ijtimoiy-psixologik jabhalarini optimallashtirish konsepsiyasi» ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan. Shuningdek, oliy tibbiy ta'lim pedagoglari uchun «Tibbiyot pedagogikasi» elektron metodik portali va «Yosh pedagoglar maktabi» kabi loyihalar amalga oshirilgan.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati: Jahonda inson hayoti va salomatligi eng oliy qadriyat hisoblanadi. Oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglarining faoliyati samaradorligini belgilovchi koʻrsatkichlardan biri sifatida inson salomatligi uchun qoʻshayotgan hissalarini keltirish o'rinlidir. Jahon oliy ta'lim muassasalalari reytingiga oid ma'lumotlarda keltirilishicha, Jons Xopkins universitetining 16 nafar professor-o'qituvchilari va bitiruvchilari Nobel mukofoti laureatlari, Yel universitetida esa tibbiyot sohasi boʻyicha faoliyat olib borayotgan 70 nafar pedagoglar AQSh Milliy Akademiyasi hamda 47 nafari AQSh tibbiyot sohasidagi Milliy akademiya a'zolari ekanligi e'tirof etilgan. Bu borada, oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglarining faoliyati inson salomatligiga xizmat qiladigan mutaxassislarni tayyorlashda muhim bo'lib, mazkur muammoni tadqiq etish zarurati va ahamiyatini yanada dolzarblashtiradi.
  • Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yo'nalishlariga mosligi: Tadqiqot respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining I. «Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, ma'naviy-ma'rifiy rivojlantirishda innovatsion g'oyalar tizimini shakllantirish va ularni amalga oshirish yo'llari» ustuvor yoʻnalishiga muvofiq bajarilgan.
  • Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Tadqiqotning maqsadi oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglari faoliyatining ijtimoiy-psixologik determinantlarini ochib berish va zarur amaliy tatbiqiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotning vazifalari: oliy tibbiy ta'lim muassasasida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish motivlari, umumiy samaradorlikni ifodalovchi xususiyatlarini empirik jihatdan tadqiq etish; oliy tibbiy ta'lim muassasasi pedagoglarining kasbiy motivlarini takomillashib borishiga koʻra, ijtimoiy-psixologik determinantlar rolining oʻzgarib borishini oʻrganish; oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglari faoliyatining ijtimoiy-psixologik determinantlari sifatida jamoadagi ijtimoiy-psixologik muhitning ta'siri, faoliyat samaradorligi komponentlari, kasbiy soʻnish omillari va xususiyatlarini empirik tadqiq etish; oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglari faoliyatida hayotiy qadriyatli munosabatlar ahamiyatini aniq dalillarda asoslash; oliy tibbiy ta'lim muassasalari pedagoglari faoliyatining yetakchi ijtimoiy-psixologik determinantlarini aniqlash asosida «Oliy tibbiy ta'lim muassasasi pedagoglari faoliyati ijtimoiy-psixologik jabhalarini optimallashtirish konsepsiyasi»ni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Oliy tibbiy ta'lim muassasalarida faoliyat olib borish determinantlariga koʻra tibbiyot bilan pedagogik faoliyatni gumanizm tamoyili asosida uyg'unlashtirish shaxsda mas'uliyat, empatiya, burch hissini kuchaytirganligi tufayli kasbiy va shaxsiy kamolotni ta'minlash, oʻz bilimlarini boshqalar bilan baham koʻrish motivlari ustuvor xarakterga ega ekanligi isbotlangan; oliy tibbiy ta'lim muassasasi pedagoglarida kasbiy faoliyat motivlarini namoyon boʻlish bosqichlari ilk davrlarda «oʻzini himoyalash va oʻzini namoyon etish», oraliq kamolot davrida «ijtimoiy e'tirof etilish va oʻzidan qoniqish» yuqori rivojlanish davrida «kasbiy va moddiy oʻsish» mazmunidagi ijtimoiy-psixologik omillarning ustuvorligi tufayli uch bosqichli iyerarxik tuzilma mezonlari asosida aniqlangan; kasbiy faoliyatda funksional vazifalar aniq belgilanmaganligi sababli tashkiliy omil, hamkasblarning bir-biriga toʻgʻri kelmasligi tufayli rolli omil, jamoada oʻzini ahamiyatsiz his etish oqibatida shaxslilik omillari bilan bog'liq sindromlarning kuchayib ketishi natijasida pedagoglarda kasbiy soʻnish darajalari (hissiy toliqish, depersonalizatsiya va shaxsiy yutuqlar reduksiyasi) kuzatilishi isbotlangan; pedagoglarning ijtimoiy mavqei jamoaga nisbatan munosabatlarini differensiallashuviga olib kelishi natijasida ta'lim muassasasida ishlashdan qoniqishi, hamkasblariga ko'maklashishi, jamoaning kayfiyati, pedagoglar ishining xayrixoh va xolisona baholanishi, hamkasblari bilan munosabatdan va ma'muriyatning g'amxo'rligidan mamnunligi, pedagoglar oʻzaro munosabatlarining ilmiy unvon hamda ilmiy darajalar mavqeiga koʻra uyg'unligi va birligi ijtimoiy-psixologik muhitning ijobiyligi hamda jamoaning jipsliligida yetakchi rol o'ynashi dalillangan; hayotiy maqsad va qadriyatlarning oʻzgarib borishiga koʻra kasbiy vazifalarni shakllantirishi, yashash maqsadlarini aniqligiga erishish orqali pedagoglar oʻz faoliyatidan qoniqishi, o'z hayoti egasiga aylanishi, muammolar yuzasidan qaror qabul qilish va erkin boshqara olish qobiliyatlari «hayot mazmunining asosiy komponentlari»ga aylanishi hisobiga har bir pedagogning jamoadagi ijtimoiy mavqeining o'sib borishida hayotiy qadriyatlarga munosabatning kuchaytirilishi ularning ekzistensial maqsadlarga erishishini ta'minlashi va shu orqali pedagogik jamoada shaxslararo munosabatlarga pozitiv tus beruvchi, ijobiy muhitni ta'minlovchi birlamchi ijtimoiy-psixologik determinantga aylanishi isbotlangan.