Ingliz va o‘zbek tillari ziyorat turizmi terminosistemasi birliklarining funksional-diskursiv shartlanishi

Ushbu dissertatsiya avtoreferati Vakhidova Fotima Saidovna tomonidan tayyorlangan bo'lib, uning ingliz va o'zbek tillaridagi ziyorat turizmi terminologiyasining funksional-diskursiv jihatdan shartlanishini o'rganishga bag'ishlangan. Tadqiqotda turizm terminologiyasining rivojlanishi, terminlarning semantik va lingvokulturologik jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo'lib, xorijiy va mahalliy tillar bo'yicha tadqiqotlar, ilmiy maqolalar, konferensiyalar va o'quv qo'llanmalar yaratishda foydalanish mumkinligi ta'kidlangan.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Jahon xalqlari oʻrtasida turizm turlarini ommalashtirish va turistik aloqalarini mustahkamlashda diniy, xususan, ziyorat turizmiga daxldor terminlarning oʻz oʻrni borligi sababli barcha tillar leksik tizimida turizm terminologiyasi, uning lugʻat tarkibi, semantikasi, lingvokulturologik taraqqiyot xususiyatlariga alohida e'tibor qilinadi. Ziyorat turizmining jadal rivoji ularga aloqador terminologiyani yangicha tafakkur asosida qiyosiy-tipologik usulda chuqur oʻrganish, tarixiy va zamonaviy qatlamni aniqlash, boyish yo'llarini ochish zaruriyatini koʻrsatmoqda.
  • Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Tadqiqotning maqsadi ingliz va oʻzbek tillari ziyorat turizmi terminlarining turli diskurslarda vazifadorligini shartlantiruvchi omillarni aniqlashdan iborat. Vazifalar: terminlar tadqiqiga oid zamonaviy ilmiy yondashuvlarni oʻrganish; lisoniy birliklarning terminlik xususiyatiga munosabat bildirish; ziyorat turizmi terminlarining diskursda voqelanish omillarini belgilash; ingliz va oʻzbek tillari ziyorat turizmi terminlarini tasniflash va ularning struktur-semantik qoliplarini aniqlash; ikkala tilda ziyorat turizmi terminlarining shakllanish tamoyillari va manbalarini oʻrganish; ingliz va oʻzbek tillari ziyorat turizmi terminlari nominativ funksiyalarini qiyoslash.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Termin, terminologiya, terminosistema, maxsus leksik birlik kabi tushunchalarning leksik-semantik, grammatik, diskursiv jihatlari bilan bir qatorda terminlarning tizimlilik, motivatsiyalanganlik, bir ma'nolilik, aniqlik, qisqalik kabi xususiyatlarini aniqlashda normativ, funksional va tizimli yondashuv tamoyillarining samaradorligi aniqlangan. Turizm terminologiyasining rivojlanish bosqichlari va birliklar shakllanishida tillardagi o'zaro ta'sirning ustuvorligi, mazkur jarayonning nafaqat ekstralingvistik omillarga, balki alohida tillarda so'zlashuvchilar o'rtasidagi kommunikativ-diskursiv aloqalarga, nutq faoliyatini voqelantiradigan pragmatik ta'sirga bog'liqligi isbotlangan.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: Ingliz va oʻzbek tillari ziyorat turizmi terminosistemasida uchraydigan atamalarning leksik-semantik mohiyati, milliy-lisoniy, nominatsion-motivatsion, uslubiy xususiyatlari ularning yashash tabiiy-iqlim sharoiti, tili, madaniyati, milliy mentaliteti, dunyoqarashi, ruhiyati, e'tiqodiy tushunchalari, oʻziga xos urf-odat va marosimlari, poetik tafakkur tarzi bilan chambarchas bog'liqligi isbotlangan. Ingliz va oʻzbek tillari ziyorat turizmi terminosistemasida uchraydigan til birliklarining zamonaviy tilshunoslik qonuniyatlari asosida amalda boʻlgan antropotsentrik paradigma birlik sifatidagi xususiyatlari jahon tilshunosligining eng soʻnggi yutuqlari asosida aniqlangan.
  • Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: Muammoning aniq qoʻyilganligi, chiqarilgan xulosalarning lingvomadaniy, kontekstual, diskursiv, lingvopragmatik, funksional-kommunikativ, kuzatuv, tasniflash hamda elementar statistik tahlil metodlari bilan asoslanganligi, nazariy gʻoyalar va maʼlumotlar rasmiy manbalardan olinganligi, berilgan ilmiy-nazariy taklif va tavsiyalar amalda sinovdan oʻtkazilganligi hamda natijalar vakolatli davlat organlari tomonidan tasdiqlanganligi bilan izohlanadi.