O‘simliklar himoya qilish

Ushbu o'quv-uslubiy majmua O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Namangan muhandislik-qurilish institutining 2024 yil “30” avgustdagi 1-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘simliklarni himoya qilish” fanining o‘quv dasturi asosida tayyorlandi. Ushbu majmua zararkunandalar, ularning biologiyasi, klassifikatsiyasi, foydali hasharotlar va ularga qarshi kurash choralari bo'yicha batafsil ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Agrotexnik, biologik, fizik, mexanik, kimyoviy va genetik kurash usullari hamda turli pestitsidlarning qo'llanilishi yoritilgan. Shuningdek, zararli organizmlarga qarshi kurashda foydalaniladigan preparatlar va ularning xossalari hamda ishlatilishi haqida ma'lumotlar berilgan. Kitobda zararkunandalarning morfologiyasi va anatomiyasi, rivojlanishi, ekin zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurash choralari hamda biolaboratoriya ishlarini tashkil etish va xavfsizlik texnikasi qoidalari o'rin olgan.

Asosiy mavzular

  • Kirish. O‘simliklarni himoya qilish fanning maqsad vazifalari, qisqacha rivojlanish tarixi: O‘simliklarni himoya qilish fanning maqsadi, vazifasi va rivojlanish tarixi. O‘simliklarni himoya qilish rivojlanishida olimlarning ishlari. Mamlakatimizda o‘simliklarni himoya qilishning xizmat strukturasi, uning ilmiy asoslanganligi. Entomologiya – yunoncha – entom – hasharot, logos – fan, hasharotlarni o‘rganuvchi fandir. Umumiy entomologiya va qishloq xo‘jalik entomologiyasi, qishloq xo‘jalik zararli va foydali hasharotlarni o‘rganuvchi fanlar. U biologiya fanining tez sur’atda rivojlanib borayotgan bir tarmog‘i bo‘lib, o‘zi ayni vaqtda qator mustaqil ilmiy sohalarga entomologiya asoslari, o‘rmon xo‘jaligi entomologiyasi, meditsina entmologiyasi hamda veterenariya entomologiyasiga bo‘linadi. Entomologiya nazariy va amaliy fan bo‘lib, u yuqorida ko‘rsatilgan amaliy entomologiya sohalarining ilmiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Fanning asosiy vazifasi o‘simlik zararkunanda hasharotlariga qarshi ilmiy asoslangan kurash choralarini ishlab chiqish va foydali hasharotlarni muhofaza qilish va qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdir. Umumiy entomologiyada hasharotlarning tana tuzilishi, ichki organlarining ishi, hayot kechirishi, xilma – xilligi va tashqi muhit bilan bog‘liqligi yoritiladi. Uning uchun umumiy entomologiya – morfologiya (tashqi morfologiya yoki eydonomiya va ichki anatomiya), fiziologiya, biologiya hamda ekologiya (yashashi), sistematika va klassifikatsiya bo‘limlariga bo‘linishi mumkin.
  • Hasharotlarning morfologiyasi va anatomiyasi: Hasharot tanasining umumiy tuzilishi va uning ayrim xususiyatlari. Hasharot tanasining tashqi tuzilishi va bo‘g‘imlarga ajralishi. Tana bo‘laklari va uning ayrim qismlarini tashqi muhit sharoitiga moslanishi jarayonida o‘zgarib borishi. Bosh bo‘lagining o‘simtalari. Ko‘krak segmentlarini birlamchi tuzilishi va uning o‘simtalari. Qorin segmentlarini tuzilishi. Qorin o‘simtalari, ularning xillari va vazifalari. Yog‘ tanachalari. Ovqat hazm qilish sistemasi. Nafas olish sistemasi, uning bo‘laklari. Hasharotlar tanasi murakkab ravishda uch qismga bo‘lingan: bosh, ko‘krak va qorin qismlari. Bosh qismi 5-6, ko‘krak qismi 3 va qorin qismi 11 bo‘g‘imdan iborat. Demak, hasharotlar tanasidagi bo‘g‘imlarning umumiy soni 19 tadan kam emas. Lekin evolyutsion taraqqiyot natijasida o‘zaro o‘xshash bo‘g‘imlar sonining kamayganligini yoki to‘la taraqqiy etmagan bo‘g‘imlari vazifalari almashinish tufayli birlashib ketganligini ko‘rish mumkin.
  • Hasharotlarning biologiyasi: Biologiya (grekcha bios - hayot, logos - fan) - tirik mavjudotlarning hayoti va rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadigan fan. Hasharotlar biologiyasi ularning individual rivojlanish xususiyatlarini va ular bilan bog‘lik hodisalarni hamda faslli, yillik hayot tsiklini va polimorfizmini o‘rgatadi. Ko‘p hayvonlar singari hasharotlarda individual rivojlanish protsessini yoki ontogenez, ikki davr - embrional, ya’ni tuxumichida rivojlanish va postembrional tuxumdan chiqqandan keyingi rivojlanish davriga bo‘linadi. Umuman hasharotlarning rivojlanishi uch yoki to‘rt fazaga - tuxum, lichinka, g‘umbak va voyaga yetgan fazalarga bo‘linadi. Demak, hasharotlar tuxumdan chiqqanidan keyin, ya’ni postembrional davrida yetuk davrga qadar bir necha marta o‘zgarishga uchraydi. Bunday rivojlanish protsessi metamorfozali yoki shakl o‘zgartirish rivojlanishi deb aytiladi. Hasharotlar to‘liqsiz va to‘liq rivojlanadi (1-rasm). To‘liqsiz rivojlanganda hasharot tuxum, lichinka va yetuk zot fazalarini kechiradi. Hasharotlarning tuxumlari kattaligi va tashqi ko‘rinishi jihatidan ham xilma-xildir (2-rasm). Tuxum ichida murtak rivojlanadi va lichinkaga aylanadi. Tuxumdan chiqqan lichinka tashqi ko‘rinishi jihatidan yetuk zotga o‘xshaydi. Lichinkalar oziqlanadi va o‘sadi, shu bilan birga ular tullaydi, ya’ni terisini tashlaydi. Lichinka rivojlanish davrida to‘rt-besh marta (ba’zan ko‘proq) tullaydi. Tullashlar o‘rtasidagi davrni uning yoshi deyiladi (tuxumdan chiqqanidan birinchi tullashgacha bir yosh, birinchi tullashdan ikkinchisigacha ikkinchi yosh va h.k.). Lichinkalar tuxumdan qanotsiz chiqadi, keyin ularda qanotlarning boshlang‘ich o‘rni paydo bo‘ladi, ular har galgi yoshida kattalasha boradi.
  • Zararkunandalarga qarshi kurash usullari bilan tanishuv: O‘simliklarni himoya qilishda agrotexnik, karantin, fizik, mexanik, biologik va kimyoviy usullarni o‘z ichiga oladigan kompleks tadbirlarni o‘z vaqtida bajarilishi shart. Agrotexnik kurash chorasi: chidamli navlarni yaratish muammolari. O‘simliklarni zararkunanda kasallik va begona o‘tlardan himoya qilishda agrotexnik usul va tashkiliy xo‘jalik tadbirlarining ahamiyati nihoyatda katta hisoblanadi. Qishloq xo‘jalik ekinlarining rivojlanishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatib zararkunanda kasallik va begona o‘tlarni rivojlanishiga to‘siq bo‘luvchi barcha agrotexnik tadbirlar bu usulni tarkibini tashkil etadi. Bunday tadbirlarga quyidagilar misol bo‘ladi: Dambalarni kengaytirish va yangi sug‘orish sistemalarini joriy etish. Ekinlarni almashlab ekish sxemasini tuzishda entomalog yoki fitopotolog yo‘riqlarga amal qilish. Ekinlardagi bo‘shagan erlarni chuqur ag‘darib haydash. Imkoniyati ko‘targan dalalarga qishki yaxob suvlarni berish. Kuzda ekindan bo‘shagan barcha maydonlarni bahorgacha o‘simlik qoldiqlaridan tozalash. Erta bahorda ekish muddatini to‘g‘ri aniqlash imkokiyati boritsa ertaroq ekish. Zararkunanda va kasalliklarga chidamli navlarni tanlab ekish. Ekinlar qator orasiga ishlov berish sug‘orish va oziqlantirishni tavsiya etilgan normalari va muddatlariga amal qilib o‘tkazish. O‘zbekiston hududida, MDH davlatlarida, umuman jaxon miqyosida zararli organizmlarga qarshi kurashda chidamli navlar yaratishiga alohida e’tibor qaratiladi.
  • G‘o‘za zararkunandalari bilan tanishuv: G‘o‘za ekinlarining asosiy zararkunandalari: O‘rgimchakkana, Karadrina, Kuzgi tunlam, Ko‘sak qurti. G‘o‘za zararkunandalarining rivojlanish sikllari, ularning tashqi ko‘rinishi, zarari va tarqalishi haqida ma’lumotlar. Kurash choralari: Agrotexnik, biologik va kimyoviy usullarni qo‘llash.
  • Texnik ekin zararkunandalari bilan tanishuv: Zig‘ir, Makka, Bug‘doy, Sholi, Paxta, Pamidor, Bodring, Tarvuz, Qovun, Uzum, Karam, Kartoshka, Piyoz, Soya, Makkajo‘xori,beda va boshqa texnik ekinlarni zararlaydigan zararli organizmlar va ularga qarshi kurash choralari.
  • Omborxonalarda uchraydigan zararkunadalar bilan tanishuv: Omborlarda uchraydigan zararkunandalar, jumladan Don kuyasi, Ombor parvona, Jigarrang qo‘ng‘iz, Xasharotlar va ularga qarshi kurash choralari.
  • Fungitsidlar: Fungitsidlarning tasnifi, ularning xossalari bilan tanishuv. Bordo suyuqligi, uning tayyorlanishi va sifatini aniqlash. Fungitsidlarning qo‘llash muddatlari va usullari.
  • Gerbitsidlar: Gerbitsidlarning tasnifi, ularning xossalari bilan tanishuv. Gerbitsidlarning qo‘llash muddatlari va usullari. G‘o‘za va boshqa ekinlardagi begona o‘tlarga qarshi qo‘llaniladigan gerbitsidlar va ularning sarflash normalari.
  • Biolaboratoriya ishlari: Biolaboratoriyada ishlash xavfsizlik texnikasi qoidalari. Oltinko‘z, Trixogramma, Brakon kabi foydali hasharotlarni ko‘paytirish texnologiyalari. Pestitsidlarni sifatini aniqlash usullari.