Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar resotsializatsiyasini takomillashtirish

Ushbu dissertatsiya mavzusi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida B2024.2.PhD/Yu1469 raqam bilan roʻyxatga olingan. Tadqiqot mavzusining dolzarbligi va ahamiyati, tadqiqot ishining respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining asosiy ustuvor yoʻnalishlariga bogʻliqligi, tadqiq etilayotgan muammoning oʻrganilganlik darajasi, dissertatsiya mavzusining oliy ta'lim muassasasining ilmiy tadqiqot ishlari bilan bogʻliqligi, tadqiqotning maqsad va vazifalari, obyekti va predmeti, usullari, tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy natijasi, tadqiqot natijalarining ishonchliligi, tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati, ularning joriy qilinishi, tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi, natijalarning e'lon qilinganligi, dissertatsiyaning hajmi va tuzilishi yoritib berilgan.

Asosiy mavzular

  • Postpenitensiar resotsializatsiyaning umumiy tavsifi va uning ijtimoiy zarurati: Ushbu bobda postpenitensiar tizim, postpenitensiar huquq, resotsializatsiya tushunchalarining mohiyati tahlil etilgan. Muallif postpenitensiar tizim tushunchasiga oʻzining ilmiy-nazariy ta'rifini taklif etgan. Tadqiqotchining qayd etishicha, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning muvaffaqqiyatsiz resotsializatsiyasiga ular ozodlikka chiqqach duch keladigan bir qator muammolar sabab boʻladi. Tadqiqotchi mazkur muammolar sifatida ish topish muammosi, uy-joy muammosi, ozodlikdan mahrum qilinishi natijasida oila a'zolari bilan munosabatning buzilishi, sog'liqdagi muammolar, jamiyat a'zolari tomonidan stigma va diskriminatsiyaga uchrash hamda davlat tomonidan mazkur toifadagi shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish ishlarini tashkil etishning huquqiy asosi va mexanizmi yetarlicha ishlab chiqilmaganligi kabilarni sanab oʻtgan hamda mazkur muammolarga birma-bir to'xtalib o'tgan holda ularni bartaraf etish boʻyicha turli yechimlarni taklif etgan.
  • Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar resotsializatsiyasida differensiatsiya va individuallashtirishga rioya etish prinsiplarining ahamiyati: Mazkur paragrafda differensiatsiya va individuallashtirishga rioya etish prinsipining mazmun-mohiyati, bu prinsipning sobiq mahkumlarni qayta ijtimoiylashtirish jarayonidagi ahamiyati, prinsip turli normativ-huquqiy hujjatlarda turlicha ifoda etilishi va bu uning turlicha tushunishga olib kelayotganligi hamda Jinoyat-ijroiya kodeksida differensiatsiya tushunchasi oʻrniga tabaqalashtirish soʻzi qoʻllanilib, bu tushuncha ham normani turlicha tushunishga sabab boʻlayotganligi asoslab berilgan. Muallif tadqiqot ishi natijasida differensiatsiya va individuallashtirishga rioya etish prinsipiga amal qilish mahkumlarni axloqan tuzatish ishlarining muvaffaqqiyatli amalga oshirilishida juda muhim ahamiyatga ega ekanligini va bu prinsipni postpenitensiar tizimda ham qoʻllash lozimligini asoslab bergan.
  • Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar resotsializatsiyasida penitensiar tizimning oʻrni: Ushbu paragrafda muallif jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirishda penitensiar tizimda amalga oshiriladigan mahkumlarning resotsializatsiyasiga qaratilgan chora-tadbirlarning ahamiyatini muhokama qilgan va penitensiar tizimda mahkumlar qayta ijtimoiylashuvini samarali tashkil etmay, penitensiar va postpenitensiar tizimlarning oʻzaro aloqadorlikda faoliyatini yo'lga qo'ymay turib postpenitensiar tizimda qoʻllaniladigan chora-tadbirlarning muvaffaqqiyatli amalga oshirish imkonsiz ekanligi haqida xulosaga kelgan.
  • Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan ayollar resotsializatsiyasi masalalari: Ushbu paragrafda ayollar postpenitensiar resotsializatsiyasini amalga oshirishda ularning psixofiziologik xususiyatlari, jamiyatdagi mavqeyi va moddiy ehtiyojlari inobatga olinishi lozimligi, ayollarni qayta ijtimoiylashtirishga qaratilgan dasturlar erkaklarnikidan alohida ishlab chiqilishi zarurati va ozod etilgach ayollar duch kelishi mumkin boʻlgan muammolar tahlil etilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining mahkuma ayollar bilan muomala qilish va jinoyatchi ayollarga nisbatan qamoqqa olish bilan bogʻliq boʻlmagan choralarni qoʻllash qoidalari va joriy amaliyotni tahlil qilgan holda ayollarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazolarni imkon qadar kamroq qoʻllash zaruratini asoslab bergan.
  • Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmagan shaxslar resotsializatsiyasi masalalari: Ushbu paragrafda muallif voyaga yetmagan shaxslar resotsializatsiyasi masalasini yoritarkan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Voyaga etmaganlarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirishning minimal standart qoidalari va boshqa xalqaro hujjatlarga muvofiq, avvalo, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazolarni imkon qadar kamaytirish va ular ozodlikdan mahrum etilgan taqdirda jazoni ijro etish vaqtida davlat ularning ta'lim olish va kasbiy tayyorgarligini qo'llab-quvvatlashi lozimligini asoslantirib beradi.
  • Sobiq mahkumlar ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda Probatsiya xizmati va hokimiyatlar qoshidagi reabilitatsiya markazlari faoliyatini takomillashtirish: Ushbu bobning birinchi paragrafida, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish va reabilitatsiya qilish sohasidagi ishlarni amalga oshirish doirasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida ijtimoiy sherikchilikni rivojlantirish, mahkumlarga mutaxassislar, psixologlar va mahkumlar orasidan murabbiylar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining boshlang'ich tashkilotlari vakillarini biriktirish orqali ular bilan manzilli ishlashni ta'minlovchi mexanizmni joriy etish masalalarini muhokama qilgan va qayta ijtimoiylashtirish jarayoniga turli oliy ta'lim muassasalari talabalarini, belgilangan tartibda jazoni oʻtab, axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarni jalb etishni taklif etib, bunda talabalar oʻzlarining mutaxassisligidan kelib chiqqan holda tibbiy, psixologik, huquqiy va boshqa sohalarda yordam koʻrsatishlarini nazarda tutgan.
  • Ayrim xorijiy davlatlarda mahkumlar resotsializatsiyasi masalalari: Ushbu paragrafda ayrim xorijiy mamlakatlarda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar resotsializatsiyasining oʻziga xos jihatlari muhokama qilingan va tahlil etilgan davlatlarning mamlakatimiz qonunchiligi va amaliyotiga qo'llash mumkin bo'lgan tajribalarini joriy etish boʻyicha takliflarni ilgari surgan.