Interaktiv vizual ta’lim vositalari orqali o‘quvchilarning ekologik madaniyatini rivojlantirish metodikasi (8-10 sinflar misolida)
Ushbu dissertatsiya Namangan davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengash tomonidan tayyorlangan bo'lib, unda SULAYMONOVA SAODAT USUBXONOVNA tomonidan yozilgan "INTERAKTIV VIZUAL TA'LIM VOSITALARI ORQALI O'QUVCHILARNING EKOLOGIK MADANIYATINI RIVOJLANTIRISH METODIKASI (8-10 SINFLAR MISOLIDA)" nomli doktorlik dissertatsiyasi avtoreferatining qisqacha mazmuni keltirilgan. Tadqiqot O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida B2025.3.DSc/Ped1261 raqam bilan ro'yxatga olingan. Dissertatsiya mavzusi jahon miqyosidagi ekologik muammolarning dolzarbligi va ularni hal etishda interaktiv vizual ta'lim vositalaridan foydalanishning samaradorligini o'rganishga qaratilgan.
Asosiy mavzular
- Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Jahonda ekologik muammolar keskinlashib bormoqda, iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi, chiqindilarni boshqarish kabi masalalar global muammoga aylangan. YUNESKO tomonidan "Barqaror rivojlanish uchun ta'lim" loyihasi doirasida ekologik madaniyatni rivojlantirish, interfaol multimedia vositalari orqali qulay ta'lim muhitini yaratish boʻyicha koʻplab dasturlar ishlab chiqilgan. BMTning "Barqaror rivojlanish maqsadlari 2030” da ta'lim sifatini oshirish, tabiatni asrash va jamiyatda ekologik madaniyatni shakllantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. An'anaviy ta'limda nazariy qismga asosiy e'tibor qaratilgani sababli ekologik jarayonlarni jonli kuzatish, real voqealar bilan bog'lash imkoniyatlari yetarlicha emas. Interaktiv vizual ta'lim vositalari ekologik mavzularni sodda tarzda qabul qilish, qiziqarli holda oʻrganish va amaliy xulosa chiqarishga keng sharoit yaratadi. Dunyoda mazkur yo'nalishdagi tadqiqotlar, jumladan, Amerikada Harvard universiteti qoshidagi CLT ning vizual platformalari, Eco-Schools va Green School kabi dasturlar, NASA va ESA ning er monitoringi dasturlari maktablar bilan hamkorlikda olib boriladigan tarbiyaviy loyihalarda aniq ma'lumotlarni taqdim etish imkonini beradi. Oʻzbekistonda ekologik madaniyatni rivojlantirish borasida bir qator davlat dasturlari, qonun hujjatlari va loyihalar amalga oshirilmoqda, ta'lim tizimini modernizatsiya qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. "Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi" doirasida atrof-muhitni asrash, yashil iqtisodiyotni joriy etish, yosh avlodga zamonaviy ekologik bilim va koʻnikmalarni singdirish borasida keng ko'lamli islohotlar olib borilmoqda. "Yashil makon", "Ekologik targ'ibot markazlari” kabi loyihalar qo'llab-quvvatlanmoqda. Maktab, akademik litsey va kollejlarida virtual laboratoriyalar va 3D simulyatsiyalar joriy etilib, oʻquvchilar ekologik jarayonlarni tajriba sifatida oʻrganish imkoniga ega boʻlmoqda.
- Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi: Dissertatsiya tadqiqoti respublika fan va texnologiyalarni rivojlantirishning I. “Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy rivojlantirishda innovasion gʻoyalar tizimini shakllantirish va ularni amalga oshirish yo'llari” ustuvor yo'nalishiga muvofiq bajarilgan.
- Dissertatsiyaning mavzusi boʻyicha xorijiy ilmiy tadqiqotlar sharhi: YUNESKO ning "Barqaror rivojlanish yo'lida ta'lim" dasturlari, xususan ta'lim tizimida amalga oshirilgan izlanishlar, vizual ta'lim texnologiyalaridan foydalanish orqali oʻquvchilarning atrof-muhitga oid bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishda interaktiv metodlarning yuqori darajada natija berishi ta'kidlanadi. UNEPning tadqiqot muassasalari hamda turli xalqaro ilmiy markazlar tomonidan oʻtkazilgan izlanishlarda, ta'lim jarayonida raqamli koʻrgazmalilik hamda multimedia texnologiyalaridan foydalanish ekologik mas'uliyatni tarbiyalashda muhim oʻrin tutishi ilmiy asoslangan. Jahon tajribalari asosida Worldwatch Institute kabi ekologik yoʻnalishda faoliyat yurituvchi ilmiy markazlar, oʻqitish metodikalari doirasida virtual laboratoriya va raqamli simulyatsiya kabi elementlarning oʻquvchilarda ekologik ong va madaniyattni shakllantirishiga ijobiy ta'sir koʻrsatishini asoslab bergan. Xalqaro universitetlar huzurida tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazlari (masalan, MIT Teaching and Learning Laboratory, Stanford Graduate School of Education yoki King's College London Ta'lim instituti) tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot ishlari interaktiv vizual darslar yordamida oʻquvchilarning atrof-muhit muammolariga boʻlgan munosabati va ijodiy fikrlash darajasi oshishini, ekologik madaniyatga oid kompetensiyalar mustahkamlanishini tasdiqlaydi. European Commission, EEA kabi Yevropa Ittifoqi tashkilotlari hamda California Education and the Environment Initiative doirasidagi ta'lim markazlari ekota'limga ixtisoslashgan jahon ta'lim tizimiga mos pedagogik texnologiyalarni joriy etib, ularda interaktiv vizual yondashuvlardan keng foydalanish boʻyicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqqan. Xalqaro standartlarga monand ravishda ekologik ta'limda atrof-muhit haqida, atrof-muhit yordamida va atrof-muhit uchun ta'limlari mavjud. Bu uchta komponent ekologik ta'lim va tarbiyaning boʻlaklangan masalalarini bir butun yechimini ta'minlaydi. Avstriyada kasbiy ekologik ta'lim va tarbiyaga zamin tashyorlash maktab dasturlariga kiritilgan. Daniyadagi ekologik ta'lim va tarbiya muammolari barcha pedagogik kasbiy ta'lim tizimiga kiritilgan. Daniya skandinav davlatlari bilan Shimoliy Simpozium oʻtkazish va boshqa loyihalarni amalga oshirish boʻyicha doimiy loyihalar qatnashchisidir. Shvetsiyada ekologik ta'lim va tarbiya 1970-yilda "Yevropada atrof-muhit" yiliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish arafasida yaratildi hamda atrof-muhit muhofazasi mavzusi yangi to'qqiz yillik majburiy ta'limga kiritildi. Ushbu mamlakatlar ekologik ta'lim va tarbiyani rivojlantirish uchun turli xil dasturlar va tashabbuslarni amalga oshirayotganini koʻrsatadi. Bular ekologik ongni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni ta'minlashga qaratilgan. Bu yondashuvlar kelajak avlodlarni ekologik masalalar boʻyicha bilimlar bilan ta'minlash va ularni faol ishtirokchilar sifatida tarbiyalashga yordam beradi.
- Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Mamlakatimiz olimlaridan S.A. Azamova, D.Y. Nurishov, N.N. Ravshanova, G.K. Obidova, B.K. Xojanov A.Abdumalikov, A.J.Qurbonov, M.Abdullayeva, H.E.Toshmaxmatov, N.Xodjilayeva kabi olimlar interaktiv vizual ta'lim vositalari orqali oʻquvchilarda atrof-muhitga boʻlgan ijobiy munosabatni shakllantirish jarayonini ilmiy-tadqiqotlar asosi bilan bog'laydi. Shuningdek, oʻquvchilarning ekologik madaniyatini rivojlantirish metodikasiga oid tavsiyalar bilan boyitadi. Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi olimlari (MDH) K.D. Ushinskiy, L.S. Vygotskiy, A.N. Leontyev, V.A. Suxomlinskiy, A.S. Makarenko, P.P. Blonskiy, P.F. Kapterev, S.T. Shatskiy kabilar tomonidan ilmiy merosida interaktiv va vizual ta'lim vositalarining oʻquvchilarda mustahkam bilim hosil qilishga ta'siri, interaktiv yondashuv yordamida oʻquvchilarda mustaqil fikrlash va amaliy faoliyat koʻnikmalarini rivojlantirish mumkinligi, ta'limda tasviriy koʻrgazmali materiallar orqali psixik rivojlanish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish mumkinligi, shuningdek, ularning ekologik madaniyatini rivojlantirishdagi oʻrni keng koʻlamda oʻrganilgan.
- Tadqiqotning maqsadi: Interaktiv vizual ta'lim vositalari orqali oʻquvchilarning ekologik madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishning ilmiy-nazariy hamda amaliy-metodik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
- Tadqiqotning vazifalari: 1. Interaktiv vizual ta'lim vositalari yordamida ekologik madaniyatni rivojlantirish jarayonining ilmiy-nazariy asoslarini oʻrganish va metodologik yondashuvlarni asoslash; 2. Ekologik ta'lim jarayonida interaktiv vizual ta'lim vositalarining strategiyalarini qoʻllashning didaktik imkoniyatlarini tahlil qilish; 3. Interaktiv vizual ta'lim vositalardan foydalanish boʻyicha amaliy-eksperimental dastur ishlab chiqish va uni ta'lim jarayonida sinovdan oʻtkazish; 4. Tajriba jarayoni natijalarini ilmiy-statistik tahlil qilish hamda interaktiv vizual ta'lim vositalarining pedagogik samaradorlik koʻrsatkichlarini aniqlash; 5. Interaktiv vizual ta'lim vositalari orqali ekologik madaniyatni rivojlantirish usullarni qoʻllash boʻyicha takomillashtirilgan uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish.
- Tadqiqotning obyekti va predmeti: Obyekti: O'quvchilarning ekologik madaniyatini rivojlantirish jarayoni. Predmeti: Interaktiv vizual ta'lim vositalari orqali oʻquvchilarning ekologik madaniyatini rivojlantirishning shakl, usul va metodlari.
- Tadqiqotning usullari: Nazariy (statistik tahlil, qiyosiy tahlil, kompleks yondashuv, tizimli funksional yondashuv), diagnostik (suhbat, so'rovnoma, kuzatish, tasniflash, intervyu), matematik va pedagogik eksperiment (ma'lumotlarni matematik-statistik tahlil qilish, natijalarni grafik tasvirlash, modellashtirish, eksperiment va boshqalar) kabi usullardan foydalanildi.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Ekologik madaniyatni rivojlantirishning nazariy-metodologik asoslari interaktiv vizual ta'lim texnologiyalari kontekstida ilmiy jihatdan asoslanib, yaxlit pedagogik model konseptual ravishda ishlab chiqilgan. Ekologik ta'lim jarayonida interaktiv vizual strategiyalarni qoʻllashning didaktik imkoniyatlari chuqur tahlil qilinib, pedagogik potensiali asoslangan. "Vizual-ekologik geografiya" dasturi ishlab chiqilib, o'quvchilarning ekologik motivatsiyasi, axloqi va mas'uliyat koʻrsatkichlarining sezilarli darajada rivojlangani empirik jihatdan asoslangan. Interaktiv vizual vositalarni tanlash mezonlari va ularning pedagogik jihatlari asoslanib, samaradorligi ilmiy asoslangan pedagogik indikatorlar orqali aniqlashtirilgan. Ekologik madaniyatni rivojlantirishning metodik tizimi takomillashtirilgan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Dars jarayonlarini loyihalash va oʻtkazish boʻyicha amaliy-metodik yoʻriqnomalar ishlab chiqilgan. Interaktiv koʻrgazmali vositalar asosida yaratilgan namuna dars ishlanmalari oʻqituvchilar amaliyotiga joriy etildi. Oʻquvchilarning ekologik mas'uliyati va ijodiy fikrlash koʻnikmalarini baholash mezonlari takomillashtirilib, amaliy tadqiqotlarda ularning pedagogik samaradorligi isbotlandi. Interaktiv vizual vositalardan foydalanish metodikasi ishlab chiqildi hamda u orqali ekologik ta'lim samaradorligi oshirilishi ilmiy jihatdan dalillandi. Turli fanlar kesimida ekologik ta'limni integratsiya qilish imkoniyatlarini inobatga olgan holda interaktiv vizual materiallardan foydalanish uchun faoliyat ssenariylari va topshiriqlar toʻplami yaratildi. Oʻqituvchilarning interaktiv vizual texnologiyalarni qoʻllash kompetensiyasini rivojlantirish maqsadida amaliy seminar-treninglar tashkil etildi.
- Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi va e'lon qilinishi: Tadqiqot natijalari 6 ta respublika, 3 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda muhokamadan oʻtkazilgan. Jami 29 ta ilmiy ish chop etilgan, jumladan 1 ta monografiya, 1 ta oʻquv qoʻllanma, 14 ta maqola (10 tasi respublika va 4 tasi xorijiy jurnalda) nashr etilgan.
- XULOSA: 1. Interaktiv vizual ta'lim vositalarini ekologiyani o'qitish amaliyotiga joriy etish pedagogik innovatsiya sifatida e'tirof etilishi lozim. Mazkur vositalar o'quvchilarda ekologik kompetentlikni shakllantirishda koʻrgazmalilik, axborotni aniq tushunish va uzoq muddat yodda saqlashni kuchaytirish vositasi boʻlib xizmat qiladi. Shu tariqa vizual kontentlar atrof-muhitni muhofaza qilish zarurati haqida ongli yondashuvni rivojlantiradi, o'quvchilarda ekologik madaniyatni mustahkamlash uchun psixologik-pedagogik asos yaratadi. 2. “Ekologik madaniyat” tushunchasini umumta'lim maktablarida qoʻllashda psixodidaktik xususiyatlarni e'tiborga olish zarur. Chunki ekologik ong faqat nazariy bilim emas, balki shaxsiy qadriyatlar, xulq-atvor normalari bilan uzviy bog'liq. Zamonaviy pedagogik paradigmalar shundan dalolat beradiki, fanlararo integratsiya vositasida oʻquvchilarda ekologiya boʻyicha metakognitiv koʻnikmalar rivojlanadi va atrof-muhitga nisbatan javobgarlik hissi yuqori darajaga koʻtariladi. 3. Jahon tajribasida interaktiv vizual ta'lim vositalarini ekologik ta'limda qo'llash eng maqbul pedagogik texnologiyalardan biri sifatida baholanmoqda. Multimediaviy trenajyorlar, 3D animatsiyalar, onlayn platformalar kabi vizual tizimlar oʻquvchilarda tahliliy tafakkurni rag'batlantirib, bilim va amaliy ko'nikmalar uyg'unligini kuchaytiradi. Bunday usullarning milliy ta'lim tizimiga implementatsiyasi lokal ekologik muammolarni ham samarali hal qilishda ilmiy yondashuvni rivojlantiradi. 4. O'quvchilarda ekologik madaniyatni rivojlantirish metodikasining nazariy-metodik modeli fanlararo muvofiqlashgan tartibdagi vizual ta'lim kontentlarini qamrab oladi. Unda didaktik tamoyillar (topshiriqlarni bosqichma-bosqich murakkablashtirish, ilmiylik, fanlararo bog'lanish va rag'batlantiruvchi muhit yaratish) asosida maxsus mashg'ulotlar, trenajyorlar va suhbatlar tashkil etilishi nazarda tutiladi. Bu jarayonda psixodidaktik asoslar e'tiborga olinishi o'quvchilarda tabiatni asrash borasida tanqidiy fikrlash, eko-mahorat va amaliy kompetensiyalarni kuchaytiradi. 5. Vizual ta'lim kontentlarini tasniflash va ularni metodik jihatdan toʻgʻri tanlash o'quvchilarda ekologik tafakkur hamda ongli munosabatni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Masalan, virtual ekskursiyalar atrof-muhit transformatsiyasini vizual koʻrsatib, ekologik muammolarni ilmiy tahlil qilish koʻnikmasini taraqqiy ettiradi. Shu bilan birga, multiformat resurslar (video, animatsiya, infografika) oʻquvchilarda turli tipdagi axborotni qabul qilish sohasida keng qamrovli kompetentlik hosil qiladi. 6. Ekologik ta'lim metodikasini amalga oshirish mexanizmlarida pedagogik shart-sharoitlar muhim o'rin tutadi. Dars jarayonida AKT vositalari bilan jihozlanish, o'qituvchining raqamli kompetensiyasi, fanlararo hamkorlik mavjudligi, shuningdek, oʻquvchilarda motivatsiya shakllantirish usullarining o'rinli tanlanganligi kabi omillar metodikaning umumiy samaradorligini belgilaydi. Shu bilan birga, o'qituvchining eko-resurslardan oqilona foydalanishi tadbirlar sifatida interaktiv suhbatlar va keys-stadi tashkil etish imkoniyatini beradi. 7. Iteraktiv vizual ta'lim vositalari asosida ekologik madaniyatni shakllantirishni ta'minlovchi amaliy-texnologik yondashuvlar 8-10-sinf oʻquvchilari oʻziga xos yosh psixologiyasidan kelib chiqib ishlab chiqilishi lozim. Bu bosqichda vizual qabul qilish yuqori boʻlgani sababli, raqamli koʻrgazmali vositalar bilimlarni oson oʻzlashtirish va ularni hayotda qoʻllash imkonini beradi. Uzluksiz interaktiv muhit, testlar va vizual simulyatsiyalar orqali o'quvchilarda ekologik ma'lumotlar zanjirini sistemalashtirish, amaliyot bilan bog'lash jarayoni tezlashadi. 8. Tadqiqot davomida o'quvchilar ekologik bilim, koʻnikma va kompetensiyasini muntazam ravishda diagnostika qilish va monitoring qilib borish pedagogik eksperimentda ayni eng muhim vazifa sifatida koʻrildi. Bunda baholash mezonlari (bilim, amaliy faollik, munosabatlar, axborotni kritik qabul qilish) va koʻrsatkichlar tizimi yordamida oʻquvchilarda erishilgan yutuqlar tartibli aks ettirib borildi. Olingan natijalar eko-faollik dinamikasini obyektiv baholash, metodik parametrlarni zaruratiga koʻra korreksiya qilish imkonini yaratdi. 9. Ha asosida oʻtkazilgan eksperimental tadqiqotlar natijalari ushbu metodikani tasdiqladi. Tajriba-sinov natijalari oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, shaxsiy mas'uliyat, ekologik qadriyatlarga sodiqlik hamda dasturiy materialni chuqur anglash darajasi an'anaviy usullarga nisbatan sezilarli yuksalganini koʻrsatadi. Kelgusida ushbu ilmiy xulosalar asosida keng koʻlamli amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularni respublika ta'lim amaliyotiga joriy etish rejalashtirilgan. 10. Yuqori malakali ekologik tayyorgarlik tizimida, umumiy oʻrta ta'lim maktab pedagoglari oldida tabiiy muhitni sevish va uni asrab-avaylash tarbiyasini shakllantirish muhim vazifadir. Ekologik o'qitish jarayoni "Geografiya"dan tashqari, biologiya, kimyo, iqtisodiyot va siyosatshunoslik kabi fanlar orqali amalga oshirilishi zarur. Bu yondashuv oʻquvchilarga ekosistemalar, ifloslanish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik siyosat kabi masalalarni tushunishga yordam beradi, shuningdek, ularni atrof-muhit muhofazasi masalalarida faol ishtirok etishga tayyorlaydi. 11. Oʻquvchilarda ekologiya sohasidagi bilim, koʻnikma, ma'lumot, qadriyat va an'analarni ijtimoiy ishlab chiqarish va koʻpaytirish bilan bog'liq boʻlgan ta'lim paradigmasining oʻzgarishida aks etadi. 12. Oʻquv hamda amaliy faoliyatda pedagoglarning virtual reallik (VR) dasturlari bilan ishlash qobiliyatini tarbiyalash, ta'lim jarayonining samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. VR texnologiyalari oʻqituvchilarga oʻquv materiallarini interaktiv shaklda taqdim etish, shuningdek, oʻquvchilarni murakkab masalalarni hal qilish jarayonida faol ishtirok etishga undash imkonini beradi. Bu, oʻz navbatida, pedagoglarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlash va oʻquvchilarda chuqur tushuncha shakllantirishga yordam beradi.