Koreys va o‘zbek ayollar nasri poetikasi (Pak Kyong Ni va Saida Zunnunova ijodi misolida)
Ushbu dissertatsiya avtoreferati koreys va oʻzbek ayollar nasrining poetik xususiyatlarini qiyosiy tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda Pak Kyong Ni (Koreya) va Saida Zunnunova (Oʻzbekiston) ijodlari asosida ayol yozuvchilarning obraz yaratishdagi mahorati, oila, muhabbat va jamiyat masalalarini yoritish uslublari, milliy mentalitetning aks ettirilishi kabi jihatlar tahlil qilinadi. Tadqiqot, shuningdek, bu ikki adabiyotda ayol obrazining talqini, modernizatsiya va qadriyatlar to'qnashuvi, global muammolarni ifodalash hamda ichki monolog va dialog uslublaridan samarali foydalanish kabi masalalarni ham qamrab oladi. Ilmiy ishning asosiy maqsadi – ikki millat ayol yozuvchilarining ijodiy merosini qiyosiy oʻrganish orqali ularning XX asr adabiyotiga qoʻshgan hissasini aniqlash hamda oʻzbek va koreys adabiyotshunosligiga yangi hissa qoʻshishdan iborat.
Asosiy mavzular
- Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Jahon adabiyotshunosligida ayol ijodkorligi, obraz yaratish mahorati, milliy qadriyatlar ifodasi, mavzu koʻlami, muallif 'men'ini ikki adabiyot: oʻzbek va koreys ijodkorligi yuzasidan qiyosiy oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Sharq xalqlariga tegishli boʻlgan koreys va oʻzbek adabiyotini ayol ijodkorligi va ularning poetik mahorati asosida tadqiq etish zaruriyati tugʻilgan.
- Tadqiqotning maqsadi: Pak Kyong Ni (박경리) va Saida Zunnunova nasrining poetik xususiyatlarini oʻzaro qiyosiy tahlil qilish va ushbu mualliflarning XX asr koreys hamda oʻzbek adabiyotlaridagi rivojiga qo'shgan hissasini aniqlashdan iborat.
- Tadqiqotning vazifalari: Koreys va oʻzbek ayollar nasrining poetik xususiyatlarini, ayol yozuvchilar ijodiyoti va ularning adabiyotdagi mavqeyi, asarlarning mavzu va gʻoya doirasi hamda oila, muhabbat va jamiyat masalalari, milliy mentalitetning aks ettirilishi va global qadriyatlar bilan uyg'unligini ochib berish; Pak Kyong Ni (박경리) va Saida Zunnunova ijodi asosida koreys “ayollar nasri'ning rivojlanishi, uning taraqqiyoti, oilaviy munosabatlar talqini hamda milliyylik va universallikning oʻzaro uyg'unligini aniqlash.
- Tadqiqotning obyekti: Pak Kyong Ni (박경리) qoldirgan boy ijodiy meros hamda Saida Zunnunovaning nasriy asarlarining namunalari.
- Tadqiqotning predmeti: XX asr koreys va oʻzbek adabiyotida nasrning poetik manzaralari sifatida Pak Kyong Ni (박경리) va Saida Zunnunovaning nasri, ularning badiiy olami.
- Tadqiqot usullari: Psixologik, analitik, biografik, qiyosiy-tipologik tahlil usullaridan foydalanilgan.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Koreys va oʻzbek ayollar nasrining poetik xususiyatlari, ayol yozuvchilar ijodiyoti va ularning adabiyotdagi mavqeyi, asarlarning mavzu va gʻoya doirasi hamda oila, muhabbat va jamiyat masalalari, milliy mentalitetning aks ettirilishi va global qadriyatlar bilan uyg'unligi ochib berilgan; Pak Kyong Ni (박경리) va Saida Zunnunova ijodi asosida koreys “ayollar nasri'ning rivojlanishi, uning taraqqiyoti, oilaviy munosabatlar talqini hamda milliyylik va universallikning oʻzaro uyg'unligi aniqlangan; adibalarning obraz yaratishdagi mahorati: ayol yozuvchi nigohi asosida qahramon qiyofasi tasviri, ularning ruhiy holat va kechinmalaridagi dramatizm, ichki monolog va dialoglarning ifodalashdagi emotsional kayfiyatlar uslubini yuzaga chiqaruvchi omil ekanligi isbotlangan; yozuvchilar ijodida global muammolarning ifoda etilishi, jamiyatning bir ko'rinishi boʻlgan oilaviy munosabatlar, ayol qadri, unung jamiyatdagi oʻrni asosida makon va zamonda yuz beradigan voqelik ijtimoiy-psixologik farqliliklar asosida ochib berilgan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Tadqiqot natijalari oʻzbek va koreys adabiyoti vakilalari hisoblangan Saida Zunnunova hamda Pak Kyong Ni (박경리)ijodi ayol ruhiyati muammosi asosida yaxlit monografik tarzda oʻrganilib, ilmiy-nazariy qarashlar asosida ularning nasrdagi poetik mahorati aniqlangan; ayol ruhiyati, uning oila va jamiyatdagi oʻrni, hayotning global masalalariga munosabatiga doir tabiatiga doir kuzatishlar ijodkor olamini va uning ruhiyatini aniqlash asnosida turli-tuman badiiy usullar vositasida va yoʻsinlar bilan boyib borganligi asoslangan; ayollar nasrida ichki monolog va dialoglarning muhim atribut ekanligi va nasriy asarlarida obrazlar ruhiyatini yoritishda bu kabi atributlardan unumli foydalanganligi isbotlangan; Pak Kyong Ni (박경리)hamda Saida Zunnunova nasrida badiiy-estetik tamoyillar muhim oʻrin tutganligi hamda unda milliy tushunchalar ifodasi jamlanganligi asoslangan.
- Xulosa: XX asr adabiyoti mazmun va shakl jihatidan yangilangan adabiyot sanaladi. Bu davr adabiyotida tarixiy an'analarning davomiyligini kuzatish bilan bir qatorda, yangi qarashlarning kirib kelishi adabiyotga boʻlgan munosabatlarni tubdan oʻzgartirdi. Ayniqsa, ayol adibalarning XX asr adabiyotini yangi janrlar asosida zabt etishi esa adabiyot borasidagi yangicha qarashlarga olib keldi. Oʻzbek va koreys adabiyotida ayol obrazi va uning talqini har ikki adabiyotda muhim oʻrin tutadi. Modernizatsiya va qadriyatlar toʻqnashuvi tushunchalari har ikki adabiyotning asosiy oʻzagiga aylanib ulgurgan. Shuningdek, har ikki mamlakat ayollarining ijodida milliy mentalitet saqlanib qolgan boʻlsa-da, global qadriyatlar, xususan, gender tengligi, ayollarning huquqiy va ijtimoiy erkinligi masalalari chuqur aks ettirilgan. Poetik ifodaning mahorat darajada ifoda etilishi har ikki ijodkorning uslubidan darak beradi. Tabiat tasviri qahramonlarning ichki dunyosi, ruhiy kechinmalari bilan bogʻlangan holda berilib, ijodkorlarning insoniy tuygʻularni tasvirlashdagi mahoratini ochib beradi. Shuningdek, har ikki ijodkor monolog va dialog orqali ruhiy kechinmalarni berish ustunlik qiladi.