Qo‘qon adabiy muhiti takomilida ijodiy an’ana va poetik tafakkur yangilanishi (Muhyi va uning zamondoshlari asarlari misolida)
Ushbu dissertatsiya Oʻzbekistonning Qoʻqon adabiy muhitida XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ijodiy an’ana va poetik tafakkurning yangilanishi, bu jarayonning milliy uygʻonish davri ma’rifatparvarlik va jadid adabiyoti bilan bogʻliqligini, mumtoz adabiyot an’analarining rivojlanishida ushbu adabiy muhitning oʻrni hamda oʻziga xosligini ilmiy-nazariy jihatdan ochib berishga bagʻishlangan. Tadqiqotda Qoʻqon adabiy muhiti vakillari ijodida mamlakatimiz tarixiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyotining aks etishi, jumladan, milliy uygʻonish va jadidchilik harakatlarining namoyon boʻlishi, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-estetik oʻzgarishlarning badiiy talqini hamda shoirlarning an’analar bilan yangilanishi, milliy ma’naviy qadriyatlarni rivojlantirish yoʻlidagi ijodiy izlanishlari tahlil qilingan.
Asosiy mavzular
- Kirish: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati, jahon adabiy tafakkuri taraqqiyotida poetik tafakkur yangilanishining adabiy-estetik asoslari hamda poetik an'ana sintezi kabi masalalar dolzarb muammolardan biri sifatida tadqiq etilgan. Milliy uyg'onish davri Qo'qon adabiy muhiti va uning namoyandalari ijodini yangi mezonlar asosida ochib berish bugungi adabiyotshunoslik oldidagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
- Milliy uyg'onish davri Qo'qon adabiy muhitida ijodiy an'ananing oʻziga xosligi: Ushbu bobda milliy uyg'onish davri Qo'qon adabiy muhitining ijodiy an'analari tahlil qilingan. Adabiy an'analarning genezisi, tadrijiy takomili va oʻziga xos xususiyatlari, an'ana va novatorlik uyg'unligi, muvashshah va badiha she'rlarning oʻrni, maktub she'rlarning yangi talqini, zullisonaynlik an'anasining rivoji kabi masalalar ilmiy oʻrganilgan. Ushbu muhitda Alisher Navoiy, Jomiy, Fuzuliy, Anvariy, Bedil kabi ulug' ijodkorlarning ta'siri, shuningdek, zullisonaynlik, devon tuzish, muvashshah va maktub she'rlar kabi an'analar muhim o'rin tutdi.
- Poetik janr va mazmun yangilanishining adabiy-estetik asoslari: Ushbu bobda XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Qoʻqon adabiy muhitidagi poetik janr va mazmun yangilanishining manbaviy asoslari, ijtimoiy-siyosiy omillarning roli ilmiy asosda tahlil qilingan. Bu shoirlar she'rlarida ta'lim-tarbiya va ma'naviy yuksalish g'oyalari ko'tarildi. Ularning she'riyatni xalqni uyg'otish vositasi sifatida koʻrdilar. Muhyi mustahkam e'tiqod sohibi sifatida xalqni maʼrifatlantira oladigan she'rlar ijod qildi.
- Oshiqona obrazlar yangilanishi tamoyillari: Ushbu bobda shoirlar ijodida oshiqona obrazlarning yangilanishi, ularning poetik tasvirdagi oʻziga xosligi va mazmun jihatidan boyishi kabi masalalar oʻrganilgan. An'anaviy oshiqona g'azallar zamirida davrning mavjud ijtimoiy muammolarini singdirib yuborish hodisasi koʻzga tashlanadi.
- Irfoniy obrazlar yaratishda an'anaviylik va yangilanish: Ushbu bobda XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi Qoʻqon adabiy muhitida, xususan, Muhyi, Qoriy, Furqat, Muhayyir, Xaziniy kabi shoirlar ijodidagi irfoniy obrazlarning shakllanishi, an'anaviylik va yangilanish jarayonlarini ilmiy asosda tahlil qilishga bag'ishlangan. Shuningdek, faslda irfoniy obrazlarning o'z davri falsafiy-badiiy tafakkuri va ijtimoiy muammolari bilan uyg'unlashgani tahlil qilingan.
- Tarix va zamon haqiqatlarining she'riyatdagi talqini: Ushbu bobda XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Qoʻqon adabiy muhiti shoirlari ijodida tarixiy voqealar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va zamon ruhining poetik ifodasini tahlil qilishga bag'ishlangan. Tadqiqotda tarix va adabiyot o'rtasidagi dialektik munosabatga asoslanib, she'riyatning nafaqat badiiy, balki tarixiy-ijtimoiy voqelikni aks ettiruvchi muhim manba sifatidagi roli yoritildi.
- Xulosa: Dissertatsiyada Milliy uyg'onish davri Qo'qon adabiy muhitining oʻziga xos ijodiy an'analari, ma'rifatparvarlik gʻoyalari va ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan ajralib turishi, mumtoz she'riyat an'analariga individual ijodiy tafakkur asosida yondashuv, poetik mazmunning ijtimoiylashuvi va badiiy obraz va timsollar yangilanishi isbotlangan. Adabiy muhitning oʻziga xosligi uning badiiy uslubi, mavzu doirasi va ijodkorlarning ma'rifiy faoliyatida koʻzga tashlanadi.