O’simlikshunоslik va paxtachilik
Ushbu kitob paxtachilik yo'nalishi talabalari uchun mo'ljallangan bo'lib, O'zbekistonda yetishtiriladigan asosiy g'o'za turlarining morfologik va biologik xususiyatlarini o'rganishga bag'ishlangan. Unda g'o'zaning ildiz tizimi, barglari, shoxlanishi, gullari, ko'saklari, chigitlari va tolalari kabi organlarining tuzilishi, rivojlanishi va hosildorlikka ta'siri batafsil yoritilgan. Kitobda laboratoriya mashg'ulotlari uchun amaliy ko'rsatmalar ham berilgan.
Asosiy mavzular
- G'o'zaning ildiz tizimi va barglarining morfologik tuzilishi: G'o'zaning ildiz tizimi o'q ildizdan iborat bo'lib, u asosiy o'q ildiz va turli tartibda shoxlangan yon ildizlardan tashkil topgan. Asosiy o'q ildiz yerga 2-3 metrgacha chuqurlikka kirib boradi. G'o'za barglari barg plastinkasi, barg bandi va barg bandi asosida joylashgan ikkita yonbargdan iborat.
- G'o'zada monopodial va simpodial shoxlarning morfologik tuzilishi: G'o'zada shoxlar ikki turga bo'linadi: monopodial yoki o'suvchi va simpodial yoki hosil shoxi. Monopodial shox barg qo'ltig'idagi bitta kurtakdan to'xtovsiz o'sish bilan rivojlanadi. Simpodial shox bir necha kurtakdan navbatdagi bo'g'im oralig'ining hosil bo'lishi bilan rivojlanadi.
- Simpodial shoxlarning tiplari kenja tiplari: G'o'za simpodial shoxlari o'zida hosil bo'ladigan bo'g'in oraliqlari soniga qarab 2 ta tipga bo'linadi: cheklanmagan tipdagi hosil shoxi va cheklangan tipdagi hosil shoxi. Hosil shoxi cheklangan tipdagi g'o'zaning shakli, odatda, kolonkaga o'xshash bo'lgani xolda, cheklanmagan tipdagi g'o'zaniki esa piramida shaklida bo'ladi.
- G'o'zaning ekiladigan to'rta turining gul tuzilishi: G'o'za gullari ikki jinsli, beshinchi tipga oid bo'lib, elementlari beshta aylana bo'yicha joylashgan. Gulning asosida gulband bo'lib, keyinchalik u meva bandiga aylanadi. G'o'za guli ichida nektarniklar bo'ladi.
- Gullash sxemasi: G'o'za tupida shonalarning paydo bo'lishi va ularning ochilishi butun vegetasiya davri davomida asta-sekin davom etadi. Gullash bosh poyaning o'sishiga va ularda yangi-yangi hosil shoxlarining shakllanishiga hamda yon shoxlarining paydo bo'lishiga qarab sodir bo'ladi.
- Ko’saklarning morfologiyasi va g'o'za tupi doirasida hosil elementlarining to'kilish sxemasi: G'o'zaning mevasi ko'sak bo'lib, ko'pchilik g'o'za turlarida yetilganda ochiladi. Mevabandi 1-10 sm gacha va ba`zan undan ham uzunroq bo'ladi. To'la shakllangan, lekin hali ochilmagan ko'saklar tuxumsimon, tuxumsimon - konus shaklida va har xil darajada cho'ziq, yumaloq - oval, sharsimon, yassi sharsimon bo'lishi mumkin.
- G'o'za chigiti va murtagining tuzilishi: To'la shakllangan va yetilgan chigit tuxumsimon yoki noto'g'ri noksimon shaklda va uzunligining eniga bo'lgan nisbati turlicha bo'ladi. chigit murtakdan va uni o'rab olgan ikkita qobiq (po'st) dan iborat.
- Etilgan va yetilmagan paxta tolasi hamda boshqa ayrim tur tolalarning tuzilishi: Paxta tolasi chigit qobig'idagi tashqi epidermisning aktiv xujayralaridan hosil bo'ladi. Har bir tola asosan hujayraning bo'yiga tomon kuchli o'sishdan hosil bo'lib, boshqa o'simlik hujayralari kabi ichida yadrosi va hujayra shirasidan iborat protoplazmasi bo'ladi.
- Rayonlashtirilgan asosiy g'o'za navlarida o'simlikning rivojlanish fazalarining hisobi: G'o'za individual rivojlanish jarayonida chigitini ekishdan tortib to vegetasiya davri oxirigacha beshta asosiy fazani o'tadi. Unib chiqish, ya`ni urug'pallaning ko'karib chiqish fazasi, Chinbarg chiqarish fazasi, Shonalash, gullash fazasi, Pishish fazasi.