Dariy tili (Morfologiya)
Ushbu kitob zamonaviy dariy tilining morfologiyasiga bag'ishlangan bo'lib, unda so'z turkumlari, ularning grammatik xususiyatlari va yasalishi batafsil tahlil qilingan. Qo'llanma talabalar, dariy tili mutaxassislari va o'qituvchilar uchun mo'ljallangan.
Asosiy mavzular
- So'z turkumlari: So'z turkumlari morfologik va sintaktik jihatdan uch guruhga bo'linadi: mustaqil so'zlar, yordamchi so'zlar va alohida guruh so'zlar. Mustaqil so'zlarga ot, sifat, son, olmosh, fe'l va ravish kiradi.
- Ot (esm): Ot predmetlik ma'nosini ifodalaydi. Dariy tilida otlar ma'no va grammatik xususiyatlariga ko'ra turdosh va atoqli otlarga bo'linadi. Turdosh otlar o'z navbatida aniq va mavhum otlarga ajratiladi.
- Otlarda son: Otlar birlik va ko'plik sonda qo'llanadi. Dariy tilida otlar ko'plikda -ân, -yân, yân fonetik shakllari yoki -hâ affiksini oladi. Shuningdek arab tilidan kirib kelgan so'zlar arabcha ko'plik shakllarini saqlab qolgan.
- Sifat (sefat): Sifat predmetning belgisini bildiruvchi so'z turkumidir. Sifatlar ma'nosiga va ayrim grammatik belgisiga ko'ra asliy va nisbiy sifatlarga bo'linadi. Dariy tilida sifatlar ko'plik shakliga ega emas.
- Son (adad): Son predmetning sanog'ini, tartibini ko'rsatuvchi so'z turkumidir. Sonlar miqdor va tartib sonlarga bo'linadi. Miqdor sonlar o'z navbatida sodda, qo'shma va murakkab sonlarga ajratiladi.
- Olmosh (zamir): Olmosh predmet yoki uning biror belgisini bildirmay, predmet yoki belgi tushunchasining mavjudligini ko'rsatadigan mustaqil so'z turkumidir. Olmoshlar nutqda ot, sifat, son va ba'zan ravish o'rnida keladi. Dariy tilida olmoshlar shaxs, ishora, so'roq, belgilash, bo'lishsizlik, gumon, birikuvchi va birgalik olmoshlariga bo'linadi.
- Fe'l (fe'l): Fe'l harakat-holat ma'nosini anglatuvchi so'z turkumidir. Fe'llar leksik-grammatik xususiyatlariga ko'ra mustaqil va yordamchi fe'llarga bo'linadi. Shuningdek fe'llar sodda, prefiksli va qo'shma fe'llarga ajratiladi. Mayl, zamon, nisbat va shaxs-son fe'lning muhim grammatik kategoriyalari hisoblanadi.
- Ravish (qayd): Ravish turkumiga oid so'zlar ish-harakatning belgisini, belgining belgisini va ba'zan predmet belgisini bildiradi. Ravish ish-harakatning belgisini bildirganda, bajarilish jarayonini, holatini, paytini, o'rnini ko'rsatadi.