Etika va estetika

Ushbu kitobda axloq va estetika fanlari yuzasidan ma'lumotlar berilgan. Etika va estetika (axloqshunoslik va nafosatshunoslik) fanlarining mohiyati, maqsadlari, vazifalari va jamiyatdagi ahamiyati keng yoritilgan. Shuningdek, axloqiy madaniyat, kasbiy odob, go'zallik, ulug'vorlik, fojealilik, kulgililik kabi tushunchalar tahlil qilingan. San'atning inson ma'naviy rivojlanishidagi o'rni ham batafsil ko'rsatilgan.

Asosiy mavzular

  • Turkiston ma'rifatchi jadidlarining axloqiy qarashlari: Ushbu mavzuda Turkiston ma'rifatchiligining o'ziga xos xususiyatlari, Ahmad Donish, Furqat, Muqumiy kabi ma'rifatchilarning asarlarida ko'tarilgan axloqiy muammolar, Abay, Anbar otin, Abdulla Avloniy va Fitratning axloqiy qarashlari, Jadid matbuotining axloqiy tarbiya borasidagi xizmatlari ko'rib chiqiladi.
  • Axloqiy tamoyillar va meyorlar. Oila, fuqarolik jamiyati va davlatning axloqiy asoslari: Bu mavzuda axloqiy tamoyil va me'yorlar, oila - ilk axloqiy maskan, davlatning axloqiy asoslari masalalari muhokama qilinadi. Sharqona oila tushunchasi, oilaning huquqiy va ma'naviy negizlari, axloqiy madaniyat tushunchasi va kasbiy odob kabi mavzularga alohida e'tibor qaratilgan.
  • Axloqiy madaniyat va kasbiy odob: Ushbu mavzuda axloqiy madaniyat va kasbiy odob, axloqiy tarbiyaning yo'llari va vositalari, axloqning boshqa ijtimoiy-ma'naviy hodisalar bilan o'zaro aloqalari, axloq va din, axloq va huquq, axloq va siyosat, axloq va san'at, axloq va fan, axloq va mafkura masalalari ko'rib chiqiladi.
  • Nafosatshunoslikning mushtarak mezoniy tushunchalari: Bu mavzuda go'zallik, ulug'vorlik, fojealilik, kulgililik kabi nafosatshunoslikning mushtarak mezoniy tushunchalari tahlil qilinadi. Estetik ong tushunchasi, estetik ong tuzilmasi, estetika kategoriyalari, estetik did nima ekanligi, estetik faoliyat unsurlari va estetik tarbiya yo'llari yoritilgan.
  • San'at asarini nafosatli idrok etish va shaxs nafosatli tarbiyalari: Ushbu mavzu san'at va bilish nazariyasi, san'at turlari, she'riyat va badiiy adabiyotning inson ma'naviy rivojlanishidagi o'rni kabi masalalarni o'z ichiga oladi.