Elementar zarrachalarni qayd qilish usullari
Ushbu kitob elementar zarrachalarni aniqlash usullariga bag'ishlangan bo'lib, uslubiy qo'llanma sifatida xizmat qiladi. Unda elementar zarrachalarning muhit bilan o'zaro ta'siri, detektorlarning asosiy elementlari, zarrachalarni aniqlash usullarining ionlanish, yarimo'tkazgich xossalari, Cherenkov nurlanishi, stsintillyatsiya va trekli xususiyatlariga asoslangan usullari yoritilgan. Kitob fizika fakultetining yuqori kurs talabalari, magistrlar, aspirantlar va elementar zarrachalar xossalari bilan shug'ullanuvchi xodimlar uchun mo'ljallangan.
Asosiy mavzular
- Asosiy tushunchalar: Elementar zarrachalarni aniqlash bilan bog'liq asosiy tushunchalar, detektorning qayd qilish effektivligi, sezgirligi va ajrata olish qobiliyati bayon etilgan.
- Zaryadlangan zarrachalarning muhit bilan o'zaro ta'siri: Zaryadlangan zarrachalar muhit orqali o'tayotganda yuz beradigan hodisalar, ionizatsion yo'qotishni hisoblaydigan tenglama va Cherenkov-Vavilov nurlanishi tushuntirilgan.
- Detektorlaydigan qurilmalarning asosiy elementlari: Detektorlaydigan qurilmalarning asosiy elementlari, himoya bloki vazifasi, zaryadlangan zarrachalar oqimining burchak taqsimoti va geometrik faktorning mohiyati ko'rsatilgan.
- Gaz muhitli ionizatsion kameralar: Gaz muhitli ionizatsion kameralarning asosiy turlari, tuzilishi va ishlash prinsipi, Geyger-Myuller sanagichining asosiy xossalari, ionizatsion kameralarning afzallik va kamchiliklari ko'rsatilgan.
- Yarim o'tkazgichli detektorlar: Yarim o'tkazgichlarning fizik xossalari, yarim o'tkazgichli detektorlarning ishlash prinsiplari, ularga qo'yiladigan asosiy talablar, afzallik va kamchiliklari ko'rsatilgan.
- Ssintillyatsiya detektorlari: Ssintillyatsion detektorlarning fizik xossalari, tuzilishi va ishlash prinsiplari, fotoelektron ko'paytirgichlarning vazifasi, "shovqin" impulslari va "sanoq rejimi", ssintillyatsion schetchiklarning afzallik va kamchiliklari ko'rsatilgan.
- Vavilov-Cherenkov nurlanishini qayd qilish: Vavilov-Cherenkov nurlanishining kelib chiqishi, hosil bo'lishining asosiy shartlari, fokuslovchi va fokuslanmaydigan detektorlarning tuzilishi va xususiyatlari, detektorning afzallik va kamchiliklari tushuntirilgan.
- Trekli qayd qilish usullari: Yadro fotoemulsiya usulining fizik asoslari, zaryadlangan zarrachalarning parametrlarini aniqlash usullari, usulning afzallik va kamchiliklari ko'rsatilgan.
- Vilson kamerasi: Vilson kamerasining tuzilishi va ishlash prinsipi, zaryadli zarralarning parametrlarini aniqlash, kameraning afzalik va kamchiliklari bayon etilgan.
- Pufakchali kamera: Pufakchali kamerada yuz beradigan fizik jarayon, tuzilishi va ishlash prinsipi, har bir izga mos keluvchi zarrachani aniqlash usullari, kameraning afzallik va kamchilik tomonlari ko'rsatilgan.
- Uchqunli kamera: Uchqunli kameraning tuzilishi va ishlash prinsipi, foydalanish imkoniyatlari, strimer kamerasidan foydalanish, kameraning afzallik va kamchiliklari bayon etilgan.