Estetika asoslari
Ushbu qoʻllanma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun moʻljallangan boʻlib, unda estetika fanining umumiy tamoyillari, shuningdek, milliy estetikaning oʻziga xos xususiyatlari yoritilgan. Qoʻllanma oʻzbek tilidagi dastlabki tadqiqotlardan biri boʻlib, unda estetik tafakkurning shakllanishi, rivojlanish va taraqqiyot bosqichlari toʻgʻrisida fikr yuritiladi.
Asosiy mavzular
- Estetika fanining maqsadi va vazifalari: Estetika fanining asosiy maqsadi - nafosat olamini o'rganish, tadqiq va tahlil etish, bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, uning mohiyatini odamlarga anglatish, o'qitish kabi maxsus vazifani bajarishdir. Estetika falsafiy fandir. Falsafa - tafakkur gulshani, ma'naviyat bog'i. Falsafa fani - haq yoʻlga o'rgatuvchi ta'limot, dunyoqarashni shakllantiruvchi, odam va olamni bilish ilmidir. Estetika (nafosatshunoslik) esa go'zallik haqida bilim beruvchi fandir.
- Estetikaning boshqa fanlar bilan aloqasi: Estetika fani falsafa, tarix, etika, ruhshunoslik, pedagogika va san'atshunoslik kabi fanlar bilan chambarchas bog'liqdir. Badiiy bilish, axloq, san'atning umumiy qonuniyatlari, estetik did, estetik kechinma kabi masalalar orqali bu fanlar o'zaro aloqadorlikni namoyon qiladi.
- O'rta Osiyoda estetik tafakkur taraqqiyoti: Qadimgi kishilarning orzu-umidlari eposlardagi afsonaviy obrazlar qiyofasida o'z ifodasini topgan. Afsonalar, dostonlar, to'y sayillarda, xalq yig'inlarida, bayramlarda, safarlarda aytilgan qoʻshiq, laparlar, lirik she'r, maqol-matallar estetika fanining uzoq tarixga ega ekanligidan dalolat beradi. Markaziy Osiyoda Ahmad al-Farg'oniy, Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi allomalarning ilmiy asarlarida estetikaning barcha kategoriyalari oʻz aksini topgan.
- Turkistonda ma'rifatparvarlik estetikasi: Ma'rifatparvarlik g'oyalari Markaziy Osiyo xalqlarining ming yillik tarixidagi eng muhim va kuchli ma'naviy tayanchlardan biri hisoblanadi. Ular jamiyat a'zolarining ongini qayta qurish, tushuncha va tasavvurlarini oʻzgartirish, shuningdek, dunyoviy ilmlarni tarqatish orqali yuksak maqsadlarga erishishga da'vat etilgan. Estetik qarashlar va badiiy qadriyatlar ma'rifatparvarlik tizimida alohida o'rin tutadi.
- Asosiy estetik kategoriyalar (tushunchalar): Go'zallik, ulug'vorlik, fojiaviylik, kulgililik - bu kategoriyalar ijtimoiy borliq, inson hayoti sohalarining har birida ishlab chiqarish, mehnat va ijtimoiy-siyosiy faoliyatda, tabiatga munosabatda, madaniyat, turmush va hokazolarda olamni estetik oʻzlashtirishning oʻziga xos ko'rinishidir. San'atning ta'siri shodlik va qayg'u kabi kechinmalar paydo boʻladi. Go'zal obrazlar kishilarga hayot ma'nosini anglashga yordam beradi, hayotda oʻz oʻrnini topishga, qadr-qimmatini tanishga ko'maklashadi.
- Estetik tarbiya asoslari: Estetik tarbiyaning asosiy maqsadi - jamiyat a'zolarining har tomonlama mukammal rivojlanishlari uchun goʻzallikni to'laqonli his etishga ko'maklashishdan iboratdir. U oila, maktab va jamiyatda amalga oshiriladi. Bolalarni o'rab turadigan chiroyli narsalar ularga hech narsa bermaydi, shuning uchun bolalarni ularni koʻrishga, qadrlashga, baholay bilishga o'rgatish kerak.