Qayta ishlash jarayonida yumshoq bug`doy donining nonboplilik sifatini oshirish texnologiyasi
Bu kitob O‘zbekiston sharoitida yetishtiriladigan kuzgi yumshoq bug‘doy donining dastlabki ishlov berish jarayonida nonboplilik darajasini baholash, uni yaxshilash texnologiyalarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Unda turli navlar donining sifati, tarkibi, fraksion tarkibi, shishasimonliligi, kleykovina miqdori kabi xususiyatlari tahlil etilgan. Shuningdek, turli agrotexnologik jarayonlarning don sifatiga ta’siri o‘rganilgan hamda sifatli non tayyorlashning biokimyoviy va biotexnologik asoslari ko‘rsatib berilgan.
Asosiy mavzular
- Yumshoq bug‘doy donining nonboplilik darajasini baholash muammolari: Sug‘oriladigan yerlarda yetishtirilayotgan yumshoq bug‘doy navlari donlaridan sifatli non tayyorlash yoki yumshoq bug‘doy donlariga dastlabki ishlov berish jarayonida nonboplilik sifatiga baho berish masalalari o‘rganilgan. Mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarda yetishtirilayotgan yumshoq bug‘doy navlari donlaridan sifatli non tayyorlash va don sifatini va salmog‘ini oshirishga bag‘ishlangan tadqiqotlar tahlil qilingan.
- Yumshoq bug‘doy donlari texnologik sifat ko‘rsatkichlarining nonboplilik darajasiga ta’sirini o‘rganish: Yumshoq bug‘doy va boshqa o‘simlikshunoslik mahsulotlarining texnologik sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanishi ularga dastlabki ishlov berish jarayonida amalga oshiriladi. Sug‘oriladigan yerlarda yetishtiriladigan kuzgi yumshoq bug‘doy donlariga dastlabki ishlov berish jarayoni ularni tozalash, quritish va boshqa texnologik jarayonlari bilan birga yetishtirilgan donning nonboplilik darajasini belgilaydigan 1000 don vazni bo‘yicha natura og‘irligi, un chiqimi, shishasimonlik darajasi, kleykovina va mineral moddalar miqdori bo‘yicha baholanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
- Don mahsulotlariga dastlabki ishlov berish jarayonida nonboplilik darajasini baholash: Yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlov idoralari qabul qilishida sifati bo‘yicha ma’lum darajada baholab qabul qilsalarda, qayta ishlash jarayonida dastlab belgilangan sifatiga mos kelmaslik holatlari kuzatiladi. Bunday holat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini shu jumladan, don mahsulotlariga dastlabki ishlov berish jarayonini takomillashtirishni talab etadi. Chunki, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga dastlabki ishlov berish jarayoni talablar darajasida amalga oshirilsa va sifatining to‘g‘ri baholanishiga erishilsa, saqlash jarayonida ham sifati saqlanib qolgani holda qayta ishlash jarayonigacha sifatlilik darajasi to‘liq saqlanib qolishi mumkin.
- Don mahsulotlariga dastlabki ishlov berish jarayonida un chiqimi boʻyicha nonboplilik darajasini baholashning iqtisodiy samaradorligi: Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 7 million tonnadan oshiqroq kuzgi yumshoq bug‘doy donlari sug‘oriladigan yerlarda yetishtirilib, lalmikor va sug‘oriladigan yerlarda bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, tariq va boshqa donlar salmog‘i ham taxminan 3 million tonnani tashkil etadi. Barcha yetishtirilayotgan 10 million tonnaga yaqin donni jon boshiga hisoblasak, 323 kg to‘g‘ri keladi, ya’ni jon boshiga har bir kun uchun deyarli 1 kg don yetishtirilayapti. Ammo qattiq bug‘doy sotib olishga majbur bo'linmoqda. Sabab yumshoq bug‘doydan tayyorlangan nonlar qattiq bug'doy o'rnini bosa olmaydi. Bundan tashqari qattiq bug'doy narxi yumshoq bug'doydan qimmat. Yumshoq bug‘doy donlari unidan yuqori sifatli non tayyorlash texnologiyasi yo'qligi, ommaviy axborot vositalarida yoritilmasligi muammoli. Aslida yumshoq bug'doy tarkibi qattiq bug'doydan ustun, faqat uni sifatli tayyorlash kerak.