Bitiruv malakaviy ishini yozish va himoya qilish bo’yicha metodik qo’llanma
Ushbu metodik qo'llanma "Buxgalteriya hisobi va audit" yo'nalishi bo'yicha bitiruv malakaviy ishlarini yozish va himoya qilish jarayonini tashkil etishga bag'ishlangan. Qo'llanmada talabalarga bitiruv malakaviy ishlari mavzularini tanlash, mazmunini shakllantirish, adabiyotlarni o'rganish, ma'lumot to'plash, rasmiylashtirish va himoya qilish bo'yicha ko'rsatmalar berilgan. Shuningdek, qo'llanmada namunaviy mavzular banki, zaruriy hujjatlar tarkibi va ilovalar keltirilgan.
Asosiy mavzular
- Bitiruv malakaviy ishining maqsadi va vazifalari: Bitiruv malakaviy ishining asosiy maqsadi talabalarga buxgalteriya hisobi, tahlil va audit bo'yicha olgan nazariy bilimlari darajasini mustahkamlash va ularni amaliyotda qo'llay olish ko'nikmasini yuzaga keltirishdir. Bitiruv malakaviy ishining asosiy vazifalari talabaning bilimlarini chuqurlashtirish, amaliyotga qo'llash ko'nikmasini hosil qilish, muammolarni aniqlash va ularning yechimini topishga o'rgatish, tadqiqot ishlarini olib borish metodlarini o'zlashtirish va buxgalteriya hisobi tizimini isloh qilinishi sharoitlarida mustaqil ishlashga o'rganishdan iborat.
- Bitiruv malakaviy ishining mavzularini tanlash: Talabalar bitiruv malakaviy ishi mavzularini mutaxassislik fanlarini o'qiyotgan davrlarida tanishib chiqishlari hamda o'zlarini qiziqtirgan masalalarga ko'ra mavzu tanlashlari mumkin. Bunda talaba oldingi ishlarni bajarishdagi tajribalarini, o'z ilmiy salohiyatlarini va shaxsiy imkoniyatlarini hisobga olib, mustaqil ravishda bitiruv malakaviy ishi uchun mavzu tanlaydi va reja tuzadi. Kunduzgi bo'limda tahsil olayotgan talabalar amaliyot o'tash joylariga yuborilganda, u yerda olib borilayotgan buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit masalalarini qisman o'rganishi natijasida vujudga kelgan xulosalarini inobatga olgan holda tanlangan dastlabki mavzuni o'zgartirishlari mumkin.
- Bitiruv malakaviy ishining mazmuni: Bitiruv malakaviy ishi 3 qismdan: kirish, asosiy qism hamda xulosa, takliflar va internet ma'lumotlaridan iborat bo'ladi. Kirish qismida tanlangan mavzuning dolzarbligi, maqsad va vazifalari, tadqiqotning nazariy-metodik uslubiy asoslari, ilmiy tadqiqot ob'ektiga qisqacha iqtisodiy tavsif va bitiruv malakaviy ishining tuzilishi yoritiladi. Asosiy qismi boblar va ularga tegishli bo'lgan paragraflardan iborat bo'ladi. Xulosa qismida mavzu yuzasidan ko'rilgan masala va muammolarni bartaraf qilish bo'yicha berilgan takliflar va tavsiyalarga qisqacha yakun yasalib, o'rganilgan mavzu yo'nalishiga muvofiq holda buxgalteriya hisobi, tahlil va auditni tashkil etish hamda ularni takomillashtirish borasidagi aniq takliflar aks ettiriladi.
- Bitiruv malakaviy ishini bajarishni tashkil etish: Bitiruv malakaviy ishini yozishdan avval bitiruv oldi amaliyoti o'tkazilib, ushbu davrda amaliyot bazasi hisoblanuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarida (tijorat banklarda, byudjet tashkilotlarda va korxona va tashkilotlarda) olib borilayotgan buxgalteriya hisobi, tahlil va audit jarayonlari o'rganilib, bitiruv malakaviy ishini bajarish uchun kerakli materiallar to'planadi. Talaba ilmiy rahbar bilan birgalikda bitiruv malakaviy ishi yuzasidan topshiriqlarni va ularni bajarish bo'yicha taqvimiy jadvalini ishlab chiqadi va uni o'z imzolari bilan tasdiqlaydilar.
- Adabiyotlarni o'rganish, ma'lumotlarni to'plash, xulosa va takliflarni asoslash: Talaba tanlangan bitiruv malakaviy ishi mavzusiga muvofiq ravishda tegishli adabiyotlarni, rasmiy va me'yoriy hujjatlarni hamda amaliy materiallarni o'rganadi. Adabiyotlarni o'rganish orqali talaba tadqiqotning nazariy asoslarini aniqlab oladi, ya'ni mavzuga dahldor bo'lgan buxgalteriya hisobi, tahlil va auditni tashkil etish, hamda ular yuzasidan asosiy tushunchalarga erishadi.
- Bitiruv malakaviy ishini rasmiylashtirish: Bitiruv malakaviy ishini yozishda ma'lumotlarning aniqligi va xaqqoniyligi, mantiqiy izchilligi, xulosalarning isbotlanganligi va takliflarning asoslanganligi muhim ahamiyatga ega. Matnni bayon etishda mavhumlikka va qaytarilishlarga yo'l qo'ymaslik, umumiy nutqda qo'llanilmaydigan so'zlar, atamalar va iboralarni qo'llamaslik talab etiladi. Ishning muqovasi 3-ilovada ko'rsatilgan shaklda rasmiylashtiriladi. Bitiruv malakaviy ishi 70-80 varaqdan (ilovalarsiz) iborat bo'lib, A4 formatda yoziladi.
- Bitiruv malakaviy ishiga taqriz yozish va himoya qilish: Belgilangan talablar darajasida yozilgan bitiruv malakaviy ishi tegishli shaxslar tomonidan imzolangach, kafedrada dastlabki himoyadan o'tadi va Davlat attestatsiya komissiyasi oldida himoya etish uchun ruxsat beriladi hamda bu kafedra mudirining imzosi bilan tasdiqlanadi. Bitiruv malakaviy ishiga ilmiy raxbar va amaliyot korxonasidan raxbarlik qilgan mas'ul shaxslar taqriz yozadilar.