Turkistonda ijtimoiy-madaniy hayot. muammo va yechimlar

Ushbu dissertatsiya Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va mustamlakachilik davrida ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma'rifiy hayoti, xususan, ta'lim tizimining rivojlanishini o'rganishga bag'ishlangan. Tadqiqotda XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi choragida Turkistonda milliy davlatchilik, Rossiya imperiyasining boshqaruv tizimi, ijtimoiy-siyosiy ahvol, an'anaviy va rus ta'lim tizimlari, jadidlarning ta'siri kabi masalalar atroflicha tahlil qilingan.

Asosiy mavzular

  • Turkistonni Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi: Rossiya hukmron doiralarining Turkiston yerlariga g‘arazli maqsadlarda ko‘z olaytirishlari XVI asrdan boshlanib, Pyotr I davridan boshlangan. Chorizmning Turkistonni bosib olish siyosati XIX asrning o‘rtalaridan boshlab yanada kuchaygan. Bu siyosatning asosiy sabablari sifatida O‘rta Osiyo xonliklarining o‘zaro nizolarda ojizlashuvi, Rossiya imperiyasining harbiy-siyosiy va iqtisodiy ahvoli, yangi bozorlar va foyda manbalariga bo‘lgan ehtiyoji, shuningdek, Angliya-Rossiya munosabatlarining keskinlashuvi ko‘rsatiladi.
  • Turkistonda Rossiya imperiyasining boshqaruv tizimining o‘rnatilishi: Rossiya imperiyasi Turkiston o‘lkasini bosib olgach, o‘ziga xos mustamlakachilik tizimini joriy etgan. Bu siyosat mahalliy halqlarga mutlaqo ishonmaslik, ularni nazarga ilmaslik kabi o‘ta millatchilik ruhidagi siyosat asosiga qurilgan. Turkistonni boshqarish uchun 1865-yil 6 avgustda «Turkiston viloyatini boshqarish to‘g‘risidagi Muvaqqat Nizom» qabul qilingan. Keyinchalik, 1886-yil 12 iyunda «Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risidagi Nizom» tasdiqlangan, ammo bu tizim ham o‘zgarishlarga uchragan. Umuman olganda, Turkiston o‘lkasida Rossiya imperiyasi hukmronlik qilgan yillarda qonun loyihalari doimo to‘ldirilib, o‘zgartirilib turildi.
  • Turkistonda ijtimoiy ahvol: 1917-yilning boshlarida butun Rossiyada bo‘lgani kabi Rossiyaning «sof turdagi mustamlakasi» bo‘lgan Turkistonda ham inqilobiy tanglikning barcha alomatlari har tomonlama pishib yetilgan. Bu inqilobiy tanglik chorizm tuzumining ag‘darilishiga olib kelgan va mamlakatda ikki hokimiyatchilik vujudga kelgan. Fevral inqilobi ta'siri ostida o‘lka musulmonlarining ommaviy harakatlari kuchaygan va ko‘p ming kishilik miting va namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
  • Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi va ijtimoiy ahvol: 1917-yil 27- fevralda Petrogradda demokratik inqilob g‘alaba qozonib, Rossiya imperatori Nkolay II taxtdan ag‘darib tashlangach, mazkur inqilob Turkiston o‘lkasiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazgan. Turkiston jadidlari, ziyolilari va islom ulamolarining tashabbusi bilan siyosiy partiyalar tuzilgan. 1918-yil 19-26- yanvarda bo‘lib o‘tgan o‘lka sovetlarining IV s’yezdida bolshevik-delegatlar Turkistonga «proletar muhtoriyati» berilishi uchun jonbozlik ko‘rsatganlar. Lekin «biz musulmonlarga hech narsa bermoqchi emasmiz», deb ochiqchasiga gapirgan baynalmilalchi-mensheviklar ham bo‘lgan.
  • Sovet hokimiyati madani-ma'rifiy islohotlar: Yosh avlodni o‘qitish, buning uchun shart-sharoitlar yaratish masalasi markaziy masala bo‘lgan. Abdulla Avloniy ta'kidlaganidek, «tarbiya bizlar uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidur». Xalq maorifini rivojlantirishda ma'rifatparvar ziyolilar faol ishtirok etgan. Maktablar soni o‘sgan, lekin hukumat tomonidan qo‘yilgan to‘siqlar tufayli bu jarayon sekinlashgan.
  • Turkistonda an'anaviy ta'lim tizimi: XIX asr oxirlarida O‘rta Osiyo xalqlari ta'lim tizimi o‘zining o‘rta asrlardagi shakli va faoliyat xususiyatini saqlab qolgan maktab, madrasa, qorixona, daloilxona va otin-bibilar uylarida faoliyat yurituvchi qizlar maktablaridan iborat edi. Maktablarda o‘quvchilar avval alifboni va o‘qishni o‘rganganib, so‘ng fors tilida Qur'onning yettidan bir qismi ma'nosini anglatuvchi «Haftiyak»ni o‘qishga kirishishgan. 1880- yillarda Turkistonda 5 mingdan kam bo‘lmagan musulmon maktablari faoliyat yuritib, ularda 46 ming atrofida o‘quvchilar tahsil olgan.
  • Rossiya imperiyasi ta'lim tizimi: Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida Turkiston o‘lkasida musulmon ta'lim muassasalarini isloh etish va yangi turdagi rus ta'lim tizimini yaratish bir necha bosqichda amalga oshirilgan. Birinchi bosqich, 1867–1883- yillarda maktablar tashkil etilgan. Ikkinchi bosqich, 1884- yildan – XX asr boshigacha qisman mahalliy aholi e'tiborini qozona olgan rus-tuzem maktablari tashkil etilgan. O‘lka ma'muriyati tashkil etiluvchi rus maktablari oldida ikkita vazifa qo‘ygan: mahalliy aholi diniy qadriyatlarini kamsitmagan holda ta'limni Rossiya imperiyasi manfaatiga mos ravishda rivojlantirish va mahalliy aholini rus monarxiyasi davlatchiligi asoslariga moslashtirish.
  • Turkistondagi ijtimoiy-madaniy hayotga jadidlarning ta’siri: XIX asrning oxirlaridan boshlab Turkistonda jadidlar faoliyatining kengayishini ko‘ramiz. O‘zbek ma'rifatchiligining rivojida jadidlar alohida o‘rin egallaydi. Ular o‘lkada eski maktablarni isloh qilish, maishiy turmushni yaxshilash va boshqa muhim tashabbuslar bilan chiqa boshlaganlar. Jadidlar yurt istiqlolini va taraqqiyotini zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yetuk mutaxacsislarsiz tasavvur eta olmaganlar.