Halima ahmedova she’riyati poetikasi
Ushbu bitiruv malakaviy ishining maqsad va vazifalari H.Ahmedova she'riyatida faol qo'llangan poetik obrazlarni tadqiq etish, hamda unda qo'llangan badiiy tasvir vositalarining takrorlanmas va o'ziga xosligini ochib berishdan iborat. Tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda, quyidagi vazifalarni yoritish va amalga oshirish nazarda tutiladi: H.Ahmedova she'riyatida poetik fikrning yangi ekanligini o'rganish; shoiraning poetik obraz yaratishda badiiy detallar qo'llash uslubini aniqlash; she'riy namunalardagi poetik obrazlarni tasniflash; mumtoz adabiyotimiz vakillari tomonidan qo'llangan an'anaviy poetik obrazlarning H.Ahmedova tomonidan qo'llangan yangicha talqinini tadqiq qilish; she'rlarda qo'llangan poetik obrazlarning xalq og'zaki ijodi namunalari bilan aloqadorlik darajasini tahlil qilish; she'rlarning kompozitsion qurilishini o'rganish; shoira ijodida qo'llangan lirik janrlarni o'rganish va ularning o'ziga xos xususiyatlarini ko'rsatib berish kabilar. Mavzuning o'rganilganlik darajasi. H.Ahmedova she'riyati poetikasi o'zbek mahalliy matbuotida, shuningdek, ayrim ilmiy-tanqidiy maqolalarda o'rganilgan. Biroq, shoira ijodi alohida tadqiqot sifatida yoki monografik planda o'rganilmagan. Tadqiqotning ob'ekti va predmeti. Tadqiqotimizning asosiy ob'ekti sifatida shoiraning "Erk darichasi”, “Tungi marvaridgullar”, “Umid soyasi”, “Nigoh qiblasi" nomli to`plamlari, turli jurnallarda chop etilgan she'rlari olindi. Shuningdek, o`rni bilan shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos olimlarning maqolalaridan hamda asarlaridan foydalanildi.