Qashqadaryo viloyatida sud tizimidagi islohotlar va ularning natijalari (1991–2022 yy)
Mazkur tadqiqot ishi Oʻzbekistonda sud tizimidagi islohotlarni, xususan, Qashqadaryo viloyati misolida olib borgan islohotlar va ularning natijalarini 1991-2022-yillarda atroflicha tahlil etadi. Tadqiqotda mamlakatimizda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlarining mohiyati, Qashqadaryo viloyat sudlari faoliyatining oʻrganilishi, jinoyat, fuqarolik va xoʻjalik ishlarida sudlar faoliyatining tahlili, shuningdek, sudya kadrlari bilan ta'minlash va sudlarning ma'naviy targ'ibotchilik faoliyati kabi muhim masalalar yoritilgan.
Asosiy mavzular
- Oʻzbekistonda sud-huquq tizimining isloh qilinishi va fuqarolar hamda muassasalarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishda sudlarning oʻrni: Mustaqillik yillarida mamlakatimizda sud tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Inson huquq va manfaatlarining himoyachisi boʻlgan sud organlarining mustaqilligi ta'minlandi. Shuningdek, sud organlari faoliyatining huquqiy asoslarining yaratilishi, sohada tub oʻzgarishlarning amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. 2017-yilda boshlab sud tizimidagi islohotlar yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, Harakatlar strategiyasi, keyinroq uning mantiqiy davomi boʻlgan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida sud-huquq tizimini yanada isloh qilish boʻyicha amaliy ishlarning olib borilishi Oʻzbekistonda soha rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
- Qashqadaryo viloyati sudlari faoliyati va ularning odil sudlovni amalga oshirishdagi roli: Qashqadaryo viloyatida fuqarolar va tashkilotlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishda fuqarolik sudlarining roli katta boʻldi. Viloyat aholisi oʻrtasida fuqarolik nizolarini hal qilishda viloyat va tuman-shahar fuqarolik sudlari koʻplab ishlarini koʻrib chiqdi. Sud organlari faoliyatida ayrim muammoli holatlar ham yuzaga keldi. Fuqarolik sudlari nafaqat jismoniy shaxslar, balki yuridik maqomdagi shaxslarni oʻrtasidagi nizolarni ham hal etib bordi. Jinoyat ishlari boʻyicha shahar va tuman sudlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoiy ishlar ko'rib chiqildi. Sudlar faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlandi. So'nggi yillarda sohada olib borilgan chora-tadbirlar natijasida sodir etilayotgan jinoyatlar soni kamayib bordi.
- Qashqadaryo viloyati sudlarini sudya kadrlari bilan ta'minlash va sudlarning ma'naviy targ'ibotchilik faoliyati: Viloyat sudlarini sudya kadrlari bilan ta'minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etdi. Qashqadaryo viloyatida 7 ta tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda 18 nafar sudyalar faoliyat koʻrsatdi. Bu davrda Qashqadaryo viloyat sudlarida deyarli doimiy ravishda vakansiya o'rinlar mavjud bo'ldi. Sudyalar malaka hay'atning sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, ular bilan o'quv seminar mashg'ulotlari olib borish amaliyoti oʻrganilib, oʻquv seminar mashg'uloti qatnashuvchilari tomonidan tayyorlanib kelingan referatlarga hamda ma'ruzachilarning ma'ruzalariga taqriz (retsenziya)lar berib borildi. Viloyat sudlarida amalga oshirilgan islohotlar bilan birga bir qator kamchiliklarga ham yo'l qo'yildi. Bu avvalo sudlarda ko'rilgan ish sifatining pastligi, hujjatlarning noto'g'ri rasmiylashtirilishi, notoʻgʻri e'lon qilingan hukmlarning bekor qilinishi, koʻrilgan jinoiy ishlarning qonunda belgilangan muddatlarining buzilishi, kadrlarni joyiga qo'yish, ularning kasbiy malakalarini oshirishdagi kamchiliklar, sud jarayonlarida xalq maslahatchilari rolining pastligi, sud qarorlari ijrosining o'z vaqtida ta'minlanmasligi, ba'zi sudyalarning xizmat vazifasiga mas'uliyatsizlik, loqaydlik bilan qarashligi kabi holatlar bilan bogʻliq edi.