Davlat byudjeti fanidan kurs ishlarini bajarish yuzasidan uslubiy qo’llanma
Ushbu uslubiy qo'llanma O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan «Davlat byudjeti» fani bo'yicha kurs ishlarini bajarishga oid bo'lib, unda ushbu fanidan kurs ishlarini bajarish yuzasidan tavsiyalar, ko'rsatmalar va nazariy masalalar bayon etilgan. Qo'llanmada kurs ishi mavzularini tanlash, rejalashtirish, yozish va himoya qilish jarayoni bosqichma-bosqich tushuntirilgan.
Asosiy mavzular
- KIRISH: Bakalavriat ta'lim yo'nalishlari o'quv rejasida ko'zda tutilgan asosiy fanlardan kurs ishlarini bajarish – o'quv jarayonining zaruriy elementi hisoblanadi. Talabalarda ilmiy izlanishlar olib borish ko'nikmalarini tarbiyalash, tanlangan mavzuni mustaqil ravishda chuqur o'rganish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog'lash, ilmiy, nazariy va amaliy xulosalarni shakllantirish va pirovardida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda kurs ishlarini bajarish muhim ahamiyatga ega. Mazkur qo'llanma Oliy ta'limning 5231300 "Pensiya ishi" bakalavriat ta'lim yo'nalishi o'quv rejasida ko'zda tutilgan, ushbu yo'nalishning asosiy fanlari qatoridagi “Davlat byudjeti” fanidan kurs ishlarini bajarish bo'yicha tavsiyalar va tartib-qoidalarni o'z ichiga oladi. Kurs ishini bajarishdan asosiy maqsad talabalarda mustaqil ishlashni joriy etish, ilmiy-izlanish ishlarini mustahkamlashdir.
- UMUMIY QOIDALAR: Kurs ishi ustida ishlash davomida talaba o'quv jarayonida olgan nazariy bilimlari va mustaqil tadqiqot natijalarini yozma ravishda bayon qilish uslubi, keltirilgan fikrlarning aniqligi, materiallarning joylashish ketma-ketligi, tashqi jihozlanishiga qo'yiladigan umumqabul qilingan talablarni hisobga olgan holda bayon qilish tajribasiga ega bo'lishi juda muhimdir. Bo'lajak iqtisodchi-mutaxassis o'z fikrlarini aniq va ravon bayon qila olishi, kiritayotgan takliflarini ilmiy va nazariy jihatdan asoslay bilishi, iqtisodiy terminlarni o'z o'rnida to'g'ri ishlata bilishi, moliya va g'aznachilik organlarining, byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablag' oluvchilarning rejaviy va hisobot materiallaridan maqsadga muvofiq foydalana bilishi, ma'lumotlarni to'play olishi va qayta ishlay olishi, ularni atroflicha tahlil qilish va umumlashtirish ko'nikmalariga ega bo'lishi kerak. Kurs ishi talaba tomonidan mustaqil ravishda bajariladi va ma'lum ma'noda, ilmiy izlanish olib borishning kichik bir shaklidir.
- I. MAVZUNI TANLASH: Talabalarga tavsiya etiladigan kurs ishlari mavzulari “Davlat byudjeti
- II. TANLANGAN MAVZU BO'YICHA O'QUV ADABIYOTLARI BILAN DASTLABKI TANISHISH: Tanlangan mavzu bo'yicha o'quv adabiyotlari bilan dastlabki tanishish bosqichi, avvalo, kurs ishining rejasini tuzish va yoritilajak savollarning qamrovini belgilab olish uchun muhimdir. Kurs ishi rejasi uning yo'nalishi va maqsadlarini aks ettirishi kerak. Shu sababli talaba rejani tuzishdan avval kurs ishining muhim savollarini belgilab olish maqsadida asosiy adabiyotlar, darsliklar, o'quv qo'llanmalar, vaqtli matbuotda chop etilgan maqolalar, amaliyotda qo'llanilayotgan huquqiy-me'yoriy hujjatlar bilan tanishib chiqib, mavzuning ham nazariy, ham amaliy tomonlarini aniqlab oladi.
- III. KURS ISHI REJASINI TUZISH: Kurs ishi rejasini talaba asosiy adabiyotlar bilan tanishib chiqqandan so'ng tuzishi maqsadga muvofiq. Reja mavzuning asosiy savollarini aks ettirib, qisqa bo'lishi (oddiy reja) yoki har bir savolni aniqlashtirgan, kichik savollarga ajratgan holda, kengaytirilgan (murakkab reja) bo'lishi mumkin. Reja ilmiy rahbar bilan kelishgan holda tuzilishi kerak. Rejaning savollari ma'lum bir tartibda, mantiqiy ketma-ketlikda qo'yilishi lozim. Rejada talabaning ijodiy yondoshuvini, ilmiy tahlillari va tashabbusini talab qiladigan savollarning qo'yilishi juda muhim bo'lib, bu kurs ishining qiymatini yanada oshiradi.
- IV. O'QUV ADABIYOTLARINI O'RGANISH VA AMALIY MA'LUMOTLARNI TO'PLASH: Kurs ishi mavzusi bo'yicha reja tuzilgach va ilmiy rahbar bilan tuzilgan reja xususida kelishib olingach, to'plangan o'quv adabiyotlarini yaqindan o'rganish va asosiy nazariy xulosalarni konspektlashtirishga kirishish mumkin. Bu bosqichda talaba o'quv adabiyotlaridan tegishli mavzularni chuqur va har tomonlama o'rganishi va shu tariqa to'plagan bilimlarini kurs ishining rejasiga asoslangan holda guruhlab olishi lozim. Talaba o'quv adabiyotining u yoki bu bo'limini o'rganib chiqib, to'plangan ma'lumotlarni kurs ishining qaysi paragrafida aks ettirishni o'ylab ko'rishi kerak.
- V. KURS ISHINI YOZISH VA RASMIYLASHTIRISH: Kurs ishi tarkibiy jihatdan, odatda, kirish qismi, 3-5 ta savol, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati va ilovalardan iborat bo'ladi. Kirish qismida mavzuning dolzarbligi, maqsadi va vazifalari, kurs ishini yozishga asos bo'lgan amaliy ma'lumotlarning axborot manbalari, izlanishning ob'ekti, predmeti va amaliy ahamiyati aks ettiriladi.
- VI. KURS ISHINI HIMOYA QILISH: Kurs ishini himoya qilish jarayoni talaba uchun eng muhim bosqich hisoblanadi. Unda talabaning kurs ishi mavzusi bo'yicha to'plagan bilimlari sinaladi. Talaba o'z ishini yaxshi bilishi, to'plagan ma'lumotlarining manbalarini aniq ko'rsata olishi, hisob-kitoblar asosida tahlil uslubiyoti va usullarini tushuntirib berishi, nazariy va amaliy savollarga javob bera olishi lozim.