Hayot faoliyati xavfsizligi va mehnat muhofazasi
Ushbu kitob «Hayot faoliyati xavfsizligi va mehnat muhofazasi» fanidan olingan nazariy bilimlarni mustahkamlash, fanga doir tajriba ishlarini bajarish, amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish maqsadida bakalavriaturaning barcha yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar uchun uslubiy ko‘rsatma sifatida yaratildi. Ushbu uslubiy ko‘rsatma fan tarixi, rivoji va istiqboli hamda Respublikamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari, ishlab chiqarish, xududiy xavfsizlik muammolarining inson hayoti xavfsizligiga ta’siri masalalarini nazariy jihatdan bilgan holda ularni amaliy ahamiyatini anglab etish uchun belgilangan tushunchalarni mustahkamlash asosini qamraydi. Zero hozirgi vaziyatda zararli omillarsiz, xavfsiz hayotni ta’minlash masalalari eng dolzarb muammolardan hisoblanadi. Chunki texnosferalarda ishlab chiqarish jarayoni buzilishi, ishlovchilar uchun sanitariya va gigiena me’yor va qoidalarini yaratilmasligi, muhit rivojlanishdagi noxush vaziyatlarning murakkablashuvi, insoniyat tomonidan qo‘llanilayotgan turli zaharli va zararli moddalar hamda vositalar ko‘plab xavflarni yuzaga keltirib, insonlarning hayotiy faoliyatiga, sog‘ligiga, atrof-muhit tozaligiga va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga tahdid solmoqda. SHu sababli ham mamlakatimizning eng muhim va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalari qatorida aholi hayotining xavfsizligini ta’minlash masalalari dolzarb o‘rin olgan. Aynan shu muammolarning echimini “Hayot faoliyati xavfsizligi va mehnat muhofazasi” fani o‘rganishida tajriba mashg‘ulotning o‘rni alohida bo‘lib hisoblanadi. Tajriba mashg‘ulot bo‘yicha berilgan ishlarining tavsiya etiladigan mavzulari: Ishlab chiqarish xonalari va ish o‘rinlaridagi mikroiqlim ko‘rsatkichlarini aniqlash. Havo tozaligini va mehnat sharoitini shakllantiruvchi boshqa omillarni aniqlash. Elektr qurilmalarini ishlatishda xavfsizlikni ta’minlash usullarini hisoblash va ularning samarali ishlashini tajribada aniqlash kabilar bo‘lib bularni ishlash usullari va tajriba mashg‘ulotlarini o‘tkazish tartibi aniq belgilab berilgan.