Soyaning yangi mahalliy navlaridan yuqori va ertaki hosil olish agrotexnologiyasi elementlarini ishlab chiqish
Ushbu dissertatsiya avtoreferati «Soya navlarining yuqori va ertaki hosil olish agrotexnologiyasi elementlarini ishlab chiqish» mavzusida bo'lib, unda mahalliy soya navlarini asosiy ekin sifatida yetishtirishda, dukkaklarni tez yetilishini ta'minlashda defoliatsiya agrotadbiridan foydalanish orqali yuqori, ertaki va sifatli soya doni yetishtirish va defoliatsiya samaradorligiga o'simlikning ko'chat qalinligi va qoʻllanilgan preparatlarning ta'sirini ilmiy tomondan asoslash hamda ularning maqbul me'yorlarini aniqlab ishlab chiqarishga tavsiyalar berish masalalari ko'rib chiqilgan. Tadqiqot natijalariga ko'ra, soyaning «Ustoz MM-60» va «Baraka» navlarini optimal koʻchat qalinligida parvarishlab, dukkaklari 50-60% pishganda qoʻllanilgan defoliant ta'sirida barglarining erta toʻkilishi hisobiga oʻsimlik tanasidagi mavjud oziqa elementlaridan samarali foydalanish natijasida dukkaklarning nazoratdagi oʻsimliklarga nisbatan oʻrtacha 4-11 kungacha erta yetilishi isbotlangan. Shuningdek, defoliatsiya tadbirini oʻtkazish hisobiga soyaning “Ustoz MM-60” navida shartli sof foyda oʻrtacha 2086-7055 ming so'mgacha, rentabellik darajasi oʻrtacha 13,9-47,3% gacha, «Baraka» navida esa shartli sof foyda 2746-4606 ming so'mgacha, rentabellik darajasi oʻrtacha 18,2-30,4% gacha oshganligi aniqlangan.