Alisher Navoiyning “Farhod va shirin” dostonidagi
Ushbu magistrlik dissertatsiyasida musulmon Sharqi adabiyoti tarixidagi eng go'zal adabiy an'analardan biri bo'lgan Xusrav va Farhod munozarasining genezisi, shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, kompozitsion va g'oyaviy takomili masalalari va bu jarayonda ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy asarining favqulodda iste'dod namunasi ekanligi, bu iste'dod va yuksak tafakkurning namoyon bo'lish vositalari haqida mulohazalar yuritiladi. Eron sosoniylarining mashhur vakili Xusrav II Parvez Sharq xalqlari tarixi va badiiy ijodida o'ziga xos o'ringa ega bo'lgan shaxslardan biridir. Xusrav shxsiyati va timsoli tilga olinadigan manbalarni to'rt guruhga ajratish mumkin: Tarixiy va solnoma asarlar, Ishqiy-romantik dostonlar, Turli janrlardagi lirik asarlar, Axloqiy-falsafiy asarlardagi tamsil-hikoyatlar. Xusravning ilk badiiy timsolini yaratgan shoir Abulqosim Firdavsiy bo'lsa, Farhod timsolining adabiyotga kirib kelishi va Xusrav bilan Shirin o'rtasidagi sujet voqealarida mustahkam o'rin tutishi, shu jumladan Xusrav bilan Farhod munozarasining ilk namunasi Nizomiy Ganjaviy ijodi bilan bog'liqdir. Alisher Navoiyga qadar Xusrav va Farhod ziddiyati murakkab bosqichlarni bosib o'tdi. Jumladan, Xusrav Dehlaviy dostonida Xusravni ijobiy qahramon sifatida gavdalantirish an'anasi davom etgan bo'lsa, Orif Ardabiliyning "Farhodnoma" dostonida bu timsol salbiy xususiyatlar kasb eta boshladi. Shu bilan birga Farhod timsolining mazkur sujetdagi mavqei ham tobora ortib bordi.